Loyiha “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan Germaniyaning Solidaritätsdienst International e.V. (SODI) nodavlat notijorat tashkiloti va Toshkent shahar “Umidvorlik” nogiron bolalarga yordam berish markazi bilan birgalikda amalga oshirilyapti.
Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish federal vazirligi (BMZ) bunda moliyaviy koʻmak bilan ishtirok etadi.
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Oʻzbekiston volontyorlari assotsiatsiyasi esa — milliy hamkorlar sifatida.
Mazkur loyiha qiyin vaziyatlarda qolgan (shu jumladan nogironligi boʻlgan) 18-35 yoshdagi yoshlarning fuqarolik huquqlarini amalga oshirishda, shaxsiy va kasbiy salohiyatini roʻyobga chiqarishda imkoniyatlarini kengaytirish orqali turmush sifatini yaxshilashni maqsad qilgan. Bunga ularning shaxsiy, kasbiy, ijodiy va kommunikativ koʻnikmalarni rivojlantirish yoʻli bilan erishiladi.
Loyihaning asosiy vazifalari:
- Toshkent shahrida ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar uchun Ijtimoiy markaz tashkil etish;
- Benefitsiarlarni qoʻllab-quvvatlash uchun yangi xizmatlarni taqdim etish, toʻlaqonli inklyuziv yondashuv orqali ularning kasbiy imkoniyatlarini kengaytirish;
- Amaldagi davlat ijtimoiy himoya institutlari faoliyati samaradorligini oshirish mexanizmlarini ishlab chiqish;
- Barcha manfaatdor tomonlar bilan muloqotni yoʻlga qoʻyish, loyihaning butun muddati davomida fikr almashishni tashkil etish;
- Bandlik markazlari, aholining ehtiyojmand qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish elementi sifatida ishlayotgan “Ayollar” va “Yoshlar” daftarlari oʻrtasida bogʻlovchi boʻgʻin boʻlish.
Turli qiyin vaziyatlarda qolgan yoshlar uchun tashkil etiladigan Ijtimoiy markazda ularga ijtimoiy xodim, psixolog, huquqshunos, IT-trener, biznes-maslahatchi, hunarmand xizmatlari bepul koʻrsatiladi.
Anna GOSS, “SODI” xalqaro tashkiloti direktori (Germaniya):
— Bu Markaziy Osiyodagi ilk hamkorlik loyihamiz hisoblanadi. Aynan Oʻzbekistonda amalga oshirish boʻyicha 2021 yil oktyabr oyida kelishuvga erishgan edik. Qiyin vaziyatda qolgan va nogironligi boʻlgan yoshlarni inklyuziv qoʻllab-quvvatlash uchun birgalikda faol platforma yaratishni maqsad qilganmiz. Bu borada boy tajribamizni oʻrtoqlashmoqchimiz. Oʻylaymanki, hamkorlik doirasida koʻzlangan maqsadga muvaffaqiyatli erishamiz.
Taqdimotdan soʻng, hamkor tashkilotlar va tegishli idoralar vakillari ishtirokida davra suhbati oʻtkazildi. Unda loyiha maqsad va vazifalari, ish rejalari batafsil muhokama etildi.
Taʼkidlandiki, Ijtimoiy markazga murojaat qilganlarga qiyinchilikdan chiqish va rivojlanish boʻyicha alohida dastur taqdim etiladi. Shuningdek, Markaz faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida “Ishonch telefoni” ham yoʻlga qoʻyiladi.
“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati.