26 Apr 2025
09:55

    Ilm va tabiat uygʻunligida barpo etilgan “Ilm-maʼrifat bogʻi”

    Bugungi kunda taʼlim, fan va ekologiya sohalaridagi hamkorlik yangi bosqichga koʻtarilmoqda. Bu yoʻnalishdagi eng ilgʻor tashabbuslardan biri – Qoraqalpoq davlat universiteti hududida barpo etilgan “Ilm-maʼrifat bogʻi”dir. Mazkur bogʻ Namangan davlat texnika universiteti tashabbusi va ilmiy yondashuvi asosida hayotga tatbiq etildi.

    Bogʻda 100 tupdan ortiq manzarali daraxt koʻchatlari va 500 tupdan ziyod turli xil gullar ekildi. Ahamiyatli jihati shundaki, bu gullar va koʻchatlar Namangan davlat texnika universitetining laboratoriyasi va innovatsion issiqxonasida yetishtirilgan. Eng muhimi, bu ish jarayonida Namangan davlat texnika universiteti olimlari tomonidan ishlab chiqilgan gidrogel texnologiyasidan foydalanildi. Ushbu texnologiya suvni tejash va oʻsimliklarni samarali parvarishlashda yuqori samara beradi. Bu esa bogʻni nafaqat goʻzal, balki ekologik jihatdan ham barqaror makonga aylantiradi.

    Tantanali ochilish marosimida ikki universitet rahbariyati, professor-oʻqituvchilar, talabalar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi. Ular ushbu bogʻning barpo etilishi – taʼlim, fan va ekologik madaniyatning oʻzaro bogʻliqligini koʻrsatuvchi yorqin namuna ekanini taʼkidlashdi.

    — “Ilm-maʼrifat bogʻi” — bu shunchaki gullar va daraxtlar ekilgan hudud emas. Bu — yosh avlod uchun tarbiya maskani, jamiyatimizda ekologik madaniyatni shakllantiruvchi oʻquv-tarbiyaviy maydon. Bogʻda har bir gul, har bir daraxt ilm-fanning, mehnat va hamkorlikning timsoli. Bizni quvontiradigan jihati — gidrogel texnologiyasi kabi zamonaviy yondashuvlarning amaliyotda oʻz oʻrnini topayotganidir. Bunday tashabbuslar orqali biz nafaqat tabiatga, balki kelajak avlod tafakkuriga ham taʼsir koʻrsatyapmiz — deydi Qoraqalpoq davlat universiteti rektori, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Axmed Reymov.

    Marosim davomida yana bir muhim voqea, Namangan davlat texnika universiteti jamoasi Qoraqalpoq davlat universiteti jamoasiga 64-xalqaro gullar festivalida ishtirok etish uchun rasmiy taklifnomani tantanali ravishda topshirdi. Bu taklif nafaqat anʼanaviy doʻstona aloqalarni mustahkamlaydi, balki universitetlar oʻrtasidagi ilmiy-amaliy hamkorlikning yangi bosqichini belgilab beradi.

    Minajatdin Qutlыmuratov,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech