Shu yilning 30-may sanasidan boshlab, ehtiyojmand oilalardagi 2 ming nafar xotin-qizlarga oliy taʼlim muassasalariga qoʻshimcha qabul koʻrsatkichlari doirasida tavsiyanoma berish uchun arizalar qabuli boshlandi.

Tavsiyanomalar kam taʼminlangan oilalardagi xotin-qizlarga, toʻliqsiz oilada tarbiyalanayotgan, yaʼni otasi yoki onasi yoxud ularning ikkalasi ham vafot etgan ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlarga, turmush oʻrtogʻi vafot etgan, voyaga yetmagan farzandini yolgʻiz tarbiyalayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollarga, nogiron farzandi bor ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga, 2 va undan ortiq farzandini tarbiyalayotgan, qarindoshlaridan alohida yashayotgan yolgʻiz ayollarning qiz farzandlariga va ota-onalaridan biri yoki har ikkisi ham birinchi yoki ikkinchi guruh nogironi boʻlgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga beriladi.

Talabgorlarning arizalari 10-iyunga qadar tuman (shahar) Ishchi guruhlari tomonidan oʻrnatilgan tartibda koʻrib chiqiladi. Tavsiyanomalar elektron shaklda 15-iyunga qadar oʻz egalariga yetkaziladi.

Maʼlumot uchun, ushbu tavsiyanomalar OTMga kirishda hech qanday ball qoʻshib bermaydi, tavsiyanoma olish abituriyentning 100 foiz oʻqishga kirishini kafolatlamaydi. Oʻtgan yili tavsiyanoma olgan, lekin oʻqishga kira olmagan xotin-qizlar joriy yilda yana qayta murojaat qilishlari kerak.