Yangi O'zbekistonda fuqarolarning murojaat qilish huquqi qay darajada ta'minlangan?

    Mamlakatimizda demokratik huquqiy davlat barpo etish hamda adolatli fuqarolik jamiyatini shakllantirishda fuqarolarning murojaatlariga doir qonun hujjatlariga qat'iy rioya qilish, uni takomillashtirish eng ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 2-moddasida "Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qilishi, davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas'ul" ekanligi belgilab qo'yilgan.

    Binobarin, fuqarolarning davlat organlari va mansabdor shaxslarga murojaatlari aynan inson huquqlari ustuvorligi, har bir shaxsning davlat himoyasida ekanligi to'g'risidagi konstitutsiyaviy printsiplarni amalga oshirishni kafolatlashga qaratilgan.

    Fuqarolarning murojaat etish huquqi O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 35-moddasida mustahkamlanib, unga ko'ra, har bir shaxs bevosita o'zi yoki jamoa tarzida davlat organlariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga egadir. Garchand, Asosiy qonunimizda fuqarolarning mazkur huquqi siyosiy huquqlar qatoriga kiritilgan bo'lsa-da, o'z mohiyatiga ko'ra, u nafaqat siyosiy, balki shaxsiy, iqtisodiy va ijtimoiy xususiyat ham kasb etadi. Zero, fuqaroning ushbu huquqdan foydalanishi ayni paytda uning shaxsiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini amalga oshirishga yoki himoya qilishga qaratilgan bo'lishi mumkin. Fuqaro davlat organiga ariza bilan murojaat etganida o'z xohish-istagi, erki, irodasini ifoda etish, taklif bilan murojaat etganida davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda ishtirok etish, shikoyat bilan murojaat etganida esa buzilgan huquq va erkinliklarini tiklash imkoniyatlari mavjud bo'ladi.

    «Fuqarolarning murojaatlari to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasining Qonuni fuqarolarning davlat organlari va muassasalariga ariza, taklif va shikoyat bilan murojaat etishga oid konstitutsiyaviy qoidani amalga oshirishni ta'minlovchi asosiy normativ huquqiy hujjat hisoblanib, davlat organlarining fuqarolar murojaatlarini qabul qilish, ko'rib chiqish va hal etish bilan bog'liq huquq va majburiyatlari sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi. Qonunda fuqarolar murojaat etish huquqining kafolatlari, xususan, fuqarolarning murojaat etish huquqi ixtiyoriylik asosida amalga oshirilishi, fuqarolar murojaat etish huquqidan foydalanayotganda kamsitishga yo'l qo'yilmasligi, fuqarolarning murojaatlarini qabul qilish va ko'rib chiqishning majburiyligi, fuqarolarning murojaatlari munosabati bilan ayon bo'lib qolgan ma'lumotlarning oshkor etilishiga yo'l qo'yilmasligi, fuqarolarning murojaat etishi munosabati bilan ularning xavfsizligi kafolatlari, shuningdek, fuqarolarning ariza, taklif va shikoyatlar berish, hamda ularni ko'rib chiqish tartibi, murojaatlarni ko'rib chiqishda davlat organlarining fuqarolarning huquqlari va majburiyatlarini buzganlik uchun javobgarlik o'z ifodasini topgan.

    Shuni ham aytish kerakki, mazkur Qonun fuqarolarning davlat organlari va muassasalariga, shu jumladan mahalliy davlat hokimiyati hamda fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlariga beriladigan murojaatlarini ko'rib chiqish va hal qilishga oid qoidalarni mustahkamlaydi. Biroq, ushbu Qonunning amal qilish doirasi yuqorida nazarda tutilgan sub'ektlar bilan cheklanmaydi, balki Konstitutsiya va qonunlarning ustuvorligi tamoyilidan kelib chiqqan holda, jamoat birlashmalari, mulkchilik shaklidan qat'i nazar, barcha korxona, muassasa, tashkilotlar uchun ham amal qiladigan umumiy qoidalarni belgilaydi. Ushbu Qonunda belgilangan tartib asosida murojaat etish huquqidan O'zbekistonda istiqomat qiluvchi barcha fuqarolar – O'zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo'lmagan shaxslar ham foydalanishlari mumkin. SHu bilan birga, O'zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinlikka ega hamda qonun oldida teng hisoblanib, ular murojaat etish huquqidan foydalanayotganda jinsi, irqi, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeiga qarab kamsitish taqiqlanadi.

