Ohangaronda noqonuniy dori vositalari savdosi bilan shugʻullanib kelgan shaxslar ushlandi

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Ohangaron tumani boʻlimi hamda DXX xodimlari hamkorligida noqonuniy dori vositalarini aniqlash va ularning savdosiga chek qoʻyishga qaratilgan tezkor tadbir oʻtkazildi.

    Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

    oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar F.M. va N.J. noqonuniy daromad orttirish maqsadida “Vivafer” nomli 826 quti dori vositasini 9 000 AQSH dollari va 40 mln soʻmga sotayotgan vaqtida ushlanib, tadbir davomida jami 829 quti ushbu dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.

    Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.