Yangi O'zbekiston mahallasi uylari shaharning zamonaviy uylaridan aslo kam emas

    Voqea-hodisalar 14 Oktabr 2020 4668

    Sirdaryo viloyatining Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida “Sardoba” toshqinidan zarar ko'rgan aholining hayotini yaxshilash borasida ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.

    Mazkur hududlarda yangi uy-joylar, ijtimoiy soha ob'ektlari, ishlab chiqarish quvvatlari barpo etilib, yangi ish o'rinlari yaratilmoqda.
    Kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Sirdaryo viloyatiga tashrifi doirasida Mirzaobod tumanining “Haqiqat” mahalla fuqarolar yig'inida qurilgan ko'p qavatli uylarni ham borib ko'rdi.
    Haqiqat mahallasida 800 xonadondan iborat 40 ta 5 qavatli uy qurildi. Buning uchun mahalla hududidan qariyb 12 gektar er maydoni ajratilib, ko'p qavatli uylar “White city construction” mas'uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan qisqa fursatlarda barpo etildi. Bu erda olib borilgan ulkan bunyodkorlik ishlari natijasida mahalla “Yangi O'zbekiston” deb qayta nomlandi.
    – Davlatimiz rahbarining topshirig'iga muvofiq, vazirligimiz tomonidan tegishli tashkilotlar bilan birgalikda eng zamonaviy uylar loyihasi tayyorlandi, – deydi qurilish vazirining birinchi o'rinbosari Sherzod Hidoyatov. – Bu borada eng sifatli va zamonaviy uy-joy quruvchi tashkilotlar bilan ham hamkorlik qilindi. Quruvchi tashkilotlar tomonidan Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlarida ko'p qavatli turar joylar qurish uchun bir yarim oy mobaynida erni tayyorlash ishlari olib borildi. Yangi texnologiyalar asosida er maydoni qattiqlashtirilib, 5 qavatli uylar qurildi. Binolarning tashqi qismi bazalt qoplamasi bilan qoplagan. Bu, uyning qishda issiq, yozda salqin bo'lishini ta'minlaydi. Uylarni qisqa vaqtda qurish uchun Turkiyaning tunel qolip tizimida ish olib borildi. Binolarning erto'lasida har bir oila uchun 15 kvadrat metrdan alohida xona tashkil etilgan bo'lib, undan xonadon egalari omborxona sifatida foydalanishi mumkin. Hududda kuzatuv kameralari o'rnatilgan. Yurtboshimiz mazkur uy-joylarni ko'zdan kechirib, bu kabi uylarni boshqa viloyatlar qishloqlarida ham qurish va narxini arzonlashtirish zarurligini aytdilar. Buning natijasida ekin maydonlari egallanmaydi, qishloq aholisi ham yangi va zamonaviy ko'p qavatli uylarda istiqomat qiladi.
    Binolarda elektr energiya, tabiiy gaz, ichimlik va oqova suv ta'minoti mavjud. Hududda mahalla guzari, “Yangi avlod” maktabgacha ta'lim tashkiloti, 6 ta bolalar maydonchasi, yo'l qoidasi o'quv maydonchasi, nonvoyxona, sartaroshxona va kutubxona bor.
    – Kutubxonamizda o'zbek va jahon adabiyotining nodir asarlaridan iborat 1 ming 597 ta kitob bor, – deydi “Yangi O'zbekiston” MFY kutubxonachisi Hilola Bahodirova. – Ya'ni, mahallamizdagi har ikki kishiga bitta kitob to'g'ri keladi. Badiiy kitoblar voqealari asosida teatrlashtirilgan sahna asarlari tayyorlab, kitobxonlar sonini oshirmoqchimiz. Kitobxonlar mutolaasi uchun bu erda barcha sharoit bor. Kutubxonamiz haftasiga olti kun ishlaydi. Bundan tashqari, aholiga elektron kitoblar bilan ham xizmat ko'rsatamiz. SHuningdek, kitoblarni kitobxon uyiga ham beramiz.
    Rahmatilla Xojimurodov ham talafotdan jabr ko'rganlardan. Bugungi kunda R.Xojimurodov “Yangi O'zbekiston” MFY raisining o'rinbosari sifatida faoliyat yuritmoqda.
    – Toshqindan oldin katta yo'l bo'yida 350 million so'm mablag' evaziga turistlar uchun xammom qurgan edik, – deydi R.Xojimurodov. – endi ishga tushiramiz deganda bu falokat bo'lib qoldi. Uyimizni suv olganidan so'ng sakkiz jon o'sha erda yashadik. SHu hududda qolgan aholi va hududni obodonlashtirayotgan hasharchilarga ovqat pishirib berdik. Bu orada uyimiz ta'mirlab berildi. 40 million so'mlik moddiy yordam, maishiy texnikalar berildi. Prezidentimiz o'sha paytlar aholi bilan uchrashib, hek kim e'tibordan chetda qolmasligini, tez fursatlarda 5 qavatli zamonaviy va shinam uylar qurilishini va aholi u erda bepul joylashtirilishini aytgan edilar. Mana, o'sha aytilgan uylar qurib bitkazildi. Tez orada o'z egalariga topshiriladi. Bu hudud bir vaqtlar yantoqzor, tashlandiq er edi. Aynan shu joyda zamonaviy shaharcha quriladi, deb hech kim o'ylamagan edi. YAngi uylarga, birinchi navbatda talafotdan jabr ko'rgan nogironlar, keksalar joylashtiriladi.
    Hudud aholisining kayfiyati yaxshi, ular 1 may toshqinlari, undan keyingi uyqusiz tunlarni unutib yuborishni istaydi. Ayni paytda ko'zida quvonch, qalbida shijoat, kelajakka ishonch bilan yashamoqda.
    Xurshid Qodirov