Xitoyning milliy aviatayinlovchisi — Air China ilk bor Pekin–Toshkent–Pekin yoʻnalishi boʻyicha muntazam parvozlarni amalga oshirishni boshladi.

Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.

2025-yil 19-iyul kuni soat 19:40 da Toshkent xalqaro aeroportiga aviakompaniyaning birinchi reysi kelib qoʻndi. Zamonaviy Boeing-737 samolyotida yetib kelgan ekipaj va yoʻlovchilar anʼanaviy suv arkasi va gullar bilan tantanali tarzda kutib olindi.

“Biz Xitoy va Oʻzbekiston poytaxtlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyishdan mamnunmiz. Bu yoʻnalish ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo, sayyohlik va madaniy aloqalarni mustahkamlashda muhim rol oʻynaydi. Air China nafaqat yoʻlovchilarni, balki shaharlar va imkoniyatlarni ham bogʻlovchi koʻprik boʻlishga intilmoqda”, — dedi aviakompaniya vakili.

“Uzbekistan Airports Handling” direktorining birinchi oʻrinbosari Umid Hamrayev esa quyidagicha izoh berdi:

“Air China kabi yirik hamkorni qabul qilishdan mamnunmiz. Ushbu yoʻnalishga talab yuqori boʻlishiga ishonchimiz komil. Yoʻlovchilar uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan.”

Parvozlar haftaning seshanba, payshanba va shanba kunlari amalga oshiriladi.

Air China — Xitoyning eng yirik va asosiy aviakompaniyasi boʻlib, Star Alliance xalqaro alyansi aʼzosi hisoblanadi. Kompaniya 1988-yilda tashkil etilgan va Pekin aeroportida joylashgan.