Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash uchun konstitutsiyaviy asosga ega zamin yaratilmoqda

    Oʻzbekistonda “Harakatlar strategiyasidan — Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyili asosida keng koʻlamli islohotlar olib borilmoqda, jamiyat va davlat oʻrtasidagi munosabatlar transformatsiyasi, davlatchilik konsepsiyasi, mamlakat bosh gʻoyasi va mafkurasida tub oʻzgarishlar kuzatilmoqda.

    Oʻtgan olti yilda davlatchilik tuzilmasi, davlat xizmati konsepsiyasi tubdan oʻzgardi. Mamlakatda islohotlar “inson — jamiyat — davlat” tamoyili asosida yoʻlga qoʻyildi, yaʼni inson, uning shaʼni, qadr-qimmati barcha islohotlar markaziga olib chiqildi. Bu esa, oʻz navbatida, mamlakat Asosiy qonunida yangi meʼyorlarni aks ettirish zaruratini yuzaga chiqaradi.

    Bugun xalqimiz konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon qilib kelyapti. Konstitutsiya moddalariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan koʻplab takliflarni ilgari surmoqda. Bildirilgan takliflarga ovoz berib, jarayon yuzasidan oʻz qarash va munosabatlarini ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali bildirib kelyapti. Ayni faollik fuqaroviy ong va siyosiy-huquqiy savodxonlikning oshganini koʻrsatmoqda. Bu esa mamlakatda fuqarolik jamiyatini kuchaytirish va soʻz erkinligini taʼminlash borasida qoʻllanilgan chora-tadbirlarning amaliy ­ifodasidir.

    Konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida eng koʻp faollikni aynan yoshlar koʻrsatayotgani juda quvonarli. Yoshlar vakili sifatida bu faollikni Prezidentning yoshlarga boʻlgan yuksak ishonchi va bizni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan vertikal tizim yaratilgani, faol fuqarolik pozitsiya va qatʼiy hayotiy qarashlarga ega yosh liderlarni yetishtirishga qaratilgan manzilli ishlar natijasi, deb ishonch bilan aytish mumkin.

    Yangilanayotgan Konstitutsiyamizda Oʻzbekis­ton huquqiy, ijtimoiy, dunyoviy demokratik davlat ekani belgilab qoʻyilmoqda. Bu esa yurtimizda aholining barcha qatlamlari, xususan, bolalar, oʻsmirlar, yoshlar, xotin-qizlar, nuroniylar va imkoniyati cheklangan insonlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilishini ­anglatadi.

    Shuningdek, Asosiy qonunimizda taʼlim, ilm-fan, millatni va xususan, yoshlarni maʼnaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlashning aniq konstitutsiyaviy mexanizmlari nazarda tutilmoqda. Bu, jumladan, davlat maktabgacha taʼlim-tarbiyani rivojlantirishga koʻmaklashishi, bepul umumiy oʻrta taʼlim olish davlat tomonidan kafolatlanishi, har bir bolaning umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlariga oʻqishga kirishi uchun majburiy bir yillik tayyorgarlikdan oʻtishga boʻlgan huquqi kafolatlanishi kabi jihatlarda oʻz aksini topadi.

    Bu, albatta, yosh avlod uchun maktabgacha taʼlim tizimidan boshlab uzluksiz taʼlimni taʼminlash, taʼlim sifati, kasbga yoʻnaltirish va oʻrgatish, kasb tanlashi, munosib mehnat ­sharoitlarida ishlashi uchun zamin yaratadi.

    Soʻnggi yillarda Prezidentimizning shaxsiy tashabbusi bilan yurtimiz yoshlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, isteʼdodini namoyon qilish va qoʻllab-quvvatlash, ijti­moiy himoyasini taʼminlashga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirib kelinmoqda. Bu yoʻnalishda koʻrilgan tizimli chora-tadbirlar xalqaro hamjamiyat, bizning xorijiy hamkorlarimiz, yaqin-yiroq mamlakatlardagi yoshlar siyosatiga masʼul davlat tashkilotlari rahbarlarining diqqati va oʻrganishlari markazida boʻlib kelyapti hamda yuksak eʼtirof etilmoqda.

    Koʻp mamlakatlar Konstitutsiyasida yoshlar siyosatining asosiy qoida va tamoyillari aks etgani kuzatiladi. Jumladan, Braziliya va Turkiya Konstitutsiyasida yoshlarning huquq va manfaatlariga alohida bob ajratilgan. Shuningdek, bir qator rivojlangan davlatlar Kons­titutsiyasida yoshlarning taʼlim olishi, salomatligi, maʼnaviy, intellektual, jismoniy rivojlanishi kafolatlari, huquq va manfaatlari, erkinliklari himoyasi, ijtimoiy-siyosiy ishtirokini taʼminlash masalalari alohida moddalarda belgilangan.

    Bizda ham shunday siyosat olib borilmoqda. Xususan, Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi eng muhim yoʻnalishlaridan biri intellektual rivojlangan yosh avlodni tarbiyalash hisoblanadi. Yangi Oʻzbekistonga xos va mos yangi Konstitutsiyani qabul qilish, bu — tarix, bugun va kelajakni bir harakat, bir nafas, bir ovozga jamlash degani. Zero, biz kechagi va bugungi tajribaga tayanib, kelajagimiz uchun yangi yoʻnalish, yangi marralarni belgilayapmiz.

    Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, Yangi ­Oʻzbekistonda yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ular bilan tizimli va manzilli ishlash borasida katta amaliy tajriba toʻplandi va bu zalvarli va xayrli yoʻlni, yoshlarga boʻlgan eʼtiborni Konstitutsiyamizda mustahkamlash hayotiy zarurat hisoblanadi. Mazkur masala umumxalq referendumi orqali hal etilishi esa jarayonda har bir fuqaroning ishtirok etishini, ularning “Mening Konstitutsiyam” deb ayta olishini taʼminlaydi.

    Dilnozaxon KATTAXONOVA,

    Yoshlar ishlari agentligi direktori oʻrinbosari,

    siyosiy fanlar boʻyicha falsafa doktori