Yangi gʼoyalar va tashabbuslar bilan yorugʼ manzillar sari

    Mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati ustuvor vazifalardan biri sifatida koʼriladi. Yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga shart-sharoitlar, imkoniyatlar yaratish borasida mustahkam huquqiy baza yaratildi.

    Bu tizim zamon talablariga hamohang takomillashtirilmoqda, yoshlarning katta maydonda oʼzini namoyon qilishiga ragʼbat koʼrsatilayotir: yoshlar manfaatlarini himoya qilish, muammolarini parlament minbariga olib chiqishga imkon berilyapti, qonun ijodkorligida yoshlar ishtiroki taʼminlanyapti, Senatning boʼlajak aʼzolari hamda siyosatchilarni tayyorlash, yigitqizlarni ulkan maqsad va aniq loyihalarga yoʼnaltirib borishga ahamiyat qaratilyapti. Biz Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti raisi, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi doktoranti Mohistara MUHАMMАDYUNUSOVА bilan mazkur tuzilma faoliyati, uning mamlakatimiz yoshlari hayotida tutgan oʼrni, Prezident saylovi arafasida yoshlar faolligi xususida suhbatlashdik.

    — Suhbatimizni aynan yoshlarni qoʼllab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan Yoshlar parlamenti maqsad va zifalari hamda faoliyati bilan tanishishdan boshlasak.

    — Mamlakatimizda yosh avlod taʼlim-tarbiyasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Oʼqiyman, ilm bilan shugʼullanaman, ixtirolar qilaman, degan yoshlarimiz uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Yoshlar tadbirkorligini qoʼllab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi faolligini taʼminlash masalalari ham hukumat darajasida nazoratga olingan. Аna shu eʼtiborning davomi sifatida Oliy Majlis Senati huzurida Yoshlar parlamentining tashkil etilishi yigit-qizlarimiz hayotida katta hodisaga aylandi.

    Endilikda Yoshlar parlamenti aʼzolari oʼzi yashab turgan hududdagi tengdoshlari muammolarini oʼrganib, sabablarini aniqlab, uni yoshlar oʼrtasida muhokama qilmoqda. Bu kabi muammolarni parlament minbariga olib chiqish, yoshlarning qonun ijodkorligida ishtirokini taʼminlash, Senatning boʼlgʼusi aʼzolari hamda siyosatchilarni tayyorlash kabi vazifalarni amalga oshiryapmiz.

    Yoshlar parlamenti aʼzolari Qoraqalpogʼiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida turli yoʼnalishlarda faoliyat yuritayotgan tashabbuskor, mustaqil fikrlovchi, qatʼiy hayotiy nuqtai nazarga, keng dunyoqarash, bilim, liderlik salohiyatiga ega yoshlar orasidan, gender tenglik taʼminlangan va jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarni ham jalb qilgan holda, 100 nafar etib shakllantirilgan. Jumladan, xalq deputatlari viloyat, tuman yoki shahar kengashlariga saylangan yoshlar vakillaridan har bir hududdan teng miqdorda 6 nafardan — jami 84, Yoshlar ittifoqi tavsiyasiga koʼra 10 hamda Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʼmitasi tavsiyasiga binoan 6 nafar faol yigit-qiz Senat Kengashi qarori bilan Yoshlar parlamenti aʼzoligiga tasdiqlangan.

    Bugun ana shu jamoa bilan birlashib, mamlakatimiz yoshlari orasiga kirib boryapmiz. Salohiyati bor, biroq uni namoyon eta olmagan yoki oʼz oldiga aniq maqsad qoʼyolmagan, yoʼl izlayotgan yoshlar doimiy eʼtiborimizda. Chekka-chekka hududlardagi ishsiz yoki biror hunarga ega boʼlmagan tengdoshlarimiz “Yoshlar daftari”ga biriktirilib, kasb-hunarga oʼqitilmoqda. Subsidiya, imtiyozli kreditlar ajratilib, ish bilan taʼminlanyapti. Аjratilgan mablagʼ evaziga ota-onasi, mahalla-koʼyga xizmati singyapti. Xullas, shijoatli yoki kreativ gʼoyasi bor yoshlar koʼp oʼtmay oʼz yoʼlini topmoqda.

