Yuqori reytingdagi tadbirkor: “Zelal Tekstil” qo'shimcha imtiyozlardan foydalana boshladi

    Ushbu imkoniyat ortidan korxona 7 milliard so'm pulni tez fursatda qaytarib olishga erishdi.

    Oxirgi vaqtlarda tadbirkorlar reytingi haqida koʻp eshityapmiz. Biznes vakillarining aksariyati ana shu reytingning yuqori pogʻonasidan joy egallashga intilyapti. Bu ularga qoʻshimcha qulaylik, imtiyozlar berishini taʼkidlamoqda. Boisi, yurtimizda joriy yil 1-fevraldan tadbiq etilgan tadbirkorlarning barqarorlik reytingi ishbilarmon doira vakillarining faoliyatini baholabgina qolmasdan, ularni qoʻshimcha ragʻbatlantirishni nazarda tutadi.

    Barqarorlik reytingi odatdagi kabi yuqori, oʻrta, qoniqarli va quyi toifalarga boʻlinadi. Ular ham yana bir nechta toifalarga ajratiladi. Masalan, yuqori toifa “AAA”, “AA”, “A” darajalarni oʻz ichiga olsa, oʻrta “B” hamda qoniqarli “S” toifalar ham shu tarzda saralanadi. Quyi “D” toifa esa yagona darajadan iborat.

    Yaʼni, tadbirkorlik subyektlari oladigan toifalar ularning faoliyatiga beriladigan bahodir. Bu baho yaxshi yoki yomon boʻlishiga koʻra maʼlum choralar belgilanadi. Ammo reytingi past korxonalarga nisbatan jazo choralari qoʻllash nazarda tutilmagan. Faqatgina, ragʻbatlantirish koʻrsatkichga qarab oʻzgarib boradi. Buning qulayliklarini reyting darajasini oshirib borayotgan ishbilarmonlar yaqqol sezmoqda. Mavjud imtiyozlarni olish uchun oʻrta darajadagi korxonalar ham yuqori reytingga ega boʻlishga intilayotgani boisi shunda.

    Poytaxtimizdagi “Zelal Tekstil” MCHJ xorij korxonasi reytingning eng yuqori toifasidan joy olganlar qatorida. Bu daraja ularga koʻplab imtiyozlar berdi. Eng katta qulayligi esa QQSdan hosil boʻlgan summani bir kunda qaytarib olish imkoniyati boʻlmoqda. Ushbu imkoniyat ortidan korxona 7 milliard soʻm pulni tez fursatda qaytarib olishga erishdi.

    — QQS pullarining qaytishi haftalab, baʼzan oylab kechikardi. Buning ortidan ish faoliyatimiz sekinlashib, ishlab chiqarish quvvatlari tushib ketardi, — deydi “Zelal Tekstil” MCHJ XK direktor oʻrinbosari Rahmatulla Abdurahmonov. — Korxonamiz reytingning eng yuqori toifasiga kirishi ortidan ayni shu muammo hal boʻldi. Yaʼni, tadbirkorlarning barqarorlik reytingi joriy etilgach, biznes vakillarini ragʻbatlantirish, imtiyozlar yanada oshdi. Korxonalar qancha yaxshi, toʻgʻri ishlab, natija koʻrsata olsa, imkoniyatlari shuncha kengayib boradi. Imtiyozlarning toifalarga koʻra belgilangani ham toʻgʻri yechim, deb bilaman. Bu tadbirkorlarni ajratish yoki ishiga qarab munosabat bildirish emas, aksincha, faoliyatining oʻsishi, rivojlanishiga turtki beradi. Quyi toifadagi firmalar ham koʻproq imtiyozdan foydalanish uchun yaxshiroq ishlashga, qonun doirasida faoliyat olib borishga intiladi. Buning ortidan, barchamiz birgalikda mamlakat iqtisodiy rivojiga hissa qoʻshamiz. Bozorda sogʻlom raqobat muhiti taʼminlanadi. Bizning “Zelal Tekstil” MCHJ xorij korxonamiz doim yuqori sifat va halollik tarafdori boʻlib kelgan. 2016-yildan buyon shu maqsad asosida faoliyat olib boryapmiz va ayni paytda korxona mamlakatimizdagi eng yirik tekstil eksportyorlaridan biriga aylangan. Soliq va boshqa toʻlovlarni oʻz vaqtida toʻlab, yuzlab ish oʻrni yaratishi ortidan barqarorlik reytingining eng yuqori toifasidan joy oldi.

    Turkiyalik tadbirkorlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan tekstil fabrikasida 20 dan ortiq turdagi mato ishlab chiqariladi. Korxonaning kunlik ishlab chiqarish quvvati 70 tonna. Tayyor mahsulotlar Rossiya, Qirgʻiziston, Ozarbayjon, Armaniston, Polsha, Sloveniya, Italiya kabi davlatlarga sotiladi. Oʻtgan yili 76 million dollarlik eksport qilindi.

    Zavodda tayyor ip-kalavadan xom mato toʻqilib, soʻng, boʻyash, quritish, gul bosish bosqichlaridan oʻtadi. Nazorat-tekshiruv boʻlimida mahsulot sifat koʻrigidan oʻtkazilgach, qadoqlanib, mijozga yetkaziladi. Ushbu jarayonlarning bari eng zamonaviy texnologiyalar yordamida bajariladi. Qurilmalar Italiya, Avstriya, Turkiya, Xitoy davlatlaridan keltirilgan. Shunga qaramay, zamonaviy texnikalarni boshqarish va boshqa ishlarda qoʻl mehnati ham zarur — korxonada 900 kishining bandligi taʼminlangan. Turkiyalik mutaxassislar ularga ish oʻrgatib, tajribasini oshirib boradi.

