Uchrashuvda davlatimiz rahbari koʻplab tashabbus va gʻoyalar, yangiliklarni aytdi. Ularning barchasi tadbirkorlarning dilidagi gap boʻldi. Eng asosiysi, jarayonga oʻsha kunning oʻzidayoq kirishildi va bu boradagi ishlar qizgʻin davom etmoqda.
— Uchrashuv biz, tadbirkorlar faoliyatida yangi bosqich boshlanayotgani, soha davlatimiz rahbarining doimiy eʼtiborida ekanini anglatadi, — deydi Nukus shahridagi “Visconti” korxonasi rahbari Miyrigul Kaipova. — Men ham tadbirkorligimni ana shu imkoniyatlar asosida, yaʼni 100 million soʻm imtiyozli kredit olib, non va non mahsulotlarini ishlab chiqarishdan boshlaganman. Shunga ham bir yil boʻldi. Ayni paytda korxonamizda mehnat qilayotgan 6 nafar xotin-qiz bilan birga aholi dasturxoniga 46 turdagi non va non mahsulotlarini yetkazib beryapmiz.
Nukusda imkoniyatdan samarali foydalanib kelayotgan tadbirkorlar koʻp. Hamidbek Qosimov shulardan biri. U dastlab bir muddat akasining korxonasida ishladi. Keyinchalik oʻz tadbirkorligini yoʻlga qoʻydi: 2017-yilda “Osiyo yogʻdusi” masʼuliyati cheklangan jamiyatini ochdi.
— 2019-yilda investitsiya kiritish sharti bilan Nukus tumani “Samanbay” ovul fuqarolar yigʻini hududida boʻsh turgan ustaxonani jamiyat balansiga olib, qandolat sexi tashkil qildik, — deydi Hamidbek Qosimov. — Buning uchun Toshkentdan ilgʻor tadbirkorlarni taklif qilib, maslahatini oldik, tajribasini oʻrgandik. Shundan beri mahsulotlarimizni Nukus va Oqmangʻit dehqon bozorlari, shuningdek, xorazmlik buyurtmachilarga sotyapmiz.
Ellikqalʼa tumanining “Navoiy” ovul fuqarolar yigʻinida yashovchi Hamdam Saidabdullayev qoraqalpoq sharoiti uchun noodatiy boʻlgan tadbirkorlik, yaʼni tuyaqush boqish bilan shugʻullanadi.
— Bu ishga Fargʻona viloyatidan 6 ta tuyaqush joʻjasi olib kelib kirishgandim, — deydi tadbirkor. — Soʻng inkubator sotib oldim. Hozir oʻzim aholiga tuyaqush joʻjalarini sotyapman. Shugʻullansa boʻladigan biznes ekan. Inkubatorda joʻjalar 42 kunda tuxumni yorib chiqadi. Ozgina parvarishlab sotuvga chiqaraman. Shu ish ortidan yiliga 300 million soʻm sof foyda olyapman. Tuyaqush boqish oilaviy tadbirkorlik uchun juda qulay. Ikki kishi yetadi. Ozuqasini vaqtida berib tursangiz, bas. Kasallanish xavfi oz, faqat vaqtida emlab turish kerak.
Ayni paytda “Navoiy” ovul fuqarolar yigʻinida yashayotgan 5925 kishidan 842 nafari chorvachilik, parrandachilik va asalarichilik bilan shugʻullanadi. Ular davlatimiz rahbarining “Tadbirkorlik qancha tez rivojlansa, mamlakatimiz shuncha qudratli boʻladi, xalqimiz shuncha farovon yashaydi” degan soʻzlaridan kuch olib, astoydil mehnat qilmoqda.
Minajatdin QUTLIMURATOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri