Soʻnggi yillarda olib borilgan islohotlar samarasi oʻlaroq, mamlakatimizda yoshlarni qoʻllab-quvvatlashning kompleks tizimi yaratildi. Bilimli, keng dunyoqarashga ega vatanparvar yigit-qizlarni tarbiyalash davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri etib belgilandi. Yoshlarga muammo emas, rivojlanishning asosiy drayveri, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning faol ishtirokchisi, yangi gʻoyalarning dadil tashabbuskori, xalqimizning tayanchi va suyanchi sifatida yondashilmoqda.
Oʻzbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini yangi bosqichga olib chiqish, sohadagi muammolarga yechim topish, vakolatli organlar faoliyatini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish maqsadida 2020-yilda davlat organi — Yoshlar ishlari agentligi tashkil etildi.
Yoshlar bilan bogʻliq soha va yoʻnalishlardagi muammolarni hal etishga qaratilgan dasturlarni amalga oshirish maqsadida yaxlit infratuzilma yaratildi. Jumladan, Oliy Majlis Senatida Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi tashkil etildi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida esa Yoshlar masalalari boʻyicha komissiya faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshida Yoshlar akademiyasi tashkil etildi. Mamlakatda ilk bor ish boshlagan Oʻzbekiston volontyorlari assotsiatsiyasi respublika boʻylab 70 dan ortiq volontyorlik guruhlarini birlashtirdi.
Chet elda oʻqiyotgan va mehnat qilayotgan yoshlarimiz bilan doimiy aloqalar oʻrnatish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda qoʻllab-quvvatlash maqsadida Oʻ zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi tashkil etildi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Yoshlar — 2030 kun tartibi” dasturiga koʻra, yoshlarning sifatli bilim olishi uchun imkoniyat yaratish barcha davlatlarning zimmasidagi eng asosiy vazifalardandir. Mamlakatimizda taʼlim tizimida keng koʻlamli islohotlar natijasida Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etildi.
Keyingi besh yilda oliy taʼlim muassasalari soni ikki barobar oshirilib, 2016-yildagi 77 tadan 141 taga yetdi, oliy taʼlimga qabul kvotasi ham 3 barobar oshirilib, 28 foizga yetkazildi. Yosh ayol-qizlarning taʼlim olishi uchun qoʻshimcha imkoniyat yaratilib, 3 ming nafardan ortiq qiz uchun alohida grantlar ajratilgani ham taʼkidlab oʻtishga arzigulik dalil.
Oliy taʼlim muassasalarida aʼlo baholarga oʻqiyotgan 3,5 ming talabaning shartnoma toʻlovi uchun 10 milliard soʻm mablagʻ ajratildi. Chin yetim, nogiron, Mehribonlik uyida tarbiyalangan va boquvchisini yoʻqotgan 729 nafar talabaning 2,1 milliard soʻmlik toʻlov shartnoma mablagʻlari “Yoshlar taʼlim granti” loyihasi doirasida, 3,5 ming nafarga yaqin talabaning 13 milliard soʻmlik toʻlov shartnoma mablagʻlari “Yoshlar daftari jamgʻarma”lari hisobidan qoplab berilgani ham bu boradagi islohotlar samarasidir.
Soʻnggi besh yilda yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan isteʼdodli va fidoyi oʻgʻil-qizlarning 795 nafari davlat mukofotiga sazovor boʻldi. Jumladan, 142 nafar yigit “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti, 61 nafar yosh esa “Kelajak bunyodkori” medali, 592 nafari “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangani ham ular muvaffaqiyatining yuksak eʼtirofidir. Ilm yoʻlini tanlagan iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida doktorantura bosqichi uchun kvota ikki barobarga oshirilgani ular safining kengayishiga sabab boʻlayotir. 2020-yildan boshlab bu kvotani har yili 50 foizga oshirib borish tartibi joriy etildi. Ushbu maqsadlar uchun har yili qoʻshimcha ravishda 100 milliard soʻm mablagʻ ajratilishi belgilandi.
Oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlarida eng yuqori ball toʻplagan 200 nafar yosh uchun Prezident granti, shuningdek, yurtimizdagi xorijiy oliy oʻquv yurtlarining bakalavriat bosqichi talabalari uchun Prezident va davlat stipendiyalari joriy etilishi iqtidor egalariga yanada katta ragʻbat berdi.
Yoshlarning ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shugʻullanishini qoʻllab-quvvatlash, ularning iqtidorini ragʻbatlantirish maqsadida “Boʻlajak olim” tanlovini oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi. Ushbu tanlov gʻoliblariga 50 milliard soʻm mablagʻ ajratilishi belgilandi.
Yoshlarning xorijiy tillarni oʻrganishini ragʻbatlantirish uchun xalqaro imtihon tizimlari boʻyicha yuqori ball (daraja) toʻplagan 808 nafar yoshga 1,5 milliard soʻm miqdoridagi imtihon xarajatlari qoplab berildi.
2021-yildan boshlab yoshlarning “Biznesga birinchi qadam” startap gʻoyalari tanlovi doirasida har bir tuman va shaharda kamida uch nafardan gʻolibga bazaviy hisoblash miqdorining 200 barobarigacha davlat byudjetidan grantlar berish amaliyoti joriy etildi.
Yoshlar bandligini taʼminlash, ularning muammolarini hal etishga qaratilgan mutlaqo yangi tizim — “Yoshlar daftari” va “Yoshlar dasturlari” joriy etilganini ham yangi islohot samarasi deb baholash mumkin. Tizimni raqamlashtirish, yoshlarga berilayotgan imtiyozlar shaffofligini taʼminlash, joylarda amalga oshirilayotgan ishlarni 3 bosqichda monitoring qilib borish imkonini beruvchi “yoshlardaftari.uz” yagona elektron platformasi ishga tushirildi.