    Korxona ish faoliyatini yanada kengaytirib, tekstil sohasida birinchilar qatorida boʻlishni maqsad qilgan. Bu borada yurtimizda tadbirkorlarga berilayotgan imtiyozlardan ham unumli foydalanyapti. Joriy yilda 5 million dollar imtiyozli kredit olib, yangi texnologiyalar sotib olishga yoʻnaltirildi.

    Talablari qanday?

    Aslida, boshqalardan yaxshiroq ishlagan, koʻproq natija koʻrsatganlarni ragʻbatlantirish amaliyotda sinovdan oʻtgan tajriba. Bu barcha sohada mavjud imkoniyatlarni aniqlab, talabgorlarda ishchanlik, mehnat unumdorligini oshirishga xizmat qiladi. Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingidan koʻzlangan maqsad ham shu — ragʻbat toifaga qarab oshib boradi. Asosiy talab esa tadbirkorlarning qonunchilikda belgilangan meʼyorlar boʻyicha majburiyatlarini ixtiyoriy ravishda va oʻz vaqtida bajarishlariga qaratilgan.

    — Sodda qilib aytganda, har kim mehnatiga yarasha ragʻbat oladi. Bu jahon tajribasida ham sinalgan usul boʻlib, imtiyozlarning toifalar asosida berilishi ularga kirishga boʻlgan intilishni oshiradi, — deydi Savdo-sanoat palatasi boshqarma boshligʻi Sarvarbek Niyazov. — Barqarorlik reytingi ham shunday. Masalan, agar tadbirkor “AAA” toifadagi reytingga ega boʻlsa, soliq tekshiruvlaridan toʻliq ozod boʻladi, QQSdan hosil boʻlgan soliq summasi amaldagi 7 kundan 30 kungacha boʻlgan muddatda emas, balki bir kunda qaytariladi. Xuddi shunday, QQSdan boshqa soliq turlari boʻyicha hosil boʻlgan ortiqcha soliq summalarini 3 kunda qaytarish yuzasidan qoʻshimcha preferensiyalar beriladi. Ragʻbatlantirishlardan yana biri — soliq va bojxona organlarida tovarlarni import qilish vaqtida toʻlangan soliqlarni hisobga olish tizimining joriy qilinganidir. Avval bu faqat yirik soliq toʻlovchilar hamda “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturi doirasida sertifikat olgan korxonalar uchun amal qilardi. Endi esa reytingi yuqori boʻlgan tadbirkorlik subyektlariga ham mazkur tartib tadbiq etilgan. Biroq reyting tadbirkorlarga qoʻshimcha imtiyozlar berishnigina nazarda tutmaydi. U ishbilarmonlarga hamkorlari toʻgʻrisida ishonchli maʼlumot beruvchi, shubhali shartnomalar va insofsiz raqobat xavfidan ogohlantiruvchi himoya tizimi hamdir.

    Reyting Soliq qoʻmitasining “Tadbirkorlarning barqarorlik reytingi” elektron platformasida idoralararo axborot almashinuvi vositasida avtomatik tarzda (onlayn) shakllantirilib, Savdo-sanoat palatasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilib borilmoqda. Maʼlumotlarga koʻra, platforma ishga tushirilgan vaqt — joriy yil 1-fevralda eng yuqori “AAA” toifadagi tadbirkorlik subyektlari soni 38 tani tashkil etgan boʻlsa, hozirgi kunda 500 dan oshdi. Ushbu darajadagi tadbirkorlar soni boʻyicha Toshkent shahri, Toshkent viloyati va Andijon viloyati peshqadamlik qilmoqda, sohalar kesimida esa sanoat, ulgurji va chakana savdo, xizmat koʻrsatish tarmoqlari oldinda.

    Tadbirkorlarning reyting koʻrsatkichlarini yaxshilash ularning oʻzigagina tashlab qoʻyilgan masala emasligi yanada ahamiyatli. Bu borada ular Savdo-sanoat palatasi, Soliq qoʻmitasi hamda Biznes-Ombudsman yordamidan foydalanishlari mumkin. Toifalar doirasidagi ragʻbatlantirishlar qatoriga ham muntazam yangilari qoʻshib borilmoqda. Joriy yil 24-may kuni qabul qilingan “Tadbirkorlik subyektlariga subsidiyalar, imtiyozlar va preferensiyalar taqdim etish tartiblarini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori bilan bu boradagi vazifalar yanada takomillashtirildi.

    Jumladan, shu yil 1-maydan 2026-yil 1-maygacha “A” va undan yuqori toifadagi toʻqimachilik va tikuv-trikotaj yoʻnalishidagi tadbirkorlarda soliq tekshiruvlari oʻtkazilmaydi. Qolaversa, ushbu toifadagi tadbirkorlar uchun ham QQS summasi oʻrnini qoplash 1 kun muddatda tekshiruvlarsiz amalga oshiriladi. Bu, endilikda, ushbu summani haftalab kutmasdan, bir kunda oladigan tadbirkorlar safi kengayadi, degani.

    Imkoniyatlar ham shunga yarasha. Masalan, tadbirkorlarning reyting darajasi pasayganda, imtiyoz berish 3 oy davomida saqlanib qolinadi. Yuqorilagan taqdirda esa imtiyozlar keyingi oydan boshlab yangilangan reyting darajasiga muvofiq miqdorlarda taqdim etiladi.

    Iroda TOSHMATOVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

    (Maqola “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining 29.05.24 y, 104-sonida eʼlon qilindi)