YUNESKO va Yevroittifoq Oʻzbekistonning qishloq joylarida aholi turmushini yaxshilashga yordam beradi

    Turizm 28 Iyul 2020 2559

    Oʻzbekiston hukumatining YUNESKO va Yevroittifoq bilan hamkorlikdagi yangi “Oʻzbekistonning qishloq hududlarida ishga joylashish koʻnikmalarini rivojlantirish” dasturining yoʻlga qoʻyilishiga bagʻishlangan onlayn yigʻilish boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda Bosh vazir oʻrinbosari, Oʻzbekiston Respublikasining YUNESKO masalalari boʻyicha Milliy komissiyasi raisi Aziz Abduhakimov, YUNESKOning taʼlim masalalari boʻyicha Bosh direktor oʻrinbosari Stefaniya Jannini, Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi elchisi Eduards Stiprays, shuningdek, vazirliklar, idoralar va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi.

    “Yangi loyihaning ishga tushirilishi yaqinda Prezidentimiz tashabbusi bilan kasb-hunar sohasidagi taʼlimni yana-da mustahkamlash, Oʻzbekistonning qishloq joylarida malaka va bandlik salohiyatini oshirishga qaratilgan dadil qadamlarga mos keladi. Bu loyiha Hukumatimizning asosan koronavirus pandemiyasidan zarar koʻrgan, ish oʻrinlari va daromadlarini yoʻqotgan qishloq aholisini ragʻbatlantirishga doir saʼy-harakatlariga hissa qoʻshish nuqtayi nazaridan ham juda dolzarbdir.

    Bundan tashqari, COVID-19 pandemiyasidan keyingi davrda yosh avlodni tarbiyalash va ularning kelajakdagi qiyinchiliklarga bardosh bera olish koʻnikmalarini oshirishga yordam beradi”, - dedi Aziz Abduhakimov oʻz nutqida. Maʼlum qilinishicha, yangi loyihaning maqsadi qishloq xoʻjaligi hamda irrigatsiya sohalarida texnik va professional taʼlimni takomillashtirish, respublikamizning qishloq joylarida ishga joylashish koʻnikmasini rivojlantirishga koʻmaklashishdan iboratdir.

    Kollejlarda taʼlim berish va tayyorlash jarayonlarini modernizatsiyalash, kollejlarni boshqarish, qishloq xoʻjaligida koʻnikmalarni rivojlantirishning yangi usullarini tatbiq etish, qishloq joylarda taʼlimning raqamli va onlayn-oflayn usullarini joriy qilish, qishloq xoʻjaligini yuritishning xalqaro va milliy innovatsiyalarga asoslangan yangi usullarini tatbiq qilish yangi dasturning muhim komponenti boʻlib qolmoqda.

    Mazkur dastur qishloq hududlardagi ishchilarni yangi zarur koʻnikmalar bilan taʼminlaydi: yuqori texnologik qishloq xoʻjaligi, takomillashgan mexanizatsiya, masofaviy zondlash, GIS/GPS uchuvchisiz uchar qurilmalaridan foydalanish, robototexnika, biotexnologiya, yirik maʼlumotlar va sunʼiy intellekt tahlilini qoʻllash kabilar shular jumlasidandir. Yangi loyiha qishloq xoʻjaligida koʻnikmalarni rivojlantirish tizimining sifati, dolzarbligi, natija va samaradorligi oshishi yoʻlida xizmat qiladi.

    Shu bilan birga, loyiha qishloq xoʻjaligi sektorlarida yangi tashabbus va yondashuvlarni ishlab chiqish, sinab koʻrish va yoʻlga qoʻyishga yordam beradi. Hukumatimiz tomonidan YUNESKO va Yevropa Ittifoqi hamkorligida yoʻlga qoʻyilayotgan “Oʻzbekistonning qishloq hududlarida ishga joylashish koʻnikmalarini rivojlantirish” dasturining 4 yilga moʻljallangan loyihasi umumiy summasi 9,6 million yevroni tashkil qiladi. Aziz Abduhakimov bu kabi islohotlarning bosh maqsadi hatto eng olis hududlar va qishloq joylarda ham mahalliy aholi turmush sifati va farovonligini oshirishdan iborat ekanini taʼkidlab, Oʻzbekiston hukumati bu yoʻlda xalqaro hamkorlar bilan yaqindan ishlashga doimo tayyor ekanini maʼlum qildi.

    Maʼlumot uchun, 2018-2019-yillarda “Obod qishloq” davlat dasturi doirasida qishloq aholisi turmush sharoitlarini yaxshilash, 895 qishloq infratuzilmasini modernizatsiyalash va obodonlashtirish boʻyicha katta ishlar amalga oshirildi. Aholining 2020-2022-yillardagi demografik oʻzgarishlari va ehtiyojlarini inobatga olgan holda, “Obod qishloq” dasturi boʻyicha Oʻzbekistondagi 800 qishloq taʼmirlandi va obodonlashtirildi.

    Oʻzbekiston hukumati qishloqlar infratuzilmasini modernizatsiyalash bilan bir qatorda mamlakatimizdagi har bir qishloq, har bir hududning iqtisodiy salohiyatini maksimal namoyon qilishga alohida eʼtibor qaratmoqda. “Turizm qishlogʻi”, “Turistik mahalla” kabi koʻplab loyihalarning yoʻlga qoʻyilishi oʻsha hududning iqtisodiy oʻsishi va rivojlanishida muhim rol oʻynaydi. Xorijiy tajriba va zamonaviy texnologiyalarning jalb qilinishi esa bu yoʻnalishdagi tashabbuslarning muvaffaqiyatida muhim omil boʻlib xizmat qiladi.