Ibtidosi milodning ilk asrlariga borib taqaladigan, qadimdan yozuv madaniyatiga sohib oʻzbek tili, bizning ona tilimiz turli tillarning tazyiqlaridan, turli tuzumlarning zugʻumlaridan ranj cheksada, ajdodlarimizning muntazam jasoratlari bois, tirik tarovatini yoʻqotmay, milliy mantigʻi mehvarini salomat saqlab kelayotganini, ayni paytda bu tilda yaratilgan badiiyat durdonalari jahon soʻz sanʼati ayvonida kayvoni boʻlib turganini oʻzimiz ham, oʻzgalar ham bugun yaxshi biladi. Zotan, oʻz ona tilining taqdiriga befarq qaragan, oʻz milliy mohiyati magʻzini qoʻriy bilmagan qavmlar tarixning qaʼrida toʻzgʻoqday toʻzib ketganligiga tarixning oʻzi xolis shohiddir. Holbuki, ona tili millatning dunyolarga bermaydigan ganjinasi, chunki u halq ruhining oʻlmas, aslo xira tortmas koʻzgusidir. Zotan, 2003-yilning 21-fevralida Xalqaro ona tili kuni munosabati bilan YUNESKOning oʻsha paytdagi Bosh direktori Koichiro Matsuuro shunday degan edi: “Har bir insonda tugʻilganidanoq tilning muayyan taʼsirlarni yuzaga keltirishiga, yaʼni hatto keyinchalik inson boshqa koʻplab tillarga sohib boʻlganida ham mutlaqo yoʻqolmaydigan, narsalarni oʻziga xos tarzda koʻrishni ato qilishiga koʻra ona tillari betakrordir.”

Shukrkim, tarixning sinovlaridan salomat oʻtib kelgan qadimiy va shavkatli oʻzbek tili bugun Oʻzbekistonning davlat tilidir.

Bugun Oʻzbekiston oʻz taraqqiyotining tamomila yangi bosqichini boshidan kechirmoqda, barcha sohalardagi koʻlamli islohotlarning naqd natijalari bois “Yangi Oʻzbekiston” degan istiloh paydo boʻldi. “Milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari” degan ustuvor gʻoya asosida olgʻa borayotgan yangi Oʻzbekistonning mintaqada ham, dunyoda ham alohida oʻrni tobora kengroq eʼtirof etilmoqda. Albatta, bugun oʻzbek tilining mamlakatimizda davlat tili sifatidagi rivojini taʼminlash borasida ham chinakam yangi davr boshlandi.

Mamnuniyat bilan taʼkidlash lozimki, mamlakatimizda, hech bir istisnosiz, barcha sohalarda, xususan, oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi muntazam taraqqiy qildirish tarixida ham chin maʼnoda yangi bosqich boshlandi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2019-yilning 21-oktyabrida “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganining oʻttiz yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida va shu kuni imzolangan «Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Farmonda bu boradagi ishlarni butunlay yangi oʻzanga kiritishning, asosiy maqsad-vazifalarning mohiyatini aniq-aniq koʻrsatib berdi. Ana shu Farmon imzolaganidan buyon oʻtgan bir yilda davlat tili borasida avvalgi oʻttiz yilda ham jiddiy harakatga kelolmagan ijro mexanizmlari faollashdi, shu bilan birga yangi mexanizmlar ham ishga solindi.

Mazkur Farmonda 2020 – 2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish hamda til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi va davlat dasturi loyihalarini tayyorlash topshirigʻi berilgan edi. Kuni kecha davlatimiz rahbarining “Mamlakatimizda oʻzbek tilini yana-da rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi, bu farmon bilan uchta benihoya muhim hujjat, yaʼni “2020–2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi”, “2020–2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasini 2020–2022-yillarda amalga oshirish dasturi” hamda “2020–2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirishning maqsadli koʻrsatkichlari” tasdiqlandi. Konsepsiya oʻzbek tilini uzoq muddatli rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini belgilab bergan hamda asosiy muddaoga olib boradigan vazifalarning barchasini oʻzida jamlagan. Unda oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirish, mamlakat taraqqiyotining yangi davrida davlat tilini rivojlantirishni yuksak bosqichga koʻtarish yoʻllari koʻrsatilgan. Dastur esa konsepsiyani amalga oshirish bilan bogʻliq tadbirlarni oʻz ichiga olgan. Dasturda juda koʻp dolzarb masalalarni hal qilishga qaratilgan tadbilar koʻzda tutilgan. Masalan, umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida oʻzbek tilini oʻqitish tizimini tubdan takomillashtirish, ona tili boʻyicha mashgʻulot va dars soatlarini koʻpaytirish kabi, xususan, oʻqituvchilarning koʻnglidagi gaplar benihoya koʻp. Koʻrsatilgan muddatlarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirishning maqsadli koʻrsatkichlari ham gapirsa gapirgudek, bu koʻrsatkichlar muntazam tadrijiy oshib boradi. Bemalol aytish mumkinki, bu yangi Farmon ham davlat tilimizning taraqqiyoti tarixida alohida bosqich boʻladi.

