Soxta 50 mln soʻmlik “Onlayn Mikroqarz” uchun xizmat haqi 1 mln soʻm boʻldi

    Toshkent shahri, Sirgʻali tumanida yashovchi 37 yoshli F.Ya. IIOga murojaat qilib, bank kartasidan 1.000.000 soʻm miqdoridagi pul mablagʻlari nomaʼlum shaxs tomonidan oʻzlashtirilganini maʼlum qilgan.

    Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik boʻlinmalari xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Surxondaryo viloyati, Qumqoʻrgʻon tumanida yashovchi 23 yoshli S.M. sodir etganligi aniqlandi.

    Gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan S.M., jabrlanuvchi F.Ya. bilan telegram messenjeri orqali tanishib, uni 50 mln. soʻmgacha “Onlayn Mikroqarz” olib berishga qiziqtirgan va xizmat haqi sifatida oldindan 1 mln. soʻm oʻtkazib olgan, natijada na “Onlayn Mikroqarz” na 1 mln. soʻm pullari qaytarilmaganligi maʼlum boʻldi.

    Mazkur holat yuzasidan S.M.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

    Qonunga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 5-yildan 8-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.