Global inqiroz va mehnat bozori   

    Har bir insonning erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va ishsizlikdan himoyalanish huquqini ta'minlash demokratik jamiyatning muhim talablaridan biridir. Ayniqsa, bugungi global pandemiya sharoitida bu boradagi vazifalarni to'laqonli amalga oshirish har bir davlat oldidagi dolzarb vazifaga aylanmoqda.

    Bu masala yurtimiz uchun ham ustuvor ahamiyatga ega. Zero, mamlakatimiz boy mehnat rusurslariga ega bo'lib, har yili mehnat bozoriga minglab yoshlar kirib keladi. Ularning bandligini ta'minlash, jamiyatga faol integratsiyalashishiga ko'maklashish doimiy e'tibor va uzluksiz say'-harakatlarni taqozo etadi.

    Prezidentimiz tashabbusi bilan bu boradagi dolzarb vazifalar echimiga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani farovon hayotimizning muhim kafolati bo'layotir. Xususan, 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi doirasida so'nggi yillarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta'minlash, yangi ish o'rinlarini yaratish orqali ishsizlikni kamaytirish, oilalar farovonligini oshirish bo'yicha ko'plab amaliy ishlar bajarildi. Jumladan, Prezidentimizning bandlik va mehnat munosabatlari sohasiga oid 12 ta farmoni va qarori, Vazirlar Mahkamasining bandlik va mehnat bozorini tartibga solish, tashqi mehnat migratsiyasi bilan bog'liq masalalarga oid 40 dan ziyod huquqiy-me'yoriy hujjati qabul qilindi.

    Joriy yil 20 yanvardan kuchga kirgan “Aholi bandligi to'g'risida”gi qonun bu boradagi muhim huquqiy hujjatlardan biri bo'ldi. Qonunda aholi bandligi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo'nalishlari, xususan, ish o'rinlari tashkil etilishini rag'batlantirish va aholi bandligiga ko'maklashish, ishsiz shaxslarni moddiy jihatdan qo'llab-quvvatlash va ijtimoiy himoya qilish, ishsizlikni kamaytirish choralarini ko'rish kabi bir qator vazifalar belgilab berildi.

    Aholi farovonligiga yo'naltirilgan ishlar

    Koronavirus pandemiyasining mamlakatimiz mehnat bozoriga salbiy ta'sirining oldini olish borasida izchil ishlar davom etmoqda. Global inqirozning iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta'sirini yumshatish, aholi bandligini ta'minlash, kam ta'minlangan oilalar va tadbirkorlik sub'ektlarini manzilli qo'llab-quvvatlashning qo'shimcha chora-tadbirlari yuzasidan kechiktirib bo'lmaydigan va o'ta muhim hujjatlar qabul qilindi. Ularda belgilangan vazifalarning ijrosi o'z vaqtida ta'minlanishi natijasida joylarda “Ishga marhamat” monomarkazlari faoliyat boshladi, mahallalarda kasb-hunarga o'qitish maskanlari tashkil etildi. Prezidentimiz tashabbusi bilan “Temir daftar”, “YOshlar daftari” va “Ayollar daftari” bo'yicha mahallabay va fuqarobay ishlash tizimi yo'lga qo'yildi. Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasi qarori bilan 2020-2021 yillarda yurtimizda iqtisodiy o'sishni tiklash va tizimli tarkibiy o'zgarishlarni davom ettirish bo'yicha amaliy harakatlar rejasi hamda “yo'l xaritasi” tasdiqlandi.

    Prezidentimizning kuni kecha qabul qilingan “2021 yilda yangi ish o'rinlarini tashkil etish va aholi bandligiga ko'maklashish bo'yicha davlat dasturi to'g'risida”gi qarori bu boradagi tizimli ishlarning davomi bo'ldi. Qarorning asosiy maqsadi aholi bandligi va daromadlarini oshirishga har tomonlama ko'maklashish, ishsizlar, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar, mehnat bozoriga ilk bor kirib kelayotgan bitiruvchilar bandligini ta'minlash bo'yicha yangi ta'sirchan mexanizmlarni joriy etish, ehtiyojmand aholini mehnat faoliyatiga jalb qilishda qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, yangi ish o'rinlarini tashkil etgan tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatini yanada rag'batlantirishga qaratilgan.

