Yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaylik!

    Keyingi avlod 30 Iyul 2021 59609

    Bugun bizga nafaqat keksa avlod balki oʻrta avlod vakillari ham havas qilishadi. “Sizlar dorilamonlikning bolalarisiz. Bunga shukronalik keltiring. Va sizga shunday imkoniyatlar eshigini ochib bergan davlatimiz, xususan Prezidentimizga sidqidil xizmat qiling. Ularni asrab-avaylang”, deya uqtirishadi.

    Mustaqilligimizning 30 yilligi arafasida bosib oʻtgan yoʻlimizga bir nazar tashlamoqlik joizki, zero qiyos dilga shukronalik soladi, bugunning qadriga yetib, ertaning omonligi uchun qaygʻurishga oʻrgatadi.

    Mustaqillikdan oldin yurtimiz aholisining asosiy oziq-ovqat tovarlari, avvalo don, kartoshka, goʻsht, sut va qandolat mahsulotlariga boʻlgan ehtiyoji import hisobidan qoplangan. Hozirgi vaqtda esa bunday tovarlarning qariyb hammasi mamlakatimizning oʻzida ishlab chiqarilyapti. Yoki endilikda fermer xoʻjaliklari qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining 90 – 92 foizini yetkazib berish bilan birga, qishloq taraqqiyotida hal qiluvchi ijtimoiy-siyosiy harakatga va yetakchi kuchga aylanib borayotir.

    Yurtimiz ilgarigi qoloq, iqtisodiyoti biryoqlama rivojlangan, paxta yakkahokimligi avj olgan agrar oʻlkadan bugungi kunda izchil taraqqiy etib borayotgan zamonaviy industrial mamlakatga aylandi. Bugungi kunda iqtisodiyotimizda yetakchi oʻrinni egallab kelayotgan neft va gaz kimyosi, neft-gaz mashinasozligi, avtomobilsozlik, zamonaviy qurilish materiallari sanoati, temir yoʻl mashinasozligi, maishiy elektronika, farmatsevtika, yuqori texnologiyalarga asoslangan oziq-ovqat va toʻqimachilik sanoati kabi soha va tarmoqlar jadal rivojlanmoqda.

    Bugun mamlakatimizda “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” gʻoyasi asosida Yangi Oʻzbekistonni bunyod etish borasida barcha sohalarda keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Biz esa mutlaqo Yangi Oʻzbekiston barpo etilayotgan, mamlakatimiz hayotining barcha sohalari yangilanayotgan, xalqimizni yuksalish sari yetaklayotgan “Harakatlar strategiyasi” samarali amalga oshirilayotgan zamon farzandlarimiz. Darvoqe, “yuksalish”. Bu gʻoya qariyb oʻttiz yildan buyon mustaqil taraqqiyot yoʻlidan borayotgan Oʻzbekiston jamiyatining bugungi kuni, yangi taraqqiyot bosqichining maqsad-muddaolarini yaqqol va yaxlit ifodalaydi. Xorijiy ekspertlar fikriga koʻra, “yuksalish” tushunchasiga “milliy” iborasi qoʻshib ishlatilganida muayyan xalq yoki biror davlatning oʻziga xos xususiyatlari asosida rivojlanayotgani anglashiladi. “Milliy tiklanishdan ­– milliy yuksalish sari” gʻoyasi esa butun mamlakatimiz aholisi, umuman, barcha-barchamizning umumiy maqsad va manfaatlarimizni ifodalaydigan umumxalq harakatdir. Binobanir, yangi Oʻzbekistonning milliy gʻoyasi insonparvarlik, ezgulik, bunyodkorlik gʻoyasi sifatida milliy davlatchiligimizning huquqiy, siyosiy, iqtisodiy va maʼnaviy asoslarini yaratishda bunyodkor manba boʻlib xizmat qiladi.

    Mamlakatimiz keyingi yillarda chuqur oʻylangan, oʻzaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritish, xorijiy davlatlar bilan doʻstona hamda oʻzaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish borasida muhim natijalarga erishmoqda. Bu jarayonda, ayniqsa, Yevropaning bir qator davlatlari bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik sezilarli darajada mustahkamlandi. BMT, YEXHT, SHHT, IHT va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan sheriklik munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarildi.

    Oʻzbekistonda keyingi yillarda inson huquqlari himoyasi, soʻz erkinligini taʼminlash yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlar Yevropa mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan yuqori baholanmoqda.

    Mamlakatimizda xalqaro turizmni rivojlantirish tobora jadal rivojlanmoqda. Oʻzbekistonning bu sohadagi tashabbuslarini Jahon sayyohlik tashkiloti ijobiy darajada qoʻllab-quvvatlamoqda.

    Oʻzbekistonning dunyodagi nufuzli xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT, Jahon Sogʻliqni Saqlash Tashkiloti, YUNISEF bilan hamkorlikda olib borayotgan global pandemiyaga qarshi kurashdagi saʼy-harakatlari jahon hamjamiyati tomonidan keng eʼtirof etildi va etilmoqda. Bu kabi misollarni keltirishimizdan muddao shuki, yurtimiz jahon hamjamiyatida naqadar nufuzli oʻringa ega ekanligini taʼkidlashdir.

    “Harakatlar strategiyasi”ning beshinchi yoʻnalishi “Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash, chuqur oʻylangan, oʻzaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritish” deb nomlangan. Oʻzbekistonda mustaqillikning ilk yillaridanoq respublika hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning anʼanaviy, madaniy merosini qayta tiklash va rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalasi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Bugungi kunda Oʻzbekistonda turli millat va elat vakillari bir oila farzandlaridek ahil-inoq yashab, samarali mehnat qilib kelmoqdalar. Turli millatlar oʻrtasida oʻzaro mehr-oqibatni yana-da mustahkamlashga davlat tomonidan alohida eʼtibor qaratilmoqda.

    Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23- fevraldagi 140-son qaroriga binoan “Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash konsepsiyasi” ishlab chiqildi. Ushbu konsepsiyaning II bobida belgilab berilganidek, bugunning yoshlarida jamiyatning turli tarmoqlari, ayniqsa, harbiy soha bilan aloqador boʻlgan davlat xizmati turlarida faollik koʻrsatish, tinch va harbiy sharoitda Konstitutsiya va harbiy burchga sadoqatli boʻlish, ularda oʻz yurti va xalqi taqdiri uchun yuksak masʼuliyat va javobgarlik kabi muhim xususiyatlar mujassam deya ishonch bilan ayta olamiz. Zero, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-dekabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktabda yoshlar bilan uchrashuvda: «Yangi Oʻzbekistonni, albatta, yoshlar bilan birga quramiz» – degan taʼkidlari bejiz emas. Albatta, bu ishonch barcha yoshlarni ruhlantirdi, shu bilan birga ularda katta masʼuliyat hissini ham uygʻotdi. Shu oʻrinda taʼkidlash kerak: qaysiki jamiyat aʼzolarining bilimi, saviyasini oshirish uchun avvalo ilm-maʼrifat, yuksak maʼnaviyat kerak. Ilm yoʻq joyda qoloqlik, jaholat va albatta, toʻgʻri yoʻldan adashish boʻladi. Sharq donishmandlari aytganidek, “Eng katta boylik – bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros – bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik – bu bilimsizlikdir!” Shu sababli hammamiz uchun zamonaviy bilimlarni oʻzlashtirish, chinakam maʼrifat va yuksak madaniyat egasi boʻlish uzluksiz hayotiy ehtiyojga aylanishi kerak. Taraqqiyotga erishish uchun raqamli bilimlar va zamonaviy axborot texnologiyalarini egallashimiz zarur va shart. Bu bizga yuksalishning eng qisqa yoʻlidan borish imkoniyatini beradi.

    Mustaqillik yillarida bosib oʻtgan shonli yoʻlimizga nazar tashlab, ertangi kunimizga, oʻz kuch va imkoniyatlarimizga boʻlgan ishonchimiz yana-da ortmoqda. Mamlakatimizni rivojlantirishning “Harakatlar strategiyasi”ga muvofiq barcha soha va tarmoqlarda amalga oshirilayotgan islohotlar bu borada hal qiluvchi omil boʻlmoqda. Eng muhimi, “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan daʼvatkor gʻoya hayotimizga tobora chuqur kirib borayotir. Hademay, “Yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaylik!” shiori ostida mamlakatimiz mustaqilligining 30 yillik yubiley bayramini katta tantana, shodu xurramlik bilan nishonlaymiz. Shak-shubhasiz, ushbu shior har bir vatandoshimizning qalbini mehr va iftixorga toʻldirib, Vatanga sadoqat bilan xizmat qilishga, yurtimizni bundanda qudratli boʻlishi uchun hissa qoʻshishga undaydi.

    Biz yoshlar Vatan kelajagi uchun mustahkam poydevor boʻladigan munosib farzand boʻlishimiz, oldimizga qoʻygan ezgu maqsadlarimiz sari mardonavor qadam tashlashimiz , ulugʻ ajdodlarimiz merosini chuqur oʻrganmogʻimiz , yurtimizda sodir boʻlayotgan jarayonlarga daxldorlik hissi bilan yashashimiz , eng muhimi, istiqlolni jonu tan bilan asramogʻimiz lozim. Ishonchim komilki, ana shunday noyob insoniy fazilatlarga ega, yuksak maʼnaviyatli , qorachigʻi gʻayrat va shijoatga toʻla farzandlari bor xalq hech kimga qaram boʻlmaydi.

    Zero, prezidentimiz aytganlaridek: “Hech shubhasiz, oʻz kuchimiz va imkoniyatlarimizga boʻlgan ishonch bizni 3-renessans poydevorini yaratishdek ezgu maqsad yoʻlida birlashtirib , yana-da kuchli qilmoqda. Bu ishlar ulkan amaliy ishlarga aylanib, buyuk xalq harakati tobora kengayib bormoqda. Bunday qudratli safda boʻlishning oʻzi katta baxt va sharafdir.”

    Barnoxon Roʻziyeva,

    Buxoro viloyati Gʻijduvon tumani 28-maktab 9-sinf oʻquvchisi.

    Yoshlar ittifoqi “matbuot va media” yoʻnalishi Gʻijduvon tuman sardori