Startapchi kim?

    O'zbek jamiyati “startap” degan terminni tadbirkorning “oyoqqa turib olishi jarayoni”, deb qabul qilmoqda va ular qaysidir ma'noda haq.

    Bundan 30 yil oldin odamlarni simsiz telefon orqali muloqot qilishini tasavvur qila olmasdik. endi bu aqlli qurilmalar orqali nafaqat gaplashish, balki kitob o'qish, rasmga tushirish, musiqa eshitish, qon bosimini o'lchash va real vaqt tartibida tasvirli video muloqotlar qilish mumkin bo'lmoqda. Fikrimizning indallosi shundaki, ilm-fan va texnika yutuqlarini keng qamrovda qo'llagan holda iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy va boshqa sohalarga zamonaviy innovatsion texnologiyalarni tezkor joriy etish davr talabiga aylanib ulgurdi.

    “Start-up” haqida nima bilamiz?

    So'nggi yillarda o'zbek tili lug'atiga bir qancha zamonaviy so'zlar qatorida startap atamasi ham kirib keldi. Inglizcha “start-up” so'zidan olingan bu termin “jarayonni boshlash”, “ishga tushirish” kabi ma'nolarga ega. “Startap” so'zi 1939-yilda Amerikada paydo bo'lgani aytiladi. O'sha paytlari Stenford universiteti talabalari Devid Pakkard va Uilyam Xyulettlar o'zlarining mo'jazgina loyihasini ishlab chiqadi va mazkur mitti loyihani “start-up” deya nomlashadi. Bugunga kelib, o'zbek jamiyati “startap” degan terminni tadbirkorning “oyoqqa turib olishi jarayoni”, deb qabul qilmoqda va ular qaysidir ma'noda haq.

    O'zbekistonda “start-up”lar qanday rivojlanmoqda?

    Innmind.com axborot tarmog'ining ma'lumotlariga ko'ra, er yuzi bo'ylab har yili 100 million startaplar o'z faoliyatini boshlaydi. Biroq kompaniyalar tomonidan 5,7 million startap muvaffaqiyatli tarzda akkselerator dasturlariga saralab olinadi. Shulardan 824 tasigina jahon bozoriga o'zining tovar, ish va xizmatlarini taklif etish orqali chiqish imkoniyatiga ega bo'ladi. Ro'yxatdan o'tgan boshqa startaplar esa odatda to'g'ri biznes-model tanlanmagani, samarali startap loyihasining shakllanmagani, investitsiyalash manbasiga ega bo'lmagani kabi qator sabablar tufayli o'z faoliyatini tugatishiga majbur bo'ladi.

    Bunday muammolar barcha davlatlar singari mamlakatimizda ham kuzatiladi. Shunga qaramay, so'nggi yillar yurtimizda startap loyihalar soni ko'payib boryapti. Ularni moliyalashtirish Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-martda qabul qilingan “Ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirishning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori hamda unda belgilangan Nizomga muvofiq tanlov asosida amalga oshiriladi. Ya'ni, Innovatsion rivojlanish vazirligi bir yilda kamida 2 marotaba tanlov e'lon qiladi va kelib tushgan murojaatlar 3 ta saralash bosqichida “startap” loyihalar mutaxassislari tomonidan o'tkaziladi.

    O'tgan 2019—2021-yillarda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan jami 90 ta startap loyiha tanlov asosida moliyalashtirilgan. U turli sohalarni qamrab olgani holda, loyihalarning umumiy qiymati 70,3 milliard so'mni tashkil etadi. Mazkur startap loyihalar amalga oshirilishi in'ikosida 674 ta yangi ish o'rni yaratilib, eksportbop va import o'rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilishi yo'lga qo'yildi. Ana shunday yosh va umidli startapchilarning aksariyati bugungi kunda muvaffaqiyatli ishlab kelmoqda.