Yoshlarga qaratilgan eʼtibor faqat tilda emas, balki amalda ham oʻz isbotini topyapti. Jumladan, navqiron avlod vakillarini qoʻllab-quvvatlash uchun har bir tuman (shahar)da “Yoshlar daftari” jamgʻarmalari tashkil etildi hamda ularda 231,8 milliard soʻm miqdorida mablagʻ shakllantirildi. Ushbu mablagʻlar va boshqa manbalar hisobidan “Yoshlar daftari”dagi 430 ming nafar yigit-qizga 300 milliard soʻm miqdorida yordam koʻrsatildi. Bu shunchaki kun kechirishga ajratilgan mablagʻ emas. Aksincha, yigit-qizlarning kelgusi farovon hayotini barpo etishi uchun ajratilgan samarali investitsiyadir.
Bugun yoshlar bandligini taʼminlash kun tartibidagi muhim masalalardan. Biroq aksariyat muassasalar hali muayyan kasbiy koʻnikmaga ega boʻlmagan yigit-qizlardan koʻra, tajribali insonlarni ishga olishni maʼqul koʻradi. Shu oʻrinda yoshlarni ishga olgan korxona va tashkilotlar uchun bir qator imtiyozlarning joriy etilgani ayni muddao boʻldi. Jumladan, ish beruvchilarga ularning 25 yoshdan oshmagan ishchi-xodimlari uchun hisoblangan ijtimoiy soliq summasini byudjetdan toʻliq qaytarib berish tartibi joriy etildi. Kasb-hunar maktabi va texnikumlar oʻquvchilariga korxonalarda amaliyot oʻtagan davri uchun 6 oy davomida 500 ming soʻmdan subsidiya berish tartibi joriy etildi. Bu ish beruvchi uchun ham, ish oʻrganuvchi uchun birdek manfaatli taklif.
Yurtimizda ishbilarmonlikni qoʻllab-quvvatlash borasida yaratilgan imkoniyatlar haqida soʻz ketganda soʻnggi toʻrt yilda 30 yoshgacha boʻlgan tadbirkorlar soni 5 barobar koʻpayib, 500 mingdan oshganini mamnuniyat bilan qayd etish joiz. Ular faoliyatiga yaqindan koʻmaklashish maqsadida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzurida Yosh tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil etilib, Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 100 million AQSH dollari ajratildi. Bu nechogʻli muhim qoʻllov-quvvatlov ekanini soha vakillari juda yaxshi biladi.
Barcha jabhalarga raqamlashuvning keng va faol tatbiq etilayotgani axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish ilmini chuqur egallagan kadrlarga ehtiyojni oshiryapti. Qolaversa, IT mutaxassislariga dunyo miqyosida ham talab yuqori. Shuni eʼtiborga olib, hududlarda 134 ta Raqamli texnologiyalar oʻquv markazi tashkil etildi. “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 168 ming nafar yigit-qiz kompyuter dasturlash asoslari boʻyicha bepul oʻqitildi. Bu degani shuncha yosh bir kasbni egallab, shaxsiy ehtiyojlari uchun pul topish imkoniga ega boʻldi.
Yoshlarning pul topishni oʻrgangani, ota- onasiga, oilasiga koʻmakchi boʻlgani juda yaxshi. Biroq xalqimiz doim moddiy farovonlikni maʼnaviyat bilan uygʻun holda koʻrib kelgan. 2020-2025-yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash milliy dasturining qabul qilingani ham mana shu qadriyatning amaliy ifodasidir. Uning dastlabki nishonasi sifatida “Maʼrifat karvoni” loyihasi doirasida yoshlarga 4 milliondan ortiq kitob yetkazib berildi. Kitobxonlik umummilliy harakatga aylanib, “Yosh kitobxon” hamda “Yosh kitobxon oila” koʻrik-tanlovini oʻtkazish anʼana tusiga kirdi. Natijada 11 nafar yosh kitobxon hamda 2 ta kitobxon yosh oila Prezident sovgʻasi — “Spark” avtomashinasi bilan taqdirlandi. Bu saʼy-harakatni kitobxonlikka undash boʻyicha dunyoda muqobili yoʻq loyiha sifatida baholash mumkin.
Vatan ichra vatanli, yaʼni boshpanali boʻlish har bir yosh oilaning orzusi. Yangi turmush qurgan yigit-qiz yoʻqki, farzandlarini oʻzining uyida dunyoga keltirib, ulgʻaytirishni istamasa. Barcha tuman va shaharlarda, jumladan, chekka hududlarda “Yoshlar uylari”ni qurish boʻyicha toʻrt yillik aniq reja ishlab chiqilgani yosh oilalarning mana shu orzusiga yetishishi yoʻlida umid mayogʻi boʻladi.
Xulosa qilib aytganda, yosh avlodning bilimli, kasb-hunarli, hur fikrli boʻlib voyaga yetishi, munosib daromad topishi uchun barcha zarur sharoit va imkoniyat yaratib berildi. Oʻzbekistonning yoshlar bilan ishlash borasidagi tajribasi noyob hisoblanib, xorijiy mamlakatlarning yoshlar tashkilotlari va ekspertlarining eʼtirofiga sazovor boʻlib kelmoqda. Mamlakatimiz yoshlar mamlakati sifatida xalqaro maydonga chiqmoqda.
Bu imkoniyatlarni yuksak qadrlash va ulardan samarali foydalanish, mamlakatimiz taraqqiyotiga bilimimiz va mehnatimiz bilan hissa qoʻshish barchamizning farzandlik burchimizdir.
Dilnozaxon KATTAXONOVA,
Yoshlar ishlari agentligi direktori oʻrinbosari,
“Doʻstlik” ordeni sohibasi