Uyi borning oʻyi yoʻq

    Oʻz boshpanang boʻlishi, koʻrkam va shinam xonadonlarda baxtli yashash har bir insonning hayotdagi asosiy maqsadi. Shuning uchun umrimizning yarmini uy-joy qurishga sarf qilamiz. Shu ezgu maqsad yoʻlida tinim bilmay ishlaymiz, yelamiz, yuguramiz. Ammo uying boʻla turib, yillar davomida taʼmirlashga, jihozlashga imkoning va ilojing boʻlmay, faqirlikda mungʻayib yashashdan qiyini boʻlmasa kerak.

    Chinozlik Hilola Ahrorova ikki bolasi bilan turmushidan ajralganidan soʻng yigirma yilga yaqin nochor hayoti, izdan chiqqan sogʻligʻi va voyaga yetmagan farzandlari uchun yordam soʻrab, yuqori tashkilotlarga qayta-qayta murojaat qildi. Oʻzi ishonib-ishonmay atrofdan madad va najot kutdi. Faqat joriy yilning may oyi oʻrtalaridagina tumandagi ijtimoiy koʻmakka muhtoj yoshlarning muammolarini aniqlash maqsadida oʻgʻil-qizlar bilan suhbat oʻtkazib yurgan “Birlik” mahallasi yoshlar yetakchisi Sarvar Mirzayev Hilolaning oʻgʻli Azizbek ancha vaqtdan beri maktabga bormayotgani, onasi va akasi bilan hech qanday sharoiti boʻlmagan bir xonali uyda yashab kelayotgani, roʻzgʻorga qarashish uchun kunbay ishlarda ishlayotganini aniqlaydi. Shundan soʻng oʻz vakolati doirasida mutasaddi rahbarlarga maʼlumot beradi.

    Hech qancha vaqt oʻtmay necha yillardan buyon taʼmirlanmagan, toʻkilay deb turgan hovliga Chinoz tumani hokimi bir necha vakillar bilan kirib keladi. Oilaning ogʻir sharoitini koʻrib, nega shu vaqtgacha mahalla yoki hokimlikka uy soʻrab murojaat etmagani bilan qiziqadi. Hilola esa koʻp yillardan buyon qiynalib, xastalanib yashagani, ammo hech kim uning ahvoli, yashash tarzi bilan qiziqmagani, koʻmak soʻrab borgan amaldorlarning eshiklari yuziga qattiq yopilganini yigʻlab, oʻkinch bilan aytib beradi.

    Tuman hokimi: “Opa, sizga yangi uy qurib beriladi. Davlatimiz rahbari boshchiligida har bir fuqaroning hayoti va sogʻligʻiga javobgarmiz. Endi yigʻlamang. Yaxshilikka va yaxshi odamlar borligiga ishoning”, deydi va roʻzgʻorga asqatadigan bir necha kerakli jihozlar berib ketadi.

    Oʻsha kunning ertasigayoq bir necha quruvchi qum va shagʻal olib kelib, ular yashayotgan uy yonidan yangi xonadon poydevorini quyib ketishadi. Ayni vaqtda tuman hokimligi tashabbusi bilan 4 xonali uyning qurilishi boshlab yuborilgan.

    Muammolarga yechim topildi

    Ha, soʻnggi yillarda yurtimizda koʻp narsa oʻzgardi, uysiz, ishsiz odamlar uyli va ishli boʻldi. Yechimi yoʻq muammolarga yechim topildi. Baʼzi mutasaddi rahbarlarning yolgʻon hisobotlariyu maʼlumotbozligiga chek qoʻyildi. Buning natijasida odamlarning qalbida oʻziga va kelajakka ishonch mustahkamlanib borayotir. Aslida bu dunyoda ishonchsiz yashash ogʻir. Chunki ishonch odamlarni nafaqat bir-biriga, balki yashayotgan hayotiga ham umidvor qilib bogʻlab turadi, yashashga muhabbat uygʻotadi. Agar oʻtgan yillar davomida Hilola madad soʻrab borgan eshiklar uning yuziga yopilmaganida, yozgan arizalari qabulxonalarda qolib ketmaganida, lavozimini pesh qilgan baʼzi amaldorlar shu ojiza ayol bilan yurakdan suhbatlashganda edi, bu oilaning odamlarga va jamiyatga boʻlgan ishonchi yoʻqolmasdi. Chunki qiyin vaziyatdagi kichik bir turtki ham inson hayotini oʻzgartirib yuborishi mumkin. Ming afsuski, bu oilaning ahvoli oʻsha davrda hech kimni qiziqtirmadi...

    “E, hayotda bundaylar kammi”, deyishingiz mumkin...

    Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati bergan xabar asosida ijodiy jamoamiz bilan qurilayotgan yangi uyni koʻrish va xonadon egalari quvonchiga sherik boʻlish uchun Chinoz tomon yoʻl oldik. Shundoqqina yoʻl yoqasida, devorlari koʻchib ketgan, juda xaroba ahvolda qiyshayibgina turgan darvozasiz hovliga kirib borar ekanmiz, bu yerda kimdir yashashiga, toʻgʻrisi, ishonmadik. Yoshlar yetakchisi Sarvar va oqsoqlanibgina qarshimizga chiqqan xonadon sohibasi Hilola mayin tabassum bilan bizni qarshi oldi. Ayol bilan suhbatlashar ekanmiz, yashashga sharoiti, bezashga bisoti, foydalanishga biror jihozi boʻlmagan bu oilada sabr-qanoat va shukronalik rishtalari nechogʻli mustahkam ekaniga qoyil qoldik.

    Negaki, suvoqlari uchib ketgan, gʻaribgina uyda odamlar orasida yoʻqolib ketayotgan oqibatni, ayol matonatini, farzandlik burchining cheksiz va begʻaraz kuchini koʻrganday boʻldik. Hilola va ikki oʻgʻli hayot sinovlari oldida qanchalik ezilib qiynalmasin, boriga ham, yoʻgʻiga ham shukr qilib yashagan. Bu soʻzlarimizni oʻqib, “E, hayotda bundaylar kammi”, deya ensangiz qotishi mumkin.

    Lekin kelinlik ostonasiga bir quchoq orzular bilan qadam qoʻygan bu ayolning va farzandlarining boshidan oʻtkazgan kechinmalari toʻkin hayotdan doimo nolib yuradigan baʼzilar uchun ibrat boʻla oladi. Yoki oiladagi baʼzi mayda-chuyda gaplar, qaynonaning bir-ikki ogʻiz dashnomi va erining bilib-bilmay tushirgan tarsakisi uchun ajralishga shaylanayotgan kelinlarga ham saboq boʻlsa, ne ajab. Yoxud qaynonalik maqomini farzandining baxtidan ustun qoʻyib, keliniga past nazar bilan qarayotgan, nevaralari ham koʻziga koʻrinmay, “oʻgʻlimni ajratib olib, 18 yoshlisiga uylantiraman”, deya kerilayotgan zamonaviy qaynonalar Hilolaning sabriyu sadoqatini, onasini boqaman deb bolaligidan kechib katta boʻlayotgan farzandlarning soʻzlarini bir eshitsalar edi. Balki bu omonat va gʻanimat umrning qadriga biroz yetgan boʻlarmidi.

    “Nima boʻlganda ham farzandimning otasi”

    20 yoshida turmushga chiqqan Hilolaning orzulari yil ham oʻtmay sarobga aylandi. “Togʻni ursa talqon qiladi”, deya maqtalgan kuyovning qiliqlari oylar oʻtib oshib boraverdi. Ayoliga past nazar bilan qarab, ichib kelib janjal qilsa ham, doʻpposlab, urib, “erkak kishi koʻchaning odami”, deya xoʻrlasa ham oriyatni har narsadan ustun bilgan yoshgina kelin jimgina yashayverdi. Oʻtirsa oʻpoq, yursa soʻpoq deya sababsiz ayblanadigan kelinning baxtiga, yaxshiyamki, qaynonasi mehribon edi. Oʻgʻliga qarata, “Jonim bolam, toʻgʻri yur, baxtingni qoʻldan boy berma, axir ota boʻlding”, deya javragan soʻzlari ham behuda ketdi. Yengil yashashni, beli ogʻrimay pul topishni kasb qilgan er birinchi farzandi tugʻilganidayoq bir qizni badnom qilgani uchun qamalib ketadi. Hayot sitamlarini sinov deb bilgan Hilola ich-ichidan oʻkinsa-da, boshga tushganini koʻz koʻradi, deya hayotining mazmuniga aylangan oʻgʻilchasi Oybek bilan ovunib, uy va dala yumushlari bilan band boʻlib, yillarni yolgʻizlikda oʻtkazadi. “Nima boʻlganda ham farzandimning otasi, odam xato qiladi, adashadi-ku”, degan fikrlar bilan oʻzini chalgʻitib, erini kutib yashadi. Bu orada oʻgʻli maktabga chiqdi. Falokat oyoq ostida deganlaridek, ming bir xayol bilan shoshib, parishon yurgan kezlarida sirpanib ketdi-yu, 12 yoshida baxtsiz hodisa tufayli singan oyogʻi yana aynan oʻsha joyidan sinadi. Jarohat ogʻir edi. Doʻxtirlar maydalanib ketgan oyoq suyaklarini mustahkamlash uchun jarrohlik usulini qoʻllashdi. Hiloladan boshqa yana 3 ta joʻjabirday farzandini oyoqqa turgʻizayotgan ota-onasi oʻzlari yashab turgan hovlining yarmini qizining operatsiyasi uchun majburlikdan arzon-garovga sotib yubordi.

    Jinoyat jazosiz qolmadi

    Hilola shifokorlar va yaqinlari koʻmagi bilan asta-sekin oyoqqa turadi. Bu orada eri qamoqdan chiqadi. Yaralar bitib, hammasi iziga tushayotganday edi goʻyo. Oradan yil oʻtib xonadonda ikkinchi oʻgʻil farzand tugʻildi, unga Azizbek deb ism qoʻyishadi. Ammo hech qancha vaqt oʻtmay, qingʻir qilmishlari sabab jajji Azizbekning otasi yana qamaladi. Bu safar amnistiya tufayli oilasi bagʻriga qaytadi. Qaytadi-yu, topar tutaridan fayzu baraka, oilasidan xotirjamlik yoʻqolganday boʻladi. Erining jinoyatlari bois, davlat qoʻygan qarzni toʻlash, roʻzgʻor gʻorini toʻldirish Hilolaning ham zimmasiga tushadi. Peshonam shu ekan, deya maktabda farrosh, dalada xizmatchi, odamlarning uyida duch kelgan ishlarni qilib yurishga majbur boʻlgan ayolning koʻnglida halovati boʻlmasa ham uni saqlab qolish, farzandlarini tirik yetim qilmaslik uchun eriga ortiqcha bir soʻz demaslikka urinadi. Qismatning beshafqatligini, peshonasining shoʻrligini bahona qilgan er xotinini boʻlar-boʻlmasga urib, kaltaklasa ham, mastligida bilib-bilmay pichoq sanchib yaralasa ham bolalarim yetim boʻlmasin, otasiz oʻsmasin, deya tishini tishiga qoʻyib yashayveradi. Bariga sabr qiladi. Balki ayollarning joni qirqta boʻladi, degan aqidaga uning hayoti misoldir. Andishani qoʻrquv, oriyatni itoatkorlik deb tushingan er hech qancha vaqt oʻtmay boshqa ayolni nikohiga oladi. Qizining ayanchli taqdiridan qaddi dol boʻlgan ota-onasi bu safar chiday olishmadi. “Bolam, hayoting hayot boʻlmadi, farzandlaringni ham ado qilyapsan”, deya ularni oʻz hovlisiga olib keladi. Qanchalik qiyin boʻlmasin, farzandining kuyovi bilan yaxshi yashab ketishiga koʻzi yetmay, qizi va nevaralarining taqdiridan xavotir olib, oʻzlari yashayotgan uch xonali uyning bir xonasini ajratib beradi. Xotinni gah desa qoʻlga qoʻndiraman, degan erga bu ogʻir botdi. Nima qilsam ham indamay yashayveradi, degan xudbin xayol balki uning miyasini egallab olgani uchun ham oilasini ayamagandir. Hilola unga ortiq bunday hayotga chiday olmasligini, tashvishlaru azoblar, sababsiz kaltaklaru tahqirlashlardan bezib, toʻyib ketganini ochiq aytadi. Shunda er oʻtkir kesuvchi jism bilan xotinining tomogʻiga tigʻ tortadi. Shovqinni eshitgan ota-onasi va yaqinlari kelib, uni qutqarib qolishadi. Bu xoʻrlikka chiday olmagan otasi insult, onasi esa infarktni boshdan oʻtkazdi. Albatta, jinoyat jazosiz qolmadi. Lekin ozorlar va azoblarning izi yillar oʻtsa hamki bitmadi, bitmasa ham kerak...

    Bolaligi boy berilgan bolalar

    — Soʻnggi yillarda hech qayerga bormay, biror idoradan koʻmak ham soʻramay qoʻydim. Boriga shukr qilib yashayverdim. Prezident uy beradi, kambagʻallikdan chiqaradi, yoshlarni oʻqitadi, deya qulogʻimga chalingan gaplarning bittasiga ham ishonmadim, — deydi Hilola biz bilan suhbatda. — Toki, uyimizga mahallaning yoshlar yetakchisi Sarvar kelib, bugungi kun islohotlarini jon kuydirib tushuntirmagunicha. Chunki yeyishga bir burda nonimiz qolmaganida, bolalarim juda yosh, ularga hatto kiyim-kechak ham olib bera olmayapman, iltimos, yordam bering, deganimda meni hech kim eshitmadi. Nima kaming bor, qanday darding bor, nima yordam beraylik, sen ham ayolsan, onasan, deydigan bitta mard rahbar topilmadi. Aksincha, yoʻqchilik bolalarimning bolaligini ham oʻgʻirladi. Oyogʻim jarohat olib, yura olmay qolgan vaqtlarimda roʻzgʻorning bor ogʻirligi suyagi qotmagan ikki oʻgʻlim zimmasiga tushdi. Ular oʻqishni yigʻishtirib qoʻyib, pul topish, roʻzgʻor qilish va dori-darmonlarimni olish uchun birovlarning eshigida sargʻayib ishlab yurishdi. Sarvar kelib ketganidan soʻng tuman hokimi va bir qancha kattalar holimizdan xabar olishga kelib, qoʻlimiz kaltalik qilib, sotib olishga imkonimiz boʻlmagan uy-roʻzgʻor jihozlarini koʻmak sifatida berib ketishganida quvonganimdan oʻpkam toʻlib rosa yigʻladim. Shunda hokim menga yangi uy qurib berilishini aytib, “endi yigʻlamang, yaxshilikka, yaxshi odamlar borligiga ishoning”, dedi. Men hech narsa deya olmadim. Lablarim rahmat deb pichirladi-yu, koʻz yoshlarim yuzlarimni yuvaverdi.

    Hilolaning boshidan kechirgan, gʻamgin hayotiy hikoyasini tinglar ekanmiz, davaltimiz rahbariningOʻzbekistonda birorta ham ayol davlat va jamiyatning eʼtiboridan chetda qolmaydi”, degan soʻzlarining isbotini shu xokisor ayol hayoti misolida koʻrganday boʻldik.

    Deyarli ikki yil maktabga bora olmadim

    Kenja oʻgʻil Azizbekning mungli koʻzlariga boqar ekanmiz, negadir yillarning zalvorli va beshafqat zarbalari bu yoshgina yigit boʻyniga turmush tashvishlarini juda ham erta ilib, erta ulgʻaytirib qoʻygandek tuyuldi.

    — Koʻchalarda bolalar bilan koptok tepib, futbol oʻynash, velosiped minib yurish menga ushalmas orzu boʻlgan. Deyarli ikki yil maktabga ham bora olmadim. Oʻqishni juda ham xohlaganman, lekin roʻzgʻorga qarashib, pul topishim, kasalmand onamga yordam berishim kerak edi. Tengdoshlarim koʻcha changitib yugurib yurganini koʻrganimda xoʻrligim kelardi. Boshqa bolalar singari uyda koʻrib oʻtirishga hatto televizorimiz ham boʻlmagani juda alam qilardi. Endi esa televizor, telefon va hatto velosipedim ham bor. Hayotimga mazmun, ushalmas orzularimga qanot bergan, yarim koʻnglimni but qilayotgan odamlarning barchasidan minnatdorman!

    “Sizlar menga koʻmakchi va yelkadoshsiz”

    — Hilola opa bilan uchrashganimda gaplarimni ishonchsizlik bilan eshitdi. Davlat tomonidan beriladigan koʻmaklar haqida gapirganimda esa puling boʻlmasa, kim uy qurib beradi, hammasi qogʻozda, amalda hech vaqo yoʻq, degan gaplarni aytdi, — deydi mahalladagi yoshlar yetakchisi Sarvarbek Mirzayev. — Men esa Prezidentimizning biz yoshlar bilan uchrashgandagi: “Sizlar menga koʻmakchi va yelkadoshsiz. Men sizlarni yutugʻimizni ham, kamchiligimizni ham xalqimizga adolatli yetkazayotgan kuch deb bilaman. Sizlardan bir narsani iltimos qilmoqchiman: izlanishdan erinmanglar. Adolatni xalqqa yetkazishdan qoʻrqmanglar. Nimaga desangiz, ortingizda Prezident turibdi. U zamonlar oʻtib ketdi. Faqat adolat, adolat va haqiqat. Qancha koʻp haqiqatni yetkaza olsak, shuncha koʻp manfaat boʻladi”, degan soʻzlarini faoliyatimga shior qilib olganim uchun ishimni vijdonan bajarishga harakat qildim. Natijasini, mana, oʻzingiz koʻrib turibsiz.

    Darhaqiqat, Sarvar kabi shijoatli yoshlar bugun Hilola kabi yolgʻiz, nogiron ayollar va yoshlarning hayotiga yorugʻlik va ishonch olib kirishga sabab boʻlishmoqda.

    Davlatimiz rahbari aytganidek, Odamlar ertaga yoki kelajakda emas, bugun yaxshi yashashni istaydi”. Hilola kabi qalbi yaralangan onalar, bolaligi bolday oʻtmagan farzandlarga bu hayotbaxsh soʻzlar mislsiz kuch va umid beradi.

    Gulichehra DURDIYEVA,
    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri