Yurtimizda oilaviy ajrimlarning umumiy statistikasi qanday?

    Mamlakatimizda 4 Avgust 2020 5888

    Bugun AOKA huzuridagi shtabda Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi matbuot kotibi Saodat Boymirzayeva ishtirokida brifing boʻlib oʻtdi.

    Brifingda bu savolga javob qaytarildi.

    Respublikamizda joriy yilning birinchi yarim yilligi davomida 12 ming 810 ta, oʻtgan yilning shu vaqtiga nisbatan 3 ming 151ta kam oilaviy ajralishlar roʻyxatga olingan. Mamlakatimizdagi mavjud oilalarning 0,03 foizining taqdiri ajralish bilan yakun topgan.

    Yuzaga kelgan mazkur ajrimlar natijasida joriy yilning oʻzida Respublika boʻyicha 8 ming 725 nafardan ortiq voyaga yetmagan bolalar ota yoki ona mehridan mahrum boʻlgan.

    Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi tomonidan joriy yilning shu vaqtiga qadar 15 ming 413 ta ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalarning 9 ming 980 tasi yaʼni, 60 foizi yarashtirildi. Shuningdek, 11 ming 985 ta nikohi qonuniy rasmiylashtirilmagan oilalar aniqlanib, ularning 5 ming 960 tasi yoki 57,8 foizining nikohi qonuniy rasmiylashtirildi.

    Bu koʻrsatkichlarni hududlar kesimida tahlil qiladigan boʻlsak, aholi va oilalar sonining koʻpligi munosabati bilan, eng yuqori raqamlar Toshkent shahar va Andijon viloyatlariga toʻgʻri keladi.

    Joriy yilning shu kuniga qadar poytaxt oilalarining 1692 tasi ajrashgan, 918 ta oila esa ajrim yoqasiga kelib qolgan. Keyingi oʻrinda 1498 ta ajrashgan oilalar bilan Andijon viloyati turibdi. Viloyatdagi ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar soni esa 1716 tani tashkil etmoqda.

    Ajralgan oilalar soni Fargʻona viloyatida 1304 ta, Toshkent viloyatida 1308 ta, Samarqand viloyatida 1302 ta, Namangan viloyatida 923 ta, Qashqadaryo viloyatida 815 ta, Surxondaryo viloyatida 749 ta, Buxoro viloyatida 744ta, Sirdaryo viloyatida529 ta, Qoraqalpogʻiston Respublikasida 513 ta, Xorazm viloyatida 497 ta, Jizzax viloyatida 489 ta, Navoiy viloyatida 447tani tashkil etadi.

    Yolgʻiz ayolman. Hozirda nogironlik aravachasiga muhtojligim bor. Nogironlik aravachasini olish uchun kimga murojaat qilishim zarur?

    Nogironligi aniqlangan fuqarolar oʻz hududidagi oilaviy poliklinikada roʻyxatga olinadi hamda fuqaroga nogironlik haqida tibbiy xulosa beriladi. Siz mazkur tibbiy xulosa va boshqa zarur hujjatlarni ilova qilgan holda oʻz hududingizdagi fuqarolar yigʻiniga nogironlik aravachasi olish boʻyicha ariza bilan murojaat qilishingiz kerak.

    Fuqarolar yigʻini raisi siz tomoningizdan topshirilgan hujjatlarni tegishli tartibda oʻrganib chiqqach, sizga nogironlik aravachasi ajratish boʻyicha sektor rahbari yoki tuman (shahar) hokimligiga murojaat qiladi. Shu tariqa siz kam taʼminlangan oilalarda yashovchi nogironligi bor fuqarolar uchun ajratiladigan nogironlik aravachalari va boshqa kerakli vositalarini olish uchun belgilangan tartibda navbatga qoʻyilasiz.