Ayni jarayonda shakllanadigan “yashil” shahar, “yashil” transport, “yashil” oʻsish, “yashil” hudud, “yashil” kimyo, “yashil” texnologiya tushunchalari “yashil” iqtisodiyotni shakllantiruvchi muhim yoʻnalishlar hisoblanadi.
Shu maʼnoda, butun dunyoda boʻlganidek, mamlakatimizda ham ekologik muammolarga munosib yechim topishda “yashil” iqtisodiyotga oʻtish eng dolzarb vazifalar sirasiga kiradi.
Keling, bu borada jahon tajribasiga nazar tashlab koʻramiz.
Birgina misol, Xitoy davlati sayyoramizda ishlab chiqarishi yuqori darajada rivojlangan mamlakat boʻlib, chiqindisi ham katta hajmni tashkil qiladi. Eʼtiborlisi, bu davlat oʻzinikini qayta ishlash bilan birga, xorijdan ham chiqindi sotib olib, qayta ishlaydi va daromad oladi. Atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligi maʼlumotlari boʻyicha mamlakat har yili 50 million tonna elektron va xoʻjalik chiqindilarini import qiladi. Pekin shahrida 200 mingdan ortiq kishi chiqindi yigʻadi. Metro bekatlari, supermarket doʻkonlarida maʼlum bir haq evaziga har xil chiqindi idishlarni qabul qilish shoxobchalari mavjud. Mamlakat poytaxtida chiqindida ishlaydigan issiqlik elektrostansiyasi faoliyat koʻrsatadi.
Elektr energiyasi ishlab chiqarish boʻyicha Xitoy jahonda yetakchi oʻrinni egallaydi, ayniqsa, “yashil” energiya boʻyicha ulkan salohiyatga ega. Umumiy elektro muvozanatda “yashil” energiya gidroelektrostansiyalari bilan birgalikda 20−22 foizni tashkil etadi. Shamol energiyasi boʻyicha Xitoy 2015−2017-yillardayoq dunyoda birinchi oʻrinni egallagan edi. Xitoyda yuzlab yirik gidroelektrostansiyalar va 45 mingdan ortiq kichik GES mavjud va mamlakatda 2030-yilga borib ekologik toza energiya miqdorini 50 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
AQSH sanoati esa rivojlangan va issiqlik energetika resurslariga boy mamlakat boʻlib, uning 15 shtatida koʻmir qazib olinadi, 26 ta shtatida mashinalar ishlab chiqariladi, elektronika sohasi rivojlangan. Dunyo miqyosida samolyotlarning 55−60 foizi shu mamlakatda ishlab chiqariladi. Okean orti mamlakatida bir yilda 3 trillion kVt/s elektr energiya ishlab chiqariladi va uning 80 foizi xususiy elektrostansiyalarga toʻgʻri keladi. Elektroenergiyaning 60 foizi IES, 20 foizi AES va 20 foizi gidro elektrostansiyalar hamda qayta tiklanadigan energiya manbalari hisobiga toʻgʻri keladi.
Bu mamlakatda quyosh energiyasi asosida elektroenergiya ishlab chiqarishni 2030-yilda 15 foiz, 2050-yilga borib 27 foizga yetkazish rejalashtirilgan. AQSHda energoresurs sifatida bioyoqilgʻilar keng qoʻllaniladi. Buning uchun makkajoʻxoridan keng foydalaniladi. Transport yoqilgʻisi sifatida 30 foizgacha makkajoʻxoridan olingan bioyoqilgʻidan foydalaniladi. Oʻz navbatida, qoʻshma shtatlarda chiqindilarni qayta ishlaydigan texnologiyalar ishlab chiqariladi va eksport qilinadi.
Rossiyada ham energoresurslarga boʻlgan talab yildan yilga ortib borayotgani sababli “Rossiyaning 2035-yilgacha boʻlgan energetika strategiyasi” qabul qilindi. Vaholanki, sayyoramizning 22 foiz oʻrmoni hamda ichimlik suvi zaxirasining 20 foizi shu mamlakatda joylashgan. Hududining kengligi quyosh energiyasidan keng foydalanishga imkoniyat yaratadi. Mamlakat miqyosida gidroelektrostansiyalardan ishlab chiqarilayotgan elektroenergiya salmoqli miqdorga ega boʻlib, u umumiy hajmning 20 foizini tashkil qiladi.