    Doniyor HAYDAROV,

    1993-yil Toshkent shahrida tug'ilgan. O'zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshidagi innovatsion inkubatorlar markazida “Rekuperator (chiqindilar, turli gazlar va boshqa omillar sabab zararlanagan ob-havoni tozalab beruvchi qurilma) va havo tozalagichlarni ishlab chiqarish” startap loyihasi direktori:

    — Menda ushbu loyihani amalga oshirish g'oyasi Navoiy shahriga mehmon bo'lib borganimda paydo bo'lgan. Har gal u yerga borganimda, ko'pincha bitta muammoga guvoh bo'lganman. Yaqin oradagi kimyoviy zavodlardan chiqadigan turli xil tutunlar odamlarda diskomfort, ya'ni turmush tarzi va hayot kechirishida noqulaylik tug'dirardi. O'sha kezlari bu hududda havoni tozalash bo'yicha biror ish qilish lozimligini o'ylaganman. Bundan tashqari, 2021-yilning noyabr oyi boshida mamlakatimizning aksariyat hududlari quyuq chang ostida qolgandan so'ng, ushbu g'oyani amalga oshirish fikri yanada mustahkamlandi. Albatta, bu paytgacha loyiha ustida ish boshlab yuborilgan edi. Ya'ni, 2021-yilning yoz oylarida tanlov e'lon qilingan va shu tanlovda qatnashib g'olib bo'lgandim.

    Mazkur loyihani amalga oshirish uchun Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan umumiy qiymati 698 million so'm miqdorida mablag' ajratilishi belgilandi. Shu paytgacha o'sha mablag'ning qariyb 295 million so'mi mahsulot tadqiqoti jarayoniga sarflandi. Qolgan xarajatlar ham ishimizga qarab bosqichma-bosqich to'lab borilyapti. Loyiha ustida ishlash davomida boshqa davlatlarda havoni tozalaydigan uskunalarning qanday turlari ishlab chiqarilayotgani, qurilma mutaxassislar tomonidan tadqiq qilinganda qanday kamchiliklar kuzatilganini batafsil o'rganishga harakat qildim. To'g'ri-da, kimdir sizdan biror mahsulotni sotib olsa-yu, ko'p o'tmay uning qusuri paydo bo'lsa, bu sotuvchi uchun ham, xaridor uchun ham noxush holat. Shu bois, imkon qadar kamchilarga yo'l qo'ymaslikka intilaman.

    Afsuski, har yili yer yuzi bo'ylab millionlab insonlar yomon ob-havo sharoiti, jumladan, kimyoviy zavodlardan chiqadigan turli xil tutunlar tufayli surunkali saraton, o'pka, yurak-qon tomir va allergik kasalliklarni orttirib oladi. Gap shundaki, barcha tutun tarkibida karbon monoksit, karbonat angidrid va zarrachalar mavjud. Bundan tashqari, tutunda aldegidlar, kislota gazlari, oltingugurt dioksidi, azot oksidi, politsiklik aromatik uglevodorodlar kabi ko'plab turli xil kimyoviy moddalar ham bo'lishi mumkin.

    Loyihani tayyorlash jarayonida kimyoviy zavodlar va boshqa zararli chang-to'zonlar mavjud hududlarning iqlimi hamda aholisining salomatligini o'rgandim. Jarayonda havosi ifloslangan hudud odamlari boshqa joyda istiqomat qiluvchi fuqarolarga nisbatan o'tkir respiratorli va mavsumiy kasalliklar bilan tez-tez og'rib turishiga guvoh bo'ldim. Loyihani amalga oshirish orqali aynan yomon ob-havo sharoitida yashaydigan aholini toza havoga bo'lgan ehtiyojini qondirishni maqsad qilganimiz ham shundan.

    Qurilmaning iqtisodiy samaradorligi ham bor. Birinchi navbatda, import o'rni qoplanib, O'zbekiston rekuperatorlarni chet eldan qimmat narxlarda sotib olmaydi. Qolaversa, mahsulotni eksport qilishdan ham mo'may daromad topish mumkin.

    Albatta, brend yaratish ustida ham ko'plab ishlar amalga oshirayapmiz. Raqobat sharoitida mahsulotning boshqalarnikidan afzal jihatlari bo'lishi kerak. Masalan, ko'p rekuperator va havo tozalagichlarning qimmatga tushadigan jihati uning fil`trlari hisoblanadi. Biz ana shu filtrlarni bir martalik emas, balki ko'p marotaba yuvib, qayta ishlatsa bo'ladigan qilib tayyorlayapmiz. Ayni paytdagi izlanishimiz fil`trlarning sifatli va tan narxi arzonroq bo'lishiga qaratilgan. Maqsadimiz faqat pul topish emas. Aksincha, birinchi galda, aholining turmush tarzi, sog'lig'ini saqlashga e'tibor qaratish.

