Yoshlarning AT sohasida tahsil olishi uchun taʼlim krediti ajratiladi

    Moliya 15 Avgust 2022 2357

    2022-yil 12-avgustda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Zamonaviy bilim va kasb-hunar egallash imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

    2022-yil 1-oktyabrdan boshlab nodavlat taʼlim tashkilotlarining oʻquv kurslarida yoshlarning axborot texnologiyalari sohasida tahsil olishi uchun taʼlim krediti ajratish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

    Belgilanishicha, tijorat banklari Moliya vazirligi tomonidan joylashtiriladigan depozitlar hisobidan axborot texnologiyalari sohasida tahsil olish uchun taʼlim kreditlarini Markaziy bankning asosiy stavkasida ajratadi.

    Taʼlim krediti BHMning 65 baravarigacha miqdorda 1 yillik imtiyozli davr bilan 4 yil muddatga ajratiladi. Taʼlim krediti rasmiylashtirilishi va uning qaytarilishida kredit oluvchining doimiy daromad manbaiga ega boʻlgan oila aʼzolari va boshqa uchinchi shaxslar birgalikda qarz oluvchi sifatida qatnashishiga ruxsat etiladi.

    “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kirgan oilalar farzandlari axborot texnologiyalari sohasida tahsil olishga ajratiladigan taʼlim krediti uchun garov va kafillik talab etilmaydi.

    AT sohasida tahsil olish uchun yoshlarga taʼlim krediti Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki rezidenti boʻlgan tashkilotlarning oʻquv kurslarida taʼlim olish uchun ajratiladi. Bunda, axborot texnologiyalari sohasida taʼlim beruvchi rezident tashkilotlar reyestri IT-park tomonidan elektron axborot tizimi shaklida yuritiladi hamda zarur hollarda tijorat banklari, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan integratsiya qilinadi.

    2022-yil 1-noyabrdan boshlab AT “Xalq banki”, AT Aloqa bank» va «Mikrokreditbank» ATB ishtirokchi sertifikatini olgan yoki ushbu oʻquv kurslarini soʻnggi 6 oyda muvaffaqiyatli tamomlagan yoshlarga kompyuter (shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmagan) xarid qilish uchun BHMning 25 baravaridan koʻp boʻlmagan miqdorda isteʼmol kreditlari ajratishni boshlaydi.

    Bunda kompyuter xarid qilish uchun ajratiladigan isteʼmol kreditlari boʻyicha foiz toʻlovlarining Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravarigacha qismi Yoshlar ishlari agentligining Yoshlarga oid davlat siyosatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan kompensatsiya qilinadi, deb xabar beradi “Norma”.