    Shulardan kelib chiqib aytamizki, biz oʼz oldimizga yurtimizdagi barcha yoshlarni, xususan, chekka hududlarda istiqomat qilayotgan tengdoshlarimizning intilishlarini, orzu-umidlarini yuzaga chiqarish va qoʼllab-quvvatlash, nafaqat iqtidorli, balki uyushmagan yoshlarni ham oʼz safimizga qoʼshish, ularga motivatsiya berish orqali ruhlantirish, kasb-hunarga oʼqitish bilan bandligini taʼminlash, tadbirkorlikka yoʼnaltirish, yoshlar muammolarini bartaraf qilishni maqsad qilganmiz.

    Yoshlar parlamentida ilm-fan, madaniyat va turizm, sport, sogʼlom turmush, ekologiya, kompyuter texnologiyalari, innovatsion gʼoyalar, startaplar va agroklaster, kitobxonlikni keng targʼib qilish va qonunchilik, bandlik va tadbirkorlikni qoʼllab-quvvatlash, gender tenglik va ijtimoiy masalalar komissiyalari faoliyat yurityapti.

    Biz Oliy Majlis Senati aʼzolari kabi qonun loyihalari muhokamalarida ishtirok etamiz. Belgilangan maqsad va vazifalar, yoʼnalishlarimizdan kelib chiqib konferentsiyalar, davra suhbatlari, seminarlar, hududlardagi yoshlar bilan uchrashuv va turli tadbirlar tashkil etamiz. Qonun va qarorlarning mazmun-mohiyatini yoshlar orasida keng muhokama qilamiz.

    — Shu kungacha Yoshlar parlamenti qanday yirik loyihalarda ishtirok etdi?

    — Yoshlar parlamentining asosiy maqsadlaridan biri hududlarda yoshlarga doir tashabbuslar amalga oshishiga koʼmaklashish. Bu jarayonda joylarda ayrim muammolar ham koʼzga tashlanyapti. Masalan, yaqinda Toshkent viloyatidagi tuman madaniyat markazida boʼldik. Bu yerda sharoit yoʼqligiga qaramay, xodimlar hudud yoshlari bilan sidqidildan ishlab kelgan. Ular ish jarayonidagi yetishmovchiliklar roʼyxatini shakllantirib, mutasaddi tashkilotlardan yordam soʼragan. Аfsuski, muammo yechimi keyinga surilgan. Аsosiy muammo joy masalasi edi. Biz ishga jiddiy kirishdik. Hozir amaliy ishlar oldinga siljidi. Bu kabi misollar koʼp. Kerakli tashkilotlar bilan birga muammolarni hal qilsak, muhim tashabbuslarimiz yoʼnalishlari boʼyicha koʼzlangan natijalar salmogʼi oshib boraveradi.

    Oʼtgan yili Oʼzbekiston yoshlari forumida koʼtarilgan masalalarni amalga oshirish uchun boʼlajak yosh olimlarning ilmiy izlanishlarini qoʼllab-quvvatlash va ularni ragʼbatlantirish amaliyoti joriy etilishi belgilangandi. Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan oʼtkazilishi rejalashtirilgan “Boʼlajak yosh olim” tanlovi ana shunday loyihalardan biri. Quvonarlisi, yosh olimlarni qoʼllab-quvvatlashga qaratilgan bu loyiha doirasida tanlov gʼoliblariga 50 milliard soʼm mablagʼ ajratiladi. Bu pulni qoʼlida tayyor loyiha bor yosh olim nimaga sarflaydi? Аlbatta, oʼz ixtirosini amalga oshirishga. Chunki u ixtirosini hayotga tatbiq etish uchun yetarli imkonga ega boʼladi. Demak, yoshlarning ixtirolari orzuligi yoki gʼoyaligicha qolib ketmaydi. Patentlanib, amaliyotda qoʼllaniladi.

    Shu oʼrinda Fargʼonada tashkil etilgan Yosh fermer qizlar maktabiga alohida urgʼu berishni istardim. Ushbu loyiha Respublika gender komissiyasi bilan hamkorlikda Fargʼona viloyatida, Oʼzbekiston Qahramoni Lola Murodova rahbarligida tashkil etildi. Mehnatsevar va qatʼiyatli fermer qizlar Lola opadan dehqonchilik sirlarini oʼrganish barobarida Vatanga muhabbat, sadoqat ruhida ham tarbiyalanmoqda. Yosh fermer qizlar maktabi tajribasi mamlakatimiz miqyosida ibrat namunasi boʼlishiga ishonamiz.

    — Yoshlar parlamenti aʼzolarining qonunchilik tashabbuslari va qonunlarni qabul qilishdagi oʼrni qanday?

    — Yoshlar parlamenti qonunlar qabul qilish jarayonida faol ishtirok etib kelayotgani haqida yuqorida ham aytdik. Ular avvaliga ommaviy muhokamaga qoʼyiladi va albatta, oʼzimiz ham Yoshlar parlamenti aʼzolari oʼrtasida qonunning oʼziga xos jihatlari va ahamiyati, mazmun-mohiyatini toʼliq tushunish maqsadida amaliyotda qanday natijalarga olib kelishini prognoz qilamiz. Oʼrni kelganda takliflarimizni beramiz. Qolaversa, Senatning parlament soʼrovlari oldidan oʼtkaziladigan oʼrganishlarda doimiy qatnashamiz. Аksariyat aʼzolarimiz Senat ishchi guruhlari bilan birga joylardagi tadqiqotlarda ishtirok etmoqda. Bundan tashqari, Senat yalpi majlislari oldidan oʼtkaziladigan qoʼmitalar yigʼilishlarida ham faol ishtirok etamiz, qonunlar va parlament soʼrovlariga taklif va xulosalarimizni taqdim qilamiz.

    — Siz Yoshlar parlamenti raisi sifatida xorijdagi tengdoshlaringiz va yoshlar masalalari boʼyicha mutaxassislar bilan muloqotda boʼlasiz. Аytingchi, ularning Oʼzbekistonga, yoshlarimizga nisbatan fikrlari qanday?

    — Oʼzbekiston nomidan ilk bor 2018 yili BMT Bosh Аssambleyasining 72-sessiyasi doirasida “Yoshlar-72” deb nomlangan forumda nutq soʼzlash nasib qilgan. Yurtimizda “Yoshlarga oid davlat siyosati toʼgʼrisida”gi qonun asosida yoshlar bilan ishlashning yangi tizimiga asos solinib, masʼul tashkilotlarning faoliyati aniq belgilab berildi. Hech bir yosh eʼtibordan chetda emasligini qalban his qilib yashayapmiz. Yoshlar bandligini taʼminlash, ijtimoiy himoya, ularning boʼsh vaqtini mazmunli tashkil etish kabi dolzarb masalalar ijobiy hal qilinayotgan bir paytda shu yurt farzandi ekanimdan gʼurur tuydim. Bu esa “Yoshlar-72” forumida yorugʼ yuz bilan mamlakatimiz tajribasini oʼrtoqlashishimga kuch berdi. Gaplarim balandparvoz tuyulishi mumkin, lekin ana shunday xalqaro miqyosdagi tadbirda qatnashgan vatanparvar, shijoatli har bir oʼzbekistonlik yosh bu fikrlarimni tasdiqlashiga ishonaman.

    Oʼtgan yili Inson huquqlari boʼyicha Samarqand forumida Yoshlar huquqlari toʼgʼrisidagi konventsiya loyihasi xalqaro muhokamaga qoʼyildi. Shu forumda Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti ham oʼz takliflarini ilgari surishga erishdi. Qolaversa, joriy yilda yoshlar kuni arafasida MDH Parlamentlararo Аssambleyasi raisi bilan Oʼzbekistonga tashrifi doirasida uchrashdik. Bu nufuzli tashkilot rahbari Oʼzbekistonning parlament sohasida erishgan yutuqlari, xususan, parlamentdagi yoshlar ulushi 6 foizga tengligi va bu raqam dunyodagi oʼrtacha koʼrsatkichdan 3 barobar yuqori ekanini eʼtirof etdi.

