Pedagog xodimlarni moddiy-ma'naviy rag'batlantirishni kuchaytirish maqsadida ijtimoiy himoyaga muhtoj professor-o'qituvchilar ro'yxati shakllantirilib, tegishli ma'lumotlar banki yaratildi. Ushbu ro'yxatda qamrab olingan professor-o'qituvchilar doimiy ijtimoiy himoyaga muhtoj, vaqtinchalik muhtoj va me'yoriy holatda bo'lgan oilalarga bo'linib, yashash shart-sharoiti inobatga olingan holda institut byudjetidan tashqari mablag'lar hisobidan moddiy yordam ko'rsatildi. Shuningdek, professor-o'qituvchilar, xodimlar va talabalarning ijtimoiy ahvoli bo'yicha axborot bazasi yangilandi, institutda tahsil olayotgan nogironligi bo'lgan, chin etim, ijtimoiy himoyaga muhtoj, “Temir daftar”ga kiritilgan oila farzandlari uchun moddiy yordam pullari ajratildi.
Talabalarga homiylik yordami asosida to'lov shartnoma pulini to'lashda amaliy yordam ko'rsatish maqsadini ko'zlagan “Ezgulik fondi” ish boshladi. Fondga O'zbekiston paxta-to'qimachilik klasterlari uyushmasi, “O'zto'qimachiliksanoat”, “O'zcharmsanoat”, “O'zbekipaksanoat” kabi tashkilotlar homiylik qilib kelmoqda. Talabalar turar joyidagi shart-sharoitlar tubdan yaxshilandi. Bundan tashqari, institut rahbariyati tashabbusi bilan ijara-shartnoma asosida yashayotgan talaba-yoshlarga engillik yaratish maqsadida ijara banki tuzilib, 133 nafar talabaning har biriga 1 880 ming so'm moddiy yordam berildi. Ijarada yashayotgan talabalarning ijtimoiy yashash holatlari o'rganilib, qizil, sariq, yashil hududlarga ajratildi hamda yashash sharoitlarini yaxshilash choralari ko'rildi.
Italiyalik rassom, haykaltarosh olim Leonardo da Vinchi jadallashib borayotgan zamon haqida so'z yuritar ekan: “Agar temir ishlatilmasa, zanglaydi. Agar suv harakatlanib turmasa, ayniydi. Agar kishi fikrlamasa, aqlda ham shunday holat yuz beradi”, deya ta'kidlaydi. Haqiqatan, shamoldanda tez o'tayotgan soniyalar bizdan juda katta faollik va shijoatni, maqsadga erishishning eng oson va yaqin yo'lini tanlashni talab qilmoqda. Bizning eng katta vazifamiz, albatta, yuksak ma'naviyatli, qat'iy hayotiy pozitsiya, keng dunyoqarashga ega fidoiy va vatanparvar yoshlarni tarbiyalashdir. Bunda Prezidentimiz rahbarligida keng jamoatchilikka taqdim etilgan besh muhim tashabbus tizimini institutda mustahkamlash asosiy rol` o'ynaydi. Institut talaba-yoshlari o'rtasida har bir bayram arafasida musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr, muzey va san'atning boshqa turlariga qiziqishini oshirish maqsadida turli tadbirlar o'tkazilib turiladi. Ayniqsa, talaba-yoshlarning boy tariximizni o'rganish, uni asrab-avaylash, muzey va teatrlarga tashrifi masalalariga juda katta e'tibor qaratiladi. Talaba-yoshlarni har tomonlama barkamol etib tarbiyalash, sport bilan muntazam shug'illanishlarini yo'lga qo'yish maqsadida institutda “Rektor kubogi”, “Do'stlik spartakiadasi”, shuningdek, o'quv yili davomida “Sport bilan og'usiz hayot” shiori ostida bir qator tadbirlar, milliy o'yinlar ham o'tkazildi.
