Ravshan Ermatov futbolchilarga avvalgi davrda natija koʻrsatgan futbolchilarni eslatib, hozir yulduzlik kasaliga duchor boʻlmasligini taʼkidladi.
“Bir iltimosim bor sizlardan. Tarix bor, avval oʻynagan futbolchilar bor, avvallari mana shunday musobaqalarda ishtirok etilganining tajribasi ham bor. Jahon chempionatiga chiqib, unda muvaffaqiyatli qatnashib, mashinalar berilgan oʻsha vaqtda ham. Oʻsha vaqtda mashinalarni haydab, har xil oʻrtoqlar paydo boʻlib, mashgʻulotlar qolib ketgan. Mashhurlikka oʻrtoq boʻlmaydi. Shuning uchun bunday oʻrtoqlarni yoninglarda yurgan boʻlsa haydanglar. Bizning vaqtimiz yoʻq qayerlagadir ziyofatlarga borishga. Sportchi bunday boʻlmaydi. Bir narsaga erishish uchun boshqa narsani qurbon qilish kerak. Vaqt tez oʻtadi, uning qadrini bilishimiz kerak. Vaqtning bir daqiqasini ham bekor oʻtkazmasligimiz kerak”, – deydi Ravshan Ermatov.
OʻFA birinchi vitse-prezidenti faqat tayyorgarlik qilish orqali keyingi natijalarni yaxshi qilish mumkinligini taʼkidladi.
“Katta-katta futbolchilar boʻlib, samolyotinglar boʻlsin, lekin samolyot olganda ham oyoqlaring yerdan uzilishi kerakmas. Hech qachon manmanlikka berilish kerakmas. Har doim oddiy boʻlish kerak. Shundagina Xudo ham yoʻlinglarni ochadi. Ogʻir-bosiqlik bilan, murabbiyinglar bergan taktika bilan, bergan koʻrsatmalar bilan ish qilsak, hech qachon adashmaymiz. Ruhan kuchli ekanliklaringni maydonda koʻrsatdinglar, shu ruh bilan keyingi musobaqaga ham tayyorgarlik koʻrsanglar hech kim halaqit qilolmaydi”, – deya qoʻshimcha qilgan Ermatov.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston oʻsmirlar terma jamoasi finalda Saudiya Arabistoni jamoasini 2:0 hisobida magʻlub etib, bosh sovringa ega chiqdi. Taʼkidlash kerakki, Islombek Ismoilov jamoasining ikki nafar aʼzosi birinchi taymning oxirida qizil kartochka olib, maydondan chetlashtirilgan edi. Ammo yakunda jamoa iroda koʻrsatib, ikki marta raqib darvozasini ishgʻol qilishni uddaladi.