Shuningdek, ushbu farmonda mavjud lugʻatlar asosida uzluksiz taʼlimning barcha turlari uchun koʻp jildli “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”ning toʻldirilgan yangi nashri (kirill va lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida), “Oʻzbek tilining imlo lugʻati”, “Oʻzbek tili sinonimlari lugʻati”, “Oʻzbek tili sinonimlarining katta izohli lugʻati”, “Oʻzbek tili frazeologizmlarining katta izohli lugʻati” hamda “Oʻzbek tili omonimlari lugʻati” yaratilishi belgilanganligi barchamizni behad quvontirdi.

Til yer yuzidagi barcha mavjud maxluqotni inson va hayvon maqomida farqlovchi buyuk va qiyossiz mezondir. Soʻz saltanatining sultoni, oʻzbek adabiy tilining asoschisi, bu tilning adabiylik mezonlariga tartib va shamoyil bergan bobokalonimiz Alisher Navoiyning «Soʻz ayladi insonni judo hayvondin, Bilki guhari sharifroq yoʻq ondin» baytida bu haqiqat betakror bir tarzda ifoda etilgan.

Soʻz dahosiga daho soʻzchi sifatida adoqsiz ehtirom va benihoya inja sezgi bilan munosabatda boʻlgan, ulkan ijodiy – ham badiiy, ham ilmiy, ham tarixiy – merosi bilan bashariyatning tafakkur xazinasini favqulodda beqiyos darajada boyitgan ulugʻ mutafakkir Alisher Navoiyning tavalludiga, maʼlumki, kelasi yili 580-yil toʻladi. Muhtaram Prezidentimiz 19-oktyabrda bu muhtasham sanani keng va har jihatdan yarashiqli tarzda nishonlash haqidagi qarorga imzo chekdi. Bu qaror, shubhasizki, barcha xalqimizni, Alisher Navoiy ijodining chinakam muxlislarini, oʻzbek tilining nafaqat yurtimizdagi, balki xorijdagi asl muhiblarini ham behad mamnun qildi. Mazkur qarorning ham aynan Oʻzbek tili bayrami arafasida qabul qilinishida ham oʻziga xos ramziy maʼno bor. Alisher Navoiy butun muazzam ijodi bilan shu tilga mukammal va oʻlmas haykal qoʻygandi. Bu qaror Prezidentimizning ham oʻzbek tilining, ham Alisher Navoiyning ulkan toʻyiga gʻoyat oʻrinli tuhfasidir.

Tilimiz onamizday moʻtabar, muhtasham va muhtaram, uning muntazam kamolu iqboli uchun masʼuliyatni har soniyada his qilib turish har birimizning boʻynimizdagi burchdir. Vatanimizdagi jadal va koʻlamli islohotlarning bugungi bosqichida, maʼnaviyat va maʼrifatni yana-da rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylangan bugungi pallada qonun majburiyati bilan emas, balki milliy oʻzligimizning poydorligini taʼminlash zaruriyatini chuqur anglash ehtiyoji bilan davlat tiliga – oʻzbek tilimizga munosabatda boʻlish, uning yashashi va taraqqiyoti uchun bahaddi imkon barcha saʼy-harakatda boʻlishi zarur.

Oʻzbek tili bayramiday moʻtabar bayramimiz shukuhi, davlatimizning tilimiz shavkatining poydorligini bardavom etish borasidagi saʼy-harakatlaridan mamnunlik har birimizning qalbimizni hamisha nurafshon qilib turaversin. Bu shukuh va undan shukronalik yangi Oʻzbekistonni hech qachon tark etmasin.

Nizomiddin MAHMUDOV,

Oʻz FA Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori, filologiya fanlari doktori, professor