YUNISEF va Ichki ishlar vazirligining Kiberxavfsizlik markazi bolalarni onlayn zoʻravonlikdan himoya qilish boʻyicha hamkorlikda ishlaydi

    Xavfsizlik 8 Fevral 2022 1925

    Jahon miqyosidagi maʼlumotlarga koʻra, Internet foydalanuvchilarining uchdan bir qismini 18 yoshgacha boʻlgan bolalar tashkil etadi va har yarim soniyada bir bola birinchi marotaba Internet tizimiga kiradi.

    Dunyoda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanayotgan bolalar va oʻsmirlar soni kundan-kunga ortib boryapti. Oʻzbekiston ham bundan istisno emas. SOVID-19 pandemiyasi bu jarayonni tezlashtirdi hamda bolalar va kattalarni avvalgidan ham koʻproq vaqtni onlayn tarzida oʻtkazishga majbur qildi.

    Internetdan toʻgʻri foydalanilsa va barchaning bunga imkoni boʻlsa, u dunyo boʻylab imkoniyatlarni kengaytirishi va ijodga ragʻbatlantirishi mumkin. Biroq bu imkoniyatlar bolalar uchun turli shakllardagi jiddiy xavf va tahdid bilan ham bogʻliq boʻlishi mumkin. Kiber qoʻrqitish, kiber taʼqib qilish, kibergruming, yaʼni yomon niyatda bolalar bilan doʻstona munosabatlarni oʻrnatish shular jumlasiga kiradi.

    8-fevralda butun dunyoda nishonlanadigan Xavfsiz internet kunida YUNISEF va Ichki ishlar Vazirligining Kiberxavfsizlik markazi bolalarni onlayn zoʻravonlikdan himoya qilish maqsadida hamkorlikni boshladi. Tadbirda Parlament aʼzolari, Oliy Majlisning bola huquqlari boʻyicha vakili, davlat organlari va jamoat tashkilotlarining vakillari ishtirok etdi, deb xabar beradi YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi matbuot xizmati.

    “Internetdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va axborot olishdagi tengsizlikni qisqartirish barcha bolalar va yoshlar muvaffaqiyatga erishishlari uchun zarur boʻlgan bilim va koʻnikmalarni egallashlari uchun juda muhimdir. Afsuski, barcha afzalliklariga qaramay, Internet onlayn suiisteʼmol, ekspluatatsiya va notoʻgʻri maʼlumotlarni tarqatish bilan ham bogʻliq. Shu bois ham onlayn, ham real hayotda zoʻravonlikka qarshi kurashning eng yaxshi yoʻli bu masalalarni hal qilishda tizimli yondashuvdir”, — dedi YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade. “Bolalarga nisbatan zoʻravonlik masalasini hal etish uchun ota-onalarning bilim va koʻnikmalarini yaxshilash, bolalarning xabardorligini oshirishni, ijtimoiy xizmatlar va bolalarni himoya qilish sohasidagi kadrlar salohiyatini takomillashtirish hamda kuchli qonunchilikni hamda institutsional bazani, jumladan maʼlumotlarni toʻplash va boshqarish tizimini talab qiladi”, — deya taʼkidladi u.

    “Hozirgi globallashuv asrida yoshlarning dunyoqarashi kun sayin oʻzgarib boryapti. Buning asosiy sabablaridan biri ularning zamonaviy axborot kommunikatsiyalaridan faol foydalanishi, dunyoda roʻy berayotgan yangiliklar, voqea-hodisalardan tez xabardor boʻlishi bilan ham izohlanadi. Shu nuqtayi nazardan, aholisining katta qismini yoshlar tashkil etuvchi mamlakatimizda ularga nisbatan kibertahdidlarning oldini olish va ularga qarshi kurashish muhim ahamiyat kasb etadi”, — dedi Ichki ishlar vazirligi Kiberxafsizlik markazi boshligʻi Bexzod Mamadjanov.

    Internetda va real hayotda bolalarga nisbatan zoʻravonlikka qarshi kurash boʻyicha kelgusidagi qadamlar sifatida ishtirokchilar idoralararo hamkorlikni yaxshilash, fuqarolik jamiyati tashkilotlarining faol ishtirokini, ota-onalar va mutaxassislarning bolalarni qoʻllab-quvvatlash va onlayn tahdidlardan himoya qilish boʻyicha xabardorligini oshirishni tavsiya qildilar.