    Ishsizlik va migratsiya: muammolar echimiga o'ziga xos yondashuv

    Mamlakatimizda bugungi kunda 19,1 million mehnat resursi bo'lib, shundan iqtisodiy faol aholi 14,7 million, band aholi 13,2 million kishini tashkil qilmoqda. Band aholimizning 5,7 million nafari rasmiy, 5,6 millioni norasmiy sektorda faoliyat yurityapti. Respublikamizdan tashqarida vaqtinchalik mehnat faoliyati bilan shug'ullanayotganlar soni 1,8 million, ishga joylashishga muhtojlar soni 1,5 milliondan ziyoddir. Ishsizlik darajasi esa 10,5 % bo'lib turibdi.

    Joriy yilning birinchi choragida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimidagi Aholi bandligiga ko'maklashish markazlari tomonidan 281 195 nafar fuqaroga turli xizmatlar ko'rsatilgan. Jumladan, ish so'rab murojaat qilgan 71 361 kishi bo'sh ish o'rinlariga ishga joylashtirilgan. 33 330 nafari jamoat ishlariga jalb etilgan. 43 917 nafar fuqaro kasbga o'qishga yuborilgan. 49 253 nafariga esa ishsizlik nafaqasi tayinlangan. 8 759 kishiga subsidiyalar ajratilgan.

    Tashqi migratsiya masalalariga ham e'tibor kuchaytirilmoqda. Bu borada Prezidentimiz raisligida o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqib, mehnat migrantlari bugungi kun talabi asosida kasb-hunar va xorijiy tillarga o'qitilmoqda. SHuningdek, kelajakda migrantlarning ijtimoiy himoyasini ta'minlash maqsadida xorijda ishlayotgan fuqarolarning mehnat staji hisobga olinib, ularga ham o'zini o'zi band qilgan shaxslarni ro'yxatga olish va mehnat stajini hisoblash tizimi tatbiq etilmoqda. Mehnat migrantlariga yo'l haqi, patent va sug'urta xarajatlari uchun past foizda 10 million so'mgacha kreditlar ajratilmoqda. Xorijdagi fuqarolarimiz huquqiy himoyasini to'laqonli ta'minlash uchun onlayn platforma va koll-markaz tashkil etilib, malakali advokatlar xizmati yo'lga qo'yildi. Bu boradagi ishlarning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish maqsadida “Tashqi mehnat migratsiyasi to'g'risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, keng jamoatchilik muhokamasiga qo'yildi.

    Joriy yilda 457 127 ta doimiy yangi ish o'rni yaratiladi

    Bu raqamlar Prezidentimizning yuqorida qayd etilgan qarorida o'z aksini topgan. SHuningdek, mazkur hujjatda 2021 yilda mehnat organlari tomonidan 513 575 nafar fuqaroga bandligiga ko'maklashish va ish beruvchilarni rag'batlantirish bo'yicha xizmatlar ko'rsatilishi belgilangan. SHuningdek, Bandlikka ko'maklashish davlat jamg'armasi mablag'lari hisobidan 2021 yilda aholi bandligiga ko'maklashish uchun subsidiya, nafaqalar va mikrokreditlar ajratish prognoz ko'rsatkichlari tasdiqlangan. Xususan, joriy yilda subsidiyalar uchun 92,3 milliard so'm, ishsizlik nafaqalari to'lab berish uchun 65,1 milliard so'm, ishsiz, ish izlayotgan fuqarolarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirish xarajatlarini qoplash uchun 40,6 milliard so'm mablag' ajratiladi. Joriy yilda yangi ish o'rinlari tashkil etishni nazarda tutuvchi kichik loyihalarni amalga oshirish uchun tijorat banklariga 125 milliard so'm resurs ajratish ko'zda tutilmoqda.

