Bu boradagi ishlar, shuningdek, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) oʻrtasida majburiy mehnatga qarshi kurashish, mehnat huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish, mehnat sohasiga oid xalqaro standartlarni joriy etish borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotgani xalqaro hamjamiyat tomonidan alohida eʼtirof etilmoqda.
Ammo ayni paytda xalqaro ekspertlarning, XMTning tavsiyalari va takliflari tahlili shuni koʻrsatdiki, amaldagi Mehnat kodeksi mamlakatimizda ijtimoiy soha va iqtisodiyotni rivojlantirish, jumladan, investitsiya muhitini yaxshilash, ish bilan taminlashning zamonaviy shakllari hamda kasb-hunarga oʻqitish tizimlarini joriy etish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarimizga mos kelmay qolgani yaqqol koʻzga tashlandi. Kodeks qabul qilingan vaqtda xususiy sektor ulushi atigi 21 foiz boʻlgan, hozir bu koʻrsatkich 83 foizdan oshgan. Qolaversa, kundan-kunga rivojlanib borayotgan mehnat bozorida yuzaga kelgan zamonaviy mehnat turlariga oid munosabatlar hamda bu borada ishga tushirilgan raqamlashtirish texnologiyalarining oʻziga xos jihatlari hisobga olinmagan.
Soʻnggi yillarda mehnat bozoridagi vaziyat ham oʻzgardi Qabul qilingan sohaga oid qator normativ-huquqiy hujjatlar asosida koʻpgina yangi institutlar hamda yangi mexanizmlarning amaliyotga kiritilgani kodeksni yangi tahrirda qabul qilish zaruratini yuzaga keltirdi. Amaldagi Mehnat kodeksi bozor iqtisodiyotiga oʻtish vaqtida, yaʼni 1995-yilda qabul qilingan edi. 2 qism, 16 bob va 294 moddadan iborat amaldagi hujjatimizdagi normalarda davlat tashkilotlari va sanoatning yirik korxonalari hamda turli mulkchilik shakllari, ayniqsa kichik va oʻrta biznes subyektlaridagi mehnat munosabatlari aks ettirilmagan.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan soʻnggi yillarda ratifikatsiya qilingan ayrim xalqaro konvensiyalar va hujjatlar meʼyorlari implementatsiya qilinmagan. Kodeks loyihasi “2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 135-bandiga asosan ishlab chiqilgan edi.
Yangi Mehnat kodeksini ishlab chiqish jarayonida 10 dan ortiq xalqaro tashkilot, jumladan, Xalqaro mehnat tashkilotining qator konvensiyalari, 60 dan ziyod davlat tajribasi oʻrganildi.
Odil Tojiyev,
Oliy Majlis Qonunchilik palatai spikeri oʻrinbosari