    Fuqaro biror-bir davlat organiga nafaqat yozma, balki og'zaki ariza, taklif va shikoyat bilan ham murojaat etish huquqiga ega. Fuqarolarning og'zaki murojaati uning yozma tarzdagi murojaati bilan bir xil ahamiyatga, ya'ni maqomga ega. Buning mazmuni shundan iboratki, murojaat qanday shaklda qilinganidan qat'i nazar, albatta, qabul qilinishi va ko'rib chiqilishi shart. Murojaat qilishda og'zaki yoki yozma shakldan foydalanish fuqaroning huquqi hisoblanadi va unga murojaat shaklini o'zgartirish bo'yicha talab qo'yilishi mumkin emas. Qonun fuqarolarning davlat organlariga ixtiyoriy va erkin murojaat etish huquqini kafolatlaydi. Bu biror-bir shaxsning fuqaroni davlat organlariga ariza, taklif yoki shikoyat bilan murojaat qilishga majburlashi, yoki bunday murojaatdan voz kechishiga undashi, shuningdek, murojaatga qarshi qaratilgan harakatlarda ishtirok etishga majburlashi kabi xatti-harakatlarning g'ayriqonuniyligini anglatadi.

    Ta'kidlash joizki, fuqarolar o'zlarining davlat organlariga murojaat etish huquqlarini amalga oshirishda boshqa shaxslar, jamiyat va davlatning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga putur etkazmasliklari shart. Bunday majburiyat O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 20-moddasi mazmunidan kelib chiqadi. Unga ko'ra, har bir shaxs o'z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslar, jamiyat va davlatning huquqlari va erkinliklariga zarar etkazmasligi lozim. Ushbu qoidani buzgan shaxs, shuningdek, fuqaroning tuhmat va haqoratdan iborat ariza, taklif yoki shikoyat berganligi, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishga sabab bo'ladi. Fuqaro murojaatini ko'rib chiqqan davlat organi murojaat muallifiga murojaatni ko'rib chiqish natijalari to'g'risida xabar berishi lozim. Ayni paytda, fuqaro murojaat qilishda uning shaklini (og'zaki yoki yozma) tanlash huquqiga ega bo'lgani holda, murojaatni ko'rib chiqqan davlat organi va uning mansabdor shaxsi har qanday holatda ham faqat yozma javob berish majburiyati saqlanib qoladi.

    Fuqarolarning murojaatlari davlat organlarida belgilangan tartibda umumlashtirilib, tahlil etib borilishi, ayniqsa muhimdir. Zero, murojaatlarning tahlili fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari, shuningdek, jamiyat va davlat manfaatlari buzilishini keltirib chiqaruvchi omillarni aniqlash va o'z vaqtida bartaraf etish, amaliyotda takroriy murojaatlar ko'payishining oldini olishda katta ahamiyat kasb etadi. «Fuqarolarning murojaatlari to'g'risida»gi qonunning 22-moddasida fuqarolarning murojaatlarini ko'rib chiquvchi davlat organlari ariza, taklif va shikoyatlarni umumlashtirishlari hamda tahlil etib borishlari belgilangan. Bu, o'z navbatida, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini himoya qilishga qaratilgan.

    Nodir Muhiddinov,

    TDYU Ixtisoslashtirilgan
    filiali o'qituvchisi