Yangi tahrirdagi Konstitutsiya normalaridan kelib chiqib, qator qonunlarga oʻzgartirishlar kiritiladi

    Joriy yil 9-iyulda Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi majlisida konstitutsiyaviy islohotlar natijasida ishlab chiqilgan qonunlar muhokamasi boʻlib oʻtdi.

    Unda mahalliy Kengashlar doimiy komissiyalari raislari, Yoshlar parlamenti aʼzolari, Qoʻmita huzuridagi ekspertlar guruhi aʼzolari, qonun tashabbuskorlari, mutasaddi vazirlik va idoralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

    Dastlab Qoʻmita majlisida “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy Qonun muhokama etildi.

    Qayd etilganidek, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada davlat boshqaruvi organlarining majburiyat va vakolatlari aniq belgilab berilgani siyosiy tizimni yanada rivojlantirish va davlat tuzilmasini mustahkamlashga koʻmaklashyapti, davlat boshqaruvi samaradorligini oshiryapti va hokimiyatning turli boʻgʻinlari oʻrtasida munosabatlar izchilligini taʼminlayapti.

    Vazirlar Mahkamasi maqomi, uni shakllantirish va faoliyatini tartibga solish masalalari bevosita Konstitutsiyada mustahkamlangan normalarga asoslanadi hamda mazkur Qonunning asosiy qoidalari ushbu normalardan kelib chiqqan. Shu boisdan “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Qonunni Konstitutsiyaviy qonun shaklida qabul qilish taklif etilyapti.

    Muhokama davomida senatorlar tomonidan ushbu Konstitutsiyaviy qonunning qabul qilinishi Vazirlar Mahkamasi ishini tashkil etishning sifat jihatdan yangi, samarali usullari va zamonaviy mexanizmlarini joriy etish hamda Hukumat aʼzolarining davlat siyosatini yuritish va biriktirilgan sohalarda aniq natijalarga erishish yoʻlidagi shaxsiy masʼuliyatini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.

    Shundan soʻng, ishtirokchilar “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonunni muhokama qildi.

    Senatorlar inson huquqlarini ishonchli himoya qilish bilan bogʻliq bir qator oʻzgartirishlar Konstitutsiyaga kiritilishi amaldagi qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqishni taqozo etayotgani aytib oʻtildi.

    Bu borada yangilangan Konstitutsiyaning 19-moddasida belgilangan normadan kelib chiqib, jami 26 ta qonun hujjatlari (6 ta kodeks va 20 ta qonun) normalari muvofiqlashtirilayotganligi qayd etildi.

    Bundan tashqari, Konstitutsiyaning 81-moddasida belgilab qoʻyilgan konstitutsiyaviy kafolatdan kelib chiqqan holda “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Qonunga tegishli oʻzgartirishlar kiritilyapti. Jumladan, “Oʻzbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalari erkinligi va qonunga muvofiq ish olib borishi”, “davlat ommaviy axborot vositalarining mulk huquqini, davlat organlarining gʻayriqonuniy harakatlaridan (harakatsizligidan) himoya qilinishini kafolatlashi” belgilanyapti.

    Ayniqsa, Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi va “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi Qonuniga qarindoshlarning sudlanganligiga koʻra kamsitishni istisno qiluvchi norma kiritilishi konstitutsiyaviy kafolatlarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi, umuman olganda kiritilayotgan oʻzgartirishlar yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning normalarini hayotga tatbiq etishga xizmat qilishiga alohida toʻxtalib oʻtildi.

    Mazkur qonunlar yuzasidan senatorlar hamda majlis ishtirokchilari tomonidan qator fikr-mulohazalar bildirildi. Majlis yakunida koʻrib chiqilgan masalalar boʻyicha senatorlarning munosabatidan kelib chiqib, Qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.