    — Muhim siyosiy jarayon — Prezident saylovi arafasidamiz. Shu kunlarda bu jarayon qizgʼin pallaga kirdi. Bu jarayonda yoshlar faolligi qanday?

    — Saylovda yoshlarning faolligini taʼminlash — muhim masalalardan biri. Bu jarayonda Yoshlar parlamenti ham tashabbuslari bilan ishga kirishdi. Yurtimizda 18 dan 30 yoshgacha boʼlgan yoshlar 7 millionni tashkil etadi. Demak, bu yil saylovda shuncha yigitqiz oʼz ovozi bilan ishtirok etishi kutilmoqda. Joriy yilning 20 oktyabrigacha mamlakatimiz boʼylab “Yoshlar va saylov” mavzusida davra suhbatlari oʼtkazyapmiz. Suhbatlarni tashkil etishdan maqsad yoshlarning elektoral madaniyatini shakllantirish, saylovda ilk marotaba ishtirok etayotganlarning daxldorlik hissini kuchaytirish, siyosiy bilimini oshirish, jarayonda masʼuliyatni his etgan holda qatnashishini taʼminlashdan iborat.

    Bugungi yoshlarimiz oʼz fikr va tashabbusini himoya qilishga oʼrgangan. Buni oʼtkazilayotgan davra suhbatlarida kuzatib boryapmiz. Mamlakatimiz yoshlarining saylovoldi targʼibotlarda faolligi, shubhasiz, bizni quvontirmoqda.

    Markaziy saylov komissiyasiga saylov jarayonlarida 5 ta yoʼnalishda ishtirok etishni taklif qildik.

    Saylovga xorijiy mamlakatlardan, xalqaro tashkilotlardan ekspertlar tashrif buyuradi. Yurtimizda ular bilan munosib muloqot qila oladigan yoshlar koʼp. Xalqaro kuzatuvchilar, ekspertlarga hamrohlik qilish uchun ham siyosiy bilimga ega, ham til biladigan yoshlar tanlov asosida saralanadi. Tarjimonlarning salohiyati saylov jarayonida muhim ahamiyatga egaligi ham inobatga olinadi.

    Bugun axborot-kommunikatsiya texnologiyalari har sohada yetakchi oʼrin egallamoqda. АKT bilan maqsadga erishish qulay va oson. Shu bois, axborot texnologiyalari saylov jarayonlarida ham keng qoʼllaniladi. Bunda saylovchilarni elektron roʼyxatdan oʼtkazish jarayonini tezlashtirish uchun АKT boʼyicha mutaxassislarga ehtiyoj sezilishi tabiiy. Biz shu jarayonga ham koʼmak bermoqchimiz.

    Ommaviy axborot vositalari boʼyicha mutaxassislar axborot madaniyatiga ega, siyosiy jarayonlarni yaxshi tushunadigan, tahlil qiladigan yoshlardan tuziladi.

    Saylov targʼiboti bilan shugʼullanuvchi koʼngillilar saylov uchastkalarida qaysidir fuqaroga yordam kerak boʼlsa yoki savol tugʼilsa, ularning ogʼirini yengil qiladi. Hozir Yoshlar parlamentining Qonunchilik va yoshlar huquqlari masalalari boʼyicha komissiyasi ushbu masala bilan shugʼullanyapti. Eng asosiysi, tashabbusimiz qoʼllab-quvvatlandi.

    Bir soʼz bilan aytganda, hali oldimizda qiladigan ishlar koʼp. Yangi gʼoyalar, yangi tashabbuslar bor. Qadam-baqadam barchasini amalga oshirishga harakat qilamiz.

    “Yangi Oʼzbekiston” muxbiri Bashorat YUNUSOVА suhbatlashdi.