Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi bosh muharririning savollariga bergan javoblari nashr etildi. “Yangi Oʻzbekiston: demokratik oʻzgarishlar, keng imkoniyatlar va amaliy ishlar mamlakatiga aylanmoqda” sarlavhasi ostida chop etilgan ushbu intervyu xalqimiz orasida katta rezonans keltirib chiqardi.
Avvalambor, bu intervyu — fundamental dasturiy chiqish. Unda soʻnggi 5 yillikda yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot yoʻli, ichki va tashqi siyosati, bugungi va ertangi kuniga doir ustuvor vazifalar haqidagi mulohazalar bayon qilingan.
Har qanday iqtisodchi, siyosiy ekspert va sotsiolog uchun 5 yilda mamlakatda amalga oshirilgan tizimli oʻzgarishlar haqida oʻsha islohotlarning asosiy tashabbuskori, bevosita rahbaridan eshitish katta ilmiy va amaliy ahamiyatga ega.
Yangi Oʻzbekistonni barpo etish konsepsiyasining tashabbuskori boʻlgan davlatimiz rahbari barcha sohalar qatorida alohida eʼtiborni taʼlim masalalariga qaratdi. Intervyu davomida “taʼlim” tushunchasi 13 marotaba zikr qilingan. Prezidentimiz boshchiligida soʻnggi yillarda oliy taʼlim sohasida qoʻlga kiritilgan yutuqlar qatorida oliy oʻquv yurtlarining soni 2 barobar (77 dan 141 taga), umumiy qamrovning 3 barobar (9 foizdan 28 foizgacha), qabul kvotasining 3 barobar, davlat grantlarining 2 barobar (21 mingtadan 47 mingtaga) oshirilgani taʼkidlandi.
Oliy taʼlim sohasidagi oʻzgarishlardan koʻzlangan asosiy maqsad — mamlakatimizda yuqori bilim va malakaga ega boʻlgan raqobatbardosh kadrlar tayyorlash. Shu bilan birga, ushbu dasturiy matnni kontent-tahlil qiladigan boʻlsangiz, “taʼlim” soʻzi “tarbiya” degan soʻz bilan koʻp marotaba yonma-yon kelgan. Bu biz uzluksiz milliy taʼlim-tarbiya tizimining barcha bosqichini uygʻun va mutanosib rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratishimizdan dalolatdir.
Bugun mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi arafasida barcha sohalarda erishgan natija va yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni chuqur sarhisob qiladigan vaqt. Shu qisqa vaqt davomida oliy taʼlim sohasida sezilarli oʻzgarishlar amalga oshirildi desak, ayni haqiqat. Shu bilan birga, biz izchil tarzda oldinga yurib, erishgan natijalarimizda toʻxtab qolmasligimiz kerak.
Talaba-yoshlarimizning zamonaviy mehnat bozoriga mos keladigan bilim olishi, ilm-fan va innovatsiyalar jabhasida intellektual salohiyatini yuzaga chiqarishi, mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etishi uchun zarur sharoitl ar barpo etishimiz darkor. Zero, davlatimiz rahbari “Yangi Oʻzbekiston” degan tushunchani real voqelikka aylantirgan ekan, biz bu yuksak nomga yanada chuqur mazmun-mohiyat baxsh etishimiz lozim.