Oʻzbekistonda yovvoyi tabiatga qarshi jinoyatlar bilan kurashish uchun yangi onlayn platforma ishlab chiqildi

    Yashiltamojnya.uz platformasi bojxona va chegara xizmatlari xodimlariga tezkor yordam koʻrsatish uchun moʻljallangan.

    Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti (Green University) konferensiya zalida “Markaziy Osiyoda yovvoyi tabiatga qarshi jinoyatlar bilan kurashishda salohiyatni mustahkamlash va koʻmaklashish” loyihasi doirasida ishlab chiqilgan yashiltamojnya.uz yangi onlayn platformasining taqdimoti boʻlib oʻtdi. Ushbu tashabbus Respublika ekologik resurslar markazi “Ekomaktab” tomonidan, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti koʻmagida amalga oshirilmoqda.

    Taʼkidlanishicha, yashiltamojnya.uz platformasi bojxona va chegara xizmatlari xodimlariga tezkor yordam koʻrsatish uchun moʻljallangan. Uning yordamida yovvoyi fauna va flora vakillarini tezda aniqlash, ularning CITES konvensiyasi boʻyicha maqomini tekshirish va zarur ruxsatnomalarning mavjudligini tasdiqlash mumkin. Bu, ayniqsa, hayvonlar yoki ularning qismlari (shox, teri, tish va h.k.) suvenir yoki uy hayvoni sifatida yashirilgan hollarda muhim ahamiyatga ega. Raqamli vositalar inspektorlar ishini samaraliroq qiladi va xato xavfini kamaytiradi.

    Ishtirokchilar, shuningdek, joylardagi mutaxassislar malakasini oshirish zarurligi hamda aholiga ekologik jinoyatlarning oldini olishga doir targʻibot ishlarining ahamiyati haqida fikr almashdilar.

    Tadbir davomida Ekologiya vazirligi, Green University, Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi hamda “Ekomaktab” NNT oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolandi.

    Ushbu hujjat atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida strategik hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan. U barqaror rivojlanish maqsadida qoʻshma taʼlim dasturlarini amalga oshirish, chiqindilarni boshqarish tizimini yaxshilash boʻyicha takliflar ishlab chiqish, havo sifati, bioxilma-xillik va suv resurslarini muhofaza qilish, yoshlar va ayollar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, AyTi yechimlar va innovatsion loyihalarni rivojlantirish, aholining ekologik madaniyatini oshirish, jamoat ekologik inspektorlarini oʻqitish va qoʻllab-quvvatlash, ilmiy tadqiqotlarni ragʻbatlantirish hamda xalqaro tajribani hisobga olgan holda ekologik qonunchilikni takomillashtirish jarayonlarini oʻz ichiga oladi.

    “Yashil Tamojnya« platformasi taqdimoti Oʻzbekistonda va umuman Markaziy Osiyoda ekologik faoliyatni raqamlashtirish yoʻlida muhim qadam boʻldi. «Savol-javob” sessiyasi davomida berilgan savollar ishtirokchilar platformasiga befarq emasligini koʻrsatdi.