Unda keltirilishicha, Oʻzbekiston Respublikasining “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida“gi Qonuni 3-moddasiga muvofiq, fermer xoʻjaligi — bu ijara asosida yer uchastkalaridan foydalanib, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchi va qonun bilan taqiqlanmagan boshqa faoliyat turlari bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyekti hisoblanadi. Shuningdek, mazkur qonunning 22-moddasida fermer xoʻjaliklari faoliyatiga davlat organlari, boshqa tashkilotlar yoki ularning mansabdor shaxslari tomonidan aralashish taqiqlangani qatʼiy belgilab qoʻyilgan.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 24-moddasiga asosan, yer uchastkasini ijaraga berish shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish faqat taraflar oʻzaro kelishuvi asosida yoki sud qaroridan kelib chiqib amalga oshirilishi mumkin. Demak, har qanday tashqi bosim, tahdid yoki majburlash orqali fermerlarni yerdan mahrum qilishga urinish — amaldagi qonunchilikka mutlaqo ziddir.
Qishloq xoʻjaligi vazirligining maʼlum qilishicha, Yer kodeksining 16-moddasiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi yerlar davlat mulki hisoblanadi. Yer bilan bogʻliq mulkiy munosabatlar qatʼiy tartibga solingan boʻlib, xorijiy fuqarolar yoki yuridik shaxslarga yerni mulk huquqi asosida berish taqiqlangan. Shu bois, xitoylik fuqarolar yoki kompaniyalarga yer ajratilishi haqidagi bayonotlar asossiz, qonunga zid va haqiqatga toʻgʻri kelmaydi.
Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib, videomurojaatda bayon etilgan ayrim gap-soʻzlar Qishloq xoʻjaligi vazirligining siyosat va prinsiplariga, shuningdek, mamlakatimiz qonunchiligiga zid boʻlib, mazkur holat yuzasidan tegishli idoralar tomonidan huquqiy baho berish choralari koʻrilmoqda.
Qishloq xoʻjaligi vazirligi barcha fermer xoʻjaliklari, agrofirma va agroklasterlar uchun tinch, barqaror va qonuniy faoliyat yuritish imkonini taʼminlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, adolatli va teng munosabatda boʻlish tamoyillariga qatʼiy sodiqligini yana bir bor taʼkidlaydi.
Investitsiya jalb etish va zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish — bu albatta muhim vazifalardandir. Biroq bu jarayonlar faqat ixtiyoriylik, qonuniylik va tenglik tamoyillari asosida amalga oshirilishi shart.
Shu munosabat bilan barcha fermer va tadbirkorlarni oʻz huquq va manfaatlarini bilishga, noqonuniy aralashuvlarga qarshi qonuniy choralar koʻrishga chaqiramiz. Bunday holatlar yuz berganda, Qishloq xoʻjaligi vazirligiga yoki prokuratura organlariga murojaat etishingizni soʻraymiz, — deyiladi xabarda.