    Qarorning yana bir muhim jihati shundaki, davlat dasturini o'z vaqtida va sifatli bajarish yuzasidan bir qator vazirlik va idoralar rahbarlari tegishli yo'nalishlar bo'yicha mas'ul etib belgilab qo'yildi. Bu esa dastur parametrlarini qog'ozda emas, amalda bajarishga zamin yaratadi.

    endilikda vaqtincha, mavsumiy va bir martalik ishlarda (vaqtincha ishlarda) band bo'lgan fuqarolarning mehnat faoliyatini samarali tashkil etish bo'yicha yangi tizim yaratiladi. Unda vaqtincha ishlarda band bo'lgan fuqarolarga ko'rsatilayotgan xizmatlar ko'lamini kengaytirish, ish beruvchi jismoniy va yuridik shaxslarga vaqtincha ishlarda band bo'lgan fuqarolarni yollash bo'yicha xizmatlar ko'rsatish, mehnat va mehnatni muhofaza qilish to'g'risidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etish masalalarida maslahat va uslubiy yordam berish, vaqtincha ishlarda band bo'lgan fuqarolarning mehnat huquqlarini himoya qilish va mehnatini muhofaza qilish, ularga mehnat qurollari, shaxsiy himoya vositalari va maxsus kiyimlar bilan ta'minlash xizmatlarini ko'rsatish kabi masalalar nazarda tutilgan.

    SHuningdek, “barcha uchun ish” tamoyili asosida vaqtincha ishlarni tashkil etishda zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanish, ish beruvchilar va ishlovchilarga masofadan turib xizmatlar ko'rsatish tizimini joriy etishga e'tibor qaratiladi. Vaqtincha ishlarni tashkil etish va muvofiqlashtirish jarayonlariga davlat-xususiy sherikligi shartlari asosida tadbirkorlik sub'ektlarini keng jalb etish, bunda ish izlovchilarni yotoqxona va transport bilan ta'minlash, tezkor buyurtmalar olish va boshqa qo'shimcha xizmatlar ko'rsatishni yo'lga qo'yish belgilanmoqda.

    Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining tuman (shahar) aholi bandligiga ko'maklashish markazlari huzurida faoliyat yuritayotgan vaqtincha bir martalik ish bilan ta'minlash byurolari kunlik mehnat markazlari sifatida qayta tashkil etiladi. Markazlarni tashkil etish, saqlash va moddiy-texnik ta'minlash xarajatlari Bandlikka ko'maklashish davlat jamg'armasi mablag'lari hisobidan, ularda videokuzatuv va ogohlantiruvchi aloqa tizimlarini o'rnatish Qoraqalpog'iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy byudjetlari mablag'lari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi. Qarorda belgilanganidek, bir oy muddat ichida kunlik mehnat markazlari faoliyatini samarali tashkil etish bo'yicha hukumat qarori qabul qilinadi.

    Tegishli vazirliklar tomonidan 2021 yil 1 iyulga qadar yangi ish o'rinlarini tashkil etish va aholi bandligiga ko'maklashish bo'yicha hisobotlarni yuritish, ularni real vaqt rejimida Davlat soliq qo'mitasining yagona integratsiyalashgan axborot-resurs bazasi bilan monitoring qilishga mo'ljallangan elektron dastur ishlab chiqiladi.

    Muhim jihatlardan yana biri shuki, uch oy muddatda aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini, jumladan, nogironligi bo'lgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun tumanlar (shaharlar) hokimlarining qarori bilan belgilangan ish o'rinlarining eng kam soni va ish beruvchilar tomonidan ish o'rinlari zaxiraga qo'yilganligi to'g'risidagi ma'lumotlar “YAgona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida aks ettirilishi ta'minlanadi.

    Xulosa o'rnida aytish joizki, bu yilgi dastur boshqa dasturlardan tubdan farq qilgan holda, mutasaddilar zimmasiga katta vazifalarni yuklash bilan birga, ularning shaxsiy mas'uliyatini oshirishga, mamlakatimizda aholi bandligini ta'minlash va ishsizlik darajasini kamaytirishga, tadbirkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi. Bu sa'y-harakatlar natijasida aholi farovonligi yanada oshib, turmush darajasi ko'tarilishiga erishiladi.

    Mavludaxon XO'JAEVA,

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasining

    Mehnat va ijtimoiy masalalar qo'mitasi raisi