    Rekuperator o'zidan ozonator ishlab chiqarmaydi. Gap shundaki, ozonator havoni tozalash jarayonida zararli moddalarni yo'q qilish bilan birga, odam organizmiga foydali bo'lgan bakteriyalarni ham nobud qiladi. Shu bois, yangi texnologiyaga nanokatalizator o'rnatilgan. U o'zidan faol kislorod ishlab chiqarib, 1-2 soniyaning o'zidayoq zararli viruslar, jumladan, yuqumli kasallik tashuvchi, o'tkir respirator virusli infektsiyalarni o'ldiradi. Uskunaning yana bir afzalligi ichkari va tashqari devor orasiga o'rnatilishida. Ko'chadagi havo filtrdan o'tib, nanokatalizator orqali uyga kirib kelgani bois, xonalarni shamollatib turishga hojat qolmaydi.

    Innovatsion qurilmani joriy yilning oxirida sotuvga chiqarishni mo'ljallayapmiz. Birinchi yil uchun daromad 500—700 million so'm atrofida bo'lishi kutilyapti. Keyingi yillar uskunaning narxi talab va taklifdan kelib chiqib baholanadi. Kelgusida rejalashtirayotgan boshqa loyihalarim ham ko'p. Ayrimlarining ustida sinov ishlarini boshlaganman.

    Akmal SUYUNOV,

    1990-yil Namangan viloyatining Chust tumanida tug'ilgan. “Quyosh tomchilari” mas'uliyati cheklangan jamiyati rahbari:

    — Mahalliy “xurmo mevasini yaponcha uslubda quritib, mayizini etishtirish va eksport qilish loyihasi” g'oyasi Janubiy Koreyada yashayotgan paytimda paydo bo'lgan. Bir kuni do'kon rastalarini aylanib yurib, odam gavjum bir joyga borib qoldim. Ular xurmo mevasining qoqi(mayizi)siga navbatga turib, qimmat bo'lishiga qaramasdan xarid qilishayotganiga guvoh bo'ldim. Shunda beixtiyor o'ylab qoldim: “Nahotki, bizning bozorlarimizda arzimagan pulga sotiladigan jaydari xurmoyimizni qoqilash mumkin emas. Axir ularni dastlab taxirligi uchun ko'p ham iste'mol qilmaymiz. Pishib, etilgach yumshab qolishi evaziga tezda urilib, lat eb qolishi sababli tashlab yuboramiz. O'sha yerda quritilgan xurmoni tatib ko'rar ekanman, uning shu qadar shirin va totli yegulikka aylanishidan hayratlandim. Yurtimga qaytgach buni albatta, tayyorlash bo'yicha tashabbus ko'rsataman”, deb niyat qildim.

    Niyatim xolis ekan, mana, Innovatsion rivojlanish vazirligi e'lon qilgan “Bo'lajak olim” tanlovida loyihamga 335 million so'mdan ortiq mablag' ajratildi. Xurmo mevasining rangi va shakli xuddi quyoshga o'xshagani, qolaversa, pishib mayiz bo'lgunga qadar oftobning asosiy ishtiroki mo'l bo'lgani bois loyihamni “Quyosh tomchilari” deb nomladik.

    Xurmo mevasi maxsus uskuna yordamida po'stidan tozalangach, kuz oylaridagi iliq oftob taftida quritiladi. Ixtirochi olimlar bilan birgalikda takomillashtirilayotgan dastgoh kuniga 800—1000 kilogramm meva po'stini archishga mo'ljallangan. Bunda meva qo'lda archilganga qaraganda sifatliroq tozalanib, o'nlab ishchi kuchini tejaydi.

    Xurmo A, C, R, E vitaminlari va mikroelementlarga boy meva. U dengizdan uzoqda joylashgan O'zbekiston aholisining yodga bo'lgan ehtiyojini tabiiy yo'l bilan qondira oladi. Bu esa aholi orasida yod etishmasligi sabab yuzaga keladigan qalqonsimon bez kasalliklarining oldini olishga xizmat qiladi. Yuqoridagi innovatsion loyiha xalqimizga xurmoqoqini qishin-yozin saqlash imkonini berib, dasturxonlarni yana bir quruq meva bilan boyitadi. Aytgancha, ishlab chiqarish qurilmasidan foydalanish oson bo'lgani bois, mahallalardagi ishsiz ayollarni ish bilan ta'minlash va hududlarni shu yo'nalishga ixtisoslashtirish ham mumkin.

    Loyiha ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan foydali bo'lib, O'zbekistonda xurmoni uzoq vaqt asrashning imkoni yo'q, degan sodda qarashni yo'qqa chiqaradi. Dehqon-fermerlarimizning mevani zararlanishidan cho'chib, xaridor aytgan narxda sotib yuborishining oldini oladi.

    — Paxtani chet elga xomashyo sifatida eksport qilishdan voz kechib, qayta ishlab, qimmatroq sotishga erishgan ekanmiz, nega endi xurmoni ham qayta ishlab, narxini va qadrini bir necha barobar balandroq qilib sotmasligimiz kerak, — deydi qahramonimiz. — Keling, kichkinagina iqtisodiy tahlil qilib ko'ramiz: 3—5 kilogramm xurmodan 1 kilogramm xurmoqoqi olsa bo'ladi. Ya'ni u yarim qurigan holatda bo'ladi. Agar 5 kilogrammdan 1 kilo xurmoqoqi olinsa, toza quritilgan xurmo mayizi hisoblanadi. Yarim qurigan va to'liq qurigan holatda ham xurmoqoqilarning ta'mi o'ziga yarasha lazzatga ega bo'ladi. Faqat toza quritilgan xurmoni 2-3 yil ko'proq saqlash mumkin.

    Xurmo mayizining narxiga kelsak, ayni paytda 25—35 ming so'm ulgurji bahosida sotish mumkin. Demak, 4 tonna xurmoni quritib, uning mayizidan o'rtacha 20 million so'm daromad olsa bo'ladi. Hozirda biz Innovatsion Rivojlanish vazirligi tomonidan moliyalashtirilgan mablag' evaziga kuniga 4 tonna mevani qurita oladigan quritish kamerasini barpo qilyapmiz. Nasib qilsa, 2022-yilgi xurmo mavsumida kamida 50 tonna xurmoqoqi etishtirishni maqsad qilganmiz.

    Loyiha yarata oladigan inson bir joyda to'xtab qolmaydi. Akmal Suyunov ham yangi loyihalar ustida izlanyapti. Qishloq xo'jaligida sug'orish og'ir bo'lgan yaylov, adir, dasht kabi hududlarda kovrak shifobaxsh o'simligini yetishtirish va undan olinadigan shira(smola)ni eksport qilishni ko'zlagan. Uning aytishicha, o'simlikka yomg'ir va qor suvlari kifoya qiladi. Asosiysi, kovrak dunyo farmasanoatida yaxshigina qadr-qiymatga ega o'simlik bo'lgani bois, unumsiz yerlardan serdaromad, eksportbop mahsulot olish mumkin.

    Nozimjon TUYG'UNOV,

    1999-yil Toshkent shahrida tug'ilgan. Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshidagi Yoshlar akademiyasi a'zosi. 2019-yildan xalqaro yirik nashriyot kompaniyasi — Elsevier tomonidan tashkil etilgan tanlovdan muvaffaqiyatli o'tib, Clinicalkey platformasi bo'yicha O'zbekistondagi mintaqaviy trener sifatida faoliyat yuritgan. 2020-yilda mahalliy tadqiqotchi va olimlar uchun SpringerLink, Wiley, ClinicalKey, Dimensions kabi eng yirik ilmiy nashriyotlarning elektron platformalaridan yurtimiz oliy ta'lim va ilmiy tadqiqot muassasalari uchun bepul foydalanish imkonini yaratishda tashabbus ko'rsatgan. “Innovative developers” MCHJ direktori:

    — O'zim tibbiyot sohasi talabasi bo'lganim bois, ancha yillardan buyon chekka hududlardagi aholining salomatligini tiklash ishlari haqida o'ylardim. So'ng “Ohangaron va Urgut tumanlarida telemeditsina xizmatini tashkil qilish loyihasi” taklifi bilan chiqdim. Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan e'lon qilingan startap loyihalar tanlovida g'olib bo'lganimizdan so'ng, telemeditsina xizmatini tashkil etish ishlarini boshlab yubordik. Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo'llab-quvvatlash jamg'armasi mazkur loyihaga 733 140 ming so'm miqdorida mablag' ajratdi, loyiha doirasida 8 nafar insonning bandligi ta'minlandi.

    Telemeditsina xizmati, avvalo, olis hududdagi fuqarolarga masofadan turib yuqori malakali tibbiy xizmatdan foydalanish imkonini beradi. Bunda shifokor qabuliga onlayn yozilish, navbat kutmaslik va bir joydan ikkinchi joyga ko'chirish zarurati bo'lmagan og'ir bemorlarga masofadan yordam ko'rsatish mumkin. Bu ortiqcha vaqt va mablag' sarflanishining oldini oladi.

    Yana bir qulayligi, jarrohlik amaliyoti vaqtida yoki bahsli vaziyatlarda AQSH, Germaniya, Turkiya, Hindiston, Janubiy Koreya kabi xorijiy mamlakatlardagi hamkor tashkilotlarda faoliyat ko'rsatuvchi malakali shifokorlardan real vaqt rejimida maslahatlar olish mumkin.

    “Telemeditsina” ilmiy termin bo'lib, masofadan turib tibbiy xizmat ko'rsatishni tashkil etish, tibbiyot xodimlarining telekommunikatsiya, internet texnologiyalari yordamida o'zaro hamkorligini o'rnatib, tibbiy xizmat sifatini oshirishni anglatadi. Telekommunikatsiya texnologiyalarining universalligi tufayli aholi salomatligini ta'minlashda birlamchi tibbiy — sanitariya yordami, ixtisoslashgan tibbiy xizmatlar, yuqori texnologiyali tibbiy yordam, shoshilinch va ixtisoslashgan tez tibbiy yordamda telemeditsinadan foydalansa bo'ladi.

    Telemeditsina aloqasini o'rnatishda “Shifokor — shifokor” hamda “Bemor — shifokor” o'zaro hamkorligini tashkil etish printsiplari mavjud. Hozir yurtimizda ko'proq birinchi usul, ya'ni, “Shifokor — shifokor” tipidagi telemeditsina xizmati yo'lga qo'yilmoqda. Bunda shifokorlar o'rtasida ma'lumot almashish, shuningdek, tibbiy ta'lim, sog'liqni saqlash va tibbiy xizmatlar sohasida boshqarish uchun elektron axborot, integratsiyalashgan raqamli va telekommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish — tibbiy tadqiqotlar natijalarini yoki shifokor xulosalarini bemorga yetkazish, shuningdek, telekommunikatsiya texnologiyasidan foydalangan holda shifokorning bemorga maslahat berishini tashkil etish kabilar amaliyotda qo'llaniladi.

    Tibbiy xizmat ko'rsatishning asosiy yo'nalishi — bu funksional tekshiruvni amalga oshirish, boshqa hudud, xususan, poytaxtdagi tibbiyot markazlari hamda xorijiy mutaxassislar, yetakchi tibbiyot markazlari bilan aloqa o'rnatgan holda kasalliklarga tashxis qo'yish, davolash va profilaktikani o'z ichiga olgan telemeditsina xizmatini yo'lga qo'yishdan iborat. Shunday tumanlarda ishga tushirilayotgan telemeditsina elektroentseflograf, ultratovush tashxisi uskunasi, elektrokarliograf, dermatoskop, otoskop, stetoskop kabi internet tarmog'i orqali ma'lumotlarni uzatuvchi uskunalar bilan jihozlanmoqda. Ular ma'lumotlarni tasvir, video, audio yozuv sifatida maslahat beruvchi mutaxassis internet tarmog'i orqali etkazib bera oladi va “ikkinchi fikr” yoki konsilium tashkil qilish yoxud maslahat olishda xizmat qiladi.

    Yana bir yangilik, Nozimjon Tuyg'unov dunyoning etakchi olimlari jamlangan Yevropa karies tadqiqotlari tashkiloti (European Organization for Caries Research — ORCA)ning ilmiy grantini yutib oldi. Mazkur grant har yili dunyo bo'yicha 100 nafardan ortiq talabgorlar orasidan atigi 6-7 nafar nomzodgagina beriladi. Ushbu tashkilotning granti 2022-yilning iyun oyi oxirida Italiyada bo'lib o'tadigan xalqaro kongressda qatnashish xarajatlarini to'liq qoplab beradi.

    Xulosa qilib aytganda, maqolamiz qahramonlari davlat va jamiyatimiz ilm-fan sohasining yanada ravnaq topishi, mamlakatimizning xalqaro miqyosdagi obro'sini oshirishga munosib hissa qo'shib kelmoqda. Ular yaratayotgan startap loyiha, innovatsion ixtirolar yurt rivojiga xizmat qilyapti.

    Abdulla ChIMIRZAYEV,

    jurnalist