Yangi O'zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati yangi bosqichda

    Yoshlarga yaratilayotgan shart-sharoitlar istiqbolli kelajak garovidir

    Mamlakatimizning shiddat bilan rivojlanayotgan, har soat va daqiqada oʻzgarishlarga boy xalqaro maydonda raqobatbardoshliligi, taʼlim, tibbiyot, iqtisodiyot va boshqa sohalarda dunyo raqobat bozoriga tengma-teng kirib borishi va oʻzining munosib oʻrniga ega boʻlishida biz yoshlarga berilayotgan taʼlim-tarbiya, taʼlim muassasamizda yaratilayotgan shart-sharoitlar muhim ahamiyat kasb etadi.

    Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 26-moddasida taʼlim inson shaxsini toʻla barkamol qilishga va inson huquqlari hamda asosiy erkinliklariga nisbatan hurmatni kuchaytirishga qaratilmogʻi lozimligi, taʼlim barcha xalqlar, irqiy va diniy guruhlar oʻrtasida bir-birini tushunish, xayrixohlik va doʻstlikka xizmat qilishi hamda BMTning tinchlikni saqlash borasidagi faoliyatiga yordam berishi kerakligi mustahkamlangan.

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 19-sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqlarida yoshlar masalasi alohida toʻxtalib, “yoshlarning ongu tafakkurini maʼrifat asosida shakllantirish va tarbiyalash eng muhim vazifa ekanligi, ekstremistik faoliyat va zoʻravonlik bilan bogʻliq jinoyatlarning aksariyati 30 yoshga yetmagan yoshlar tomonidan sodir etilayotganligi, bugungi dunyo yoshlari – son jihatidan butun insoniyat tarixidagi eng yirik avlod ekanligi, sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson boʻlib kamolga yetishi bilan bogʻliqligi, shuningdek bizning asosiy vazifamiz – yoshlarning oʻz salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratish, zoʻravonlik gʻoyasi “virusi” tarqalishining oldini olishdan iboratligi”, taʼkidlab oʻtildi.

    Shu bilan birga, davlatimiz rahbari tomonidan yoshlarga oid siyosatni shakllantirish va amalga oshirishga qaratilgan umumlashtirilgan xalqaro huquqiy hujjat – BMTning Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish taklif etildi.

    Taʼkidlash joizki, davlatimiz tomonidan yoshlar taʼlim-tarbiyasi, ularning kelajakka boʻlgan ishonchi, bilim olishga, kasb oʻrganishga boʻlgan huquqlarini yanada mustahkamlash, oʻqitish va taʼlim-tarbiya jarayonlarini tartibga solishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarni tubdan takomillashtirish borasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda yangi Oʻzbekiston sharoitida yoshlarga, ularning taʼlim-tarbiyasi va ijtimoiy himoyasi masalasiga jiddiy eʼtibor berilmoqda.

    Yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida 2016-yil 14-sentyabrda Oʻzbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilindi. Mazkur Qonunda yoshlarga oid davlat siyosati — davlat tomonidan amalga oshiriladigan hamda yoshlarni ijtimoiy jihatdan shakllantirish va ularning intellektual, ijodiy va boshqa yoʻnalishdagi salohiyatini kamol toptirish uchun shart-sharoitlar yaratilishini nazarda tutadigan ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy va huquqiy chora-tadbirlar tizimi sifatida qatʼiy mustahkamlab qoʻyildi.

    Taʼlim tizimidagi islohotlarning soʻnggi besh-olti yillik tahlili shuni koʻrsatmoqdaki, Yangi Oʻzbekistonda turli sohalarda boʻlgani kabi yuridik sohada ham yoshlarning taʼlim olishiga keng imkoniyatlar yaratilib, qator imtiyozlar joriy etildi.

    Xususan, Prezidentimizning 2020-yil 29-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va fanni tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga asosan Toshkent davlat yuridik universiteti qoshidagi akademik litseyda oʻqishga qabul tizimi, taʼlim faoliyati, moddiy-texnik baza tubdan yangilangan. 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab TDYUU qoshidagi akademik litseyning barcha fanlar boʻyicha yuqori natijalarga erishgan bitiruvchilari Toshkent davlat yuridik universitetiga kirish test sinovlarisiz, yakka tartibda suhbat oʻtkazish orqali, toʻlov-kontrakt asosida, qabul parametrlaridan tashqari kirish huquqiga ega boʻldi.

    Pedagogik xodimlar esa yuqori malakali, kasbiy tayyorgarlikka va axloqiy meʼyorlarga ega kadrlar bilan toʻldirilgan boʻlib, biz yoshlarga oʻtilayotgan oʻquv mashgʻulotlari har bir fanning xususiyatidan kelib chiqqan holda zamonaviy taʼlim texnologiyalari va innovatsion oʻqitish metodlari asosida amalga oshirilmoqda.

    Taʼlim muassasamizda yaratilgan shart-sharoit va imkoniyatlardan unumli foydalanib, biz yoshlar fanlar boʻyicha bilimlarni chuqur egallashimiz, chet tili va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini puxta oʻzlashtirishimiz, shuningdek akademik litseyimizning respublikamiz akademik litseylari reytingida munosib oʻrin egallashida biz bilan bogʻliq boʻlgan quyidagi masalalarga alohida eʼtibor berishimiz lozim:

    Birinchidan, keyingi bosqichda oliy taʼlim muassasalariga kirish uchun aniq maqsad va strategik reja asosida ishlarni tashkil etish;

    Ikkinchidan, respublika va xalqaro fan olimpialari, sport musobaqalarida ishtirok etish va sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritish;

    Uchinchidan, chet tili va fanlarni bilish darajasi toʻgʻrisidagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega boʻlish;

    Toʻrtinchidan, maʼnaviy-maʼrifiy va oʻquv-tarbiyaviy ishlarda faol ishtirok etish.

    Xulosa oʻrnida aytish lozimki, davlatimiz tomonidan biz yoshlarga yaratib berilayotgan shart-sharoitlar, qonunchilik hujjatlari bilan berilgan huquq va imtiyozlardan unumli foydalangan holda yangi Oʻzbekistonning zamonaviy yangi avlod kadrlari sifatida shakllanishimiz, har bir soha boʻyicha bilim, malaka va yuqori kasbiy koʻnikmaga ega boʻlgan raqobatbardosh kadr sifatida xalqaro maydonga chiqishimiz, davlatimiz rahbarining biz yoshlarga boʻlgan ishonchlarini oqlashimiz oliy burchimizdir.

    Gulsanam Baxtiyorova,

    TDYUU qoshidagi akademik litseyning 1-bosqich oʻquvchisi