Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti vakili Melita Vuynovichning taʼkidlashicha, dunyo aholisi yuqumli kasalliklarga qarshi vaksinalar olishdan bosh tortayotgani yoki buni paysalga solayotgani sogʻliqni saqlash sohasidagi strategik vazifalar ijrosiga putur yetkazadi.
Masalan, emlanmagan aholi qatlami koʻpayishi bilan qizamiq va poliomiyelitga chalinganlar soni ortmoqda. Vaholanki, avvallari bu kasalliklarga sayyoramizning baʼzi mintaqa va davlatlarida butunlay barham berilgan edi.
JSST eksperti fikricha, ommaviy emlash chora-tadbirlari natijasida yer yuzida yiliga 3 millionga yaqin oʻlim holatlarining oldini olish mumkin. Biroq koronavirus pandemiyasi tufayli dunyo boʻyicha 25 million nafardan ortiq bolalar difteriya, qoqshol va koʻk yoʻtalga qarshi rejali vaksinatsiya jarayonlarini oʻtkazib yuborgan.
Bu borada Sharqiy Osiyo va Tinch okeani mintaqasi mamlakatlarida ahvol ancha xavotirli. Vaholanki, JSST kelgusida nomaʼlum — "X” xastaligi tarqalishi xavfidan ogohlantirgan edi. Olimlar xulosasiga koʻra, yana bir pandemiya boshlanishi ehtimoli yuqori. Bunga esa oʻz vaqtida oldi olinmagan mavjud virus va infeksiyalarning yangi mutatsiyalari sabab boʻlishi mumkin.