Bu yurtda ham chiqindilar eng dolzarb muammo va yiliga yigʻiladigan 70−75 million tonna chiqindining atigi 20−25 foizi qayta ishlanadi.
Yurtimiz ham — tabiiy resurslarga boy, muqobil tabiat manbalariga ega mamlakat sanaladi. Shunday sharoitda “yashil” iqtisodiyotni jadal rivojlantirish uchun barcha qulayliklar yaratilgan.
Birgina Fargʻona viloyatida ham qayta tiklanuvchi manbalardan foydalanish, shahar va olis, eng chekka hududlarida ham quyosh panellaridan foydalanish, shu orqali elektr energiyani tejash, suv resurslarini asrashga eʼtibor qaratib kelinmoqda. Viloyatning Fargʻona va Qoʻqon Margʻilon, Quvasoy shaharlari, Fargʻona, Oltiariq, Rishton tumanlarining koʻplab hududlarida aholi va tashkilot idoralarida elektr energiyadan foydalanishda quyosh panellarini oʻrnatish, ham oila ham mamlakat iqtisodiyotini yaxshilanishiga xizmat qilmoqda. Bu jarayonda ayniqsa, Oʻzbekiston Ekologik partiyasi Fargʻona viloyat kengashi tomonidan aholi oʻrtasida quyosh panellaridan, qayta tiklanuvchi manbalardan foydalanish boʻyicha aholi oʻrtasida tushuntirish targʻibot ishlari olib borilmoqda.
— Bu boradagi vazifalar partiyamizning dasturiy maqsad va vazifalarida ham oʻrin olgan boʻlib, ushbu yoʻnalishdagi ishlar bosqichma-bosqich bajarib kelmoqda, — deydi Ekologik partiya Fargʻona viloyat Kengashi raisi o`rinbosari Shoxruxbek Karichayev.
— Xususan, quyosh panellari, qayta tiklanuvchi manbalarning ahamiyatini oʻz targʻibot tadbirlarimiz davomida aholiga tushuntirib bormoqdamiz. Quyosh panellarini oʻrnatmoqchi boʻlib murojaat bila chiqqan fuqarolarga esa mahalliy kengashlarimiz deputatlari, tegishli mutasaddi korxona va tashkilotlar bilan bogʻlanib. Hamkorlik asosida quyosh panellarini oʻrnatishda amaliy yordam berishga harakat qilib kelmoqdamiz. Bugun xalqimizning oʻzi qayta tiklanuvchi manbalarning ahamiyatini toʻgʻri tushunib, undan foydalanayotgani bizni gʻoyat quvontirmoqda.
Hayot oʻtib borar ekan, unda yashayotgan inson oʻzi uchun qulay sharoitni yaratishga va unga moslashishga harakat qiladi. Dunyoda iqlim oʻzgarishlari kuzatilayotgan,buning oqibatida jiddiy ekologik muammolar sodir boʻlayotgan muhim davrdan yashil iqtisodiyotga oʻtish, uning qoidalariga amal qilish muhim va dolzarb vazifa sanaladi.
Muxtasar aytganda, yuksak taraqqiyot va farovon hayotga erishish, iqtisodiyot tarmoqlarini zamonaviy mezonlar asosida rivojlantirish, ekologik muammolarni ijobiy hal qilish nafaqat davlatimiz, ushbu soha masʼullari, balki butun xalqimiz bilan birgalikda amalga oshiriladigan muhim vazifa. Demak, bu borada ilgari surilayotgan ezgu tashabbus va maqsadlar sizu bizga, barchamizga taalluqlidir.
Fotima Mansurova,
Oʻzbekiston Ekologik partiyasi Fargʻona viloyat kengashi matbuot kotibi.