FarDU - Times higher education (THE) reytingida yana yuqoriladi!

    FarDU aynan sifatli taʼlim yoʻnalishi boʻyicha 57,1 ball bilan 400+ koʻrsatkichga erishib, TOP 500 universitetlar roʻyxatiga kirgani alohida ahamiyatga ega.

    Maʼlumki, kundan-kunga oʻz faoliyatini isloh etib, oliy taʼlim xizmatlarining barcha yoʻnalishida ilgarilab borayotgan Fargʻona davlat universiteti - oʻtgan yili butun dunyoga oʻz nufuzi va shaffofligi bilan tanilgan Buyuk Britaniyaning Times Higher Education - “THE” reytingida “Barqaror rivojlanish maqsadlari”ga (SDGs) muvofiq 14 ta yoʻnalish boʻyicha 1000+ natijani qayd etgan edi.

    Eng quvonarlisi, reyting agentligining kuni kecha eʼlon qilingan “Impact Rankings” yoʻnalishi natijalariga koʻra, 5 ta indikator boʻyicha FarDU TOP 500 universitetlar roʻyxatidan oʻrin egalladi.

    Shuningdek, tanlab olingan 10 ta indikatorning yana 4 ta yoʻnalishida Fargʻona davlat universiteti koʻrsatkichlari TOP 1000+ talik roʻyxatidan joy oldi.

    Ushbu natijalarning eng salmoqlisi, FarDU aynan sifatli taʼlim yoʻnalishi boʻyicha 57,1 ball bilan 400+ koʻrsatkichga erishib, TOP 500 universitetlar roʻyxatiga kirgani alohida ahamiyatga egadir. Chunki dunyoning 115 ta davlatidan reytingda ishtirok etayotgan 1963 ta universitetlar ichida aynan FarDU sifatli taʼlim maskani sifatida eʼtirof etilishi - yoshlarni ilmu-maʼrifatli qilish, Yangi Oʻzbekistonga munosib yetuk, maʼnaviyatli kadrlarni tayyorlash bobida oliygohning fidokorona mehnati samarasini yaqqol koʻrsatib berdi.

    Aytish kerakki, jahondagi eng nufuzli universitetlar “THE” roʻyxatida oʻz oʻrnini saqlash qolish uchun olgʻa intilayotgan xalqaro taʼlim raqobati muhitida Fargʻona davlat universitetining reytingdagi oʻrni yildan yilga yuqorilab borayotgani tahsinga loyiqdir.