2020-yil 20-may kuni Prezidentimiz Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy bog'ida barpo etilgan Adiblar xiyoboni majmuasi ziyorati chog'ida millat adabiyoti tarixida munosib o'rin tutgan adiblar asarlarini o'rganish va targ'ib etish, yoshlarning ongiga singdirish vazifasini oliy o'quv yurtlariga topshirish g'oyasini ilgari surdi. Toshkent to'qimachilik va engil sanoat instituti jamoasi oldiga o'zining roman va qissalari, ilmiy-nazariy, siyosiy, badiiy-publitsistik asarlari, tarjimalari, ajoyib she'rlari, dostonlari, hikoyalari bilan o'zbek adabiyoti xazinasini boyitgan atoqli so'z san'atkorlaridan biri Oybek hayot va ijod yo'llarini o'rganish, yozuvchining qo'lyozma asarlarini tadqiq etish hamda o'lmas g'oyalarini talaba-yoshlar ongiga singdirish vazifasi qo'yildi. Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 24 avgustda qabul qilingan “Atoqli adiblar va mutafakkirlar ijodiy merosini yoshlar o'rtasida targ'ib qilish hamda Adiblar xiyobonidan samarali foydalanish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori ijrosi yuzasidan Adiblar xiyobonida ko'plab tadbirlar o'tkazildi. Shuningdek, Muso Toshmuhammad o'g'li Oybek hayoti va ijodini o'rganish, faoliyatini yoritish, ilmiy tadqiq qilish hamda targ'ib etish yo'nalishida izlanayotgan, alohida faollik ko'rsatgan talabalarni rag'batlantirish maqsadida institut rektori buyrug'iga asosan Oybek nomidagi stipendiya va ko'krak nishoni ta'sis etildi. Ayni vaqtda institutdagi Iqtidorli yoshlar akademiyasi tomonidan ushbu stipendiya va nishonning haqiqiy egasi bo'la oladigan qobiliyatli, adib hayoti va ijodini chuqur o'rganuvchi faol talabalar saralab olinmoqda.
2021-yil 19-yanvar` kuni Prezidentimiz boshchiligida ma'naviyat masalalari bo'yicha o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan institutda rektor boshchiligidagi yangilangan Ma'naviyat kengashi tuzildi. Mahallalarda ijtimoiy-ma'naviy muhit barqarorligini ta'minlash masalalariga alohida e'tibor qaratildi. “Bir ziyoli – bir mahallaga ma'naviy homiy” tamoyili asosida Chinoz hamda Yakkasaroy tumanlarida institutga biriktirilgan MFYlarga kafedra mudirlaridan iborat professor-o'qituvchilar mas'ul etib tayinlandi.
Prezidentimizning 2021-yil 20-apreldagi “Yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qo'llab-quvvatlash va bandligiga ko'maklashish, ularni ijtimoiy himoya qilish hamda bo'sh vaqtini mazmunli tashkil etishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmoni ijrosi yuzasidan Yakkasaroy tumanidagi “Dilbuloq”, “Muhandislar”, “Qushbegi”, “Meros”, “To'qimachi”, “Shohjahon, “Rakat”, “Belariq” hamda Sergeli tumanidagi “Oltin vodiy” mahallalari institutga biriktirildi. Bu mahallalardagi uyushmagan yoshlar bandligini ta'minlash va ularni ijtimoiy qo'llab-quvvatlashga ko'maklashish maqsadida ishsiz yoshlar soni aniqlanib, kam ta'minlangan, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan xonadonlarning 123 nafar farzandi uchun ingliz tili, rus tili, fizika, matematika va informatika, komp`yuter savodxonligi, dizayn, 3D modellash, komp`yuter grafikasi o'quv kurslari tashkil qilish imkoniyatini beruvchi bepul vaucherlar tarqatildi. Hozirgi paytda bu kurslar mashg'ulotlariga jalb etilgan professor-o'qituvchilarning oylik ish haqiga yigirma foizdan ustama to'lab berilmoqda. Institut rahbariyati hamda namunali va iqtidorli talabalar tomonidan mahallalardagi “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar bilan uchrashuvlar tashkil etildi.
Mahallalardagi umumta'lim maktablarida ta'lim sifatini oshirish va aniq fanlarning o'qitilishini takomillashtirish hamda yoshlarning oliy ta'lim muassasalarida ta'lim olishga bo'lgan qiziqishlarini oshirish maqsadida AKT va pedagogik texnologiyalardan foydalanish bo'yicha mahorat darslari o'tkazildi.
Ulug'bek ABDULLAEV,
Toshkent to'qimachilik va engil sanoat instituti
yoshlar masalalari va ma'naviy-ma'rifiy
ishlar bo'yicha prorektori