Farzandlarimiz kamoli, maʼnaviy yetuk, jismonan baquvvat boʻlib ulgʻayishi, isteʼdodi va intellektual salohiyati yuzaga chiqishi, zamonaviy kasb egallashi uchun zarur barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Zero, zamon talabi – yoshlar bilan ertaga emas, bugun va hozir ishlash shart!
Taraqqiyotni belgilovchi asosiy kuch yuqori malakali kadrlardir. Bunday mutaxassislarni yetishtirish uchun esa taʼlim tizimi yaxshi ishlashi shart. Keling, tasavvurimizni oydinlashtirib olish uchun Fargʻona davlat universitetining bugungi faoliyatiga bir qur nazar tashlasak. Asrga tengdosh boʻlgan yirik ilm dargohi oʻtgan davr ichida qanday oʻzgarish va islohotlarga guvoh boʻldi?
Universitetning bugungi faoliyati, oldiga qoʻyilgan reja va maqsadlar yangi Oʻzbekistonning imkoniyatlari, yangi avlod kadrlar tarbiyalash borasidagi prinsiplarga uygʻundir. Xususan, oliygohning bakalavriat, magistratura bosqichlari hamda sirtqi taʼlim boʻlimida 30 mingdan ortiq talabaga taʼlim berayotgan 900 ga yaqin tajribali va yuqori salohiyatli professor-oʻqituvchining saʼy-harakatlari yangicha dunyoqarash va tafakkur egalarini, malakali mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan.
Kafedralarda iqtidorli talabalar bilan “ustoz-shogird” tizimi asosida yoʻlga qoʻyilgan namunali faoliyat natijasida ilm-fan bilan shugʻullanayotgan yoshlar safi kengaymoqda. Talabalar turli stipendiyalar, xalqaro va mahalliy fan olimpiadalari, tanlovlar hamda sport musobaqalarida yuqori oʻrinlarni egallab, oʻqituvchi va murabbiylari ishonchini oqlayotir. Universitetda talabalarning oʻqishi va olgan bilimini amaliyotda qoʻllashi uchun zarur shart-sharoit yaratib berilmoqda.
Reyting – faoliyat koʻzgusi,
xalqaro hamkorlik rivoji esa eʼtirofdir
Soʻnggi yillarda mamlakat oliy taʼlim muassasalari orasida FarDUning nufuzi oshib, mavqeyi tobora mustahkamlanib bormoqda. Bunda yurtimizdagi keng koʻlamli islohotlar muhim omil, albatta. Sohadagi islohotlar natijasida bugun yoshlarni oliy taʼlimga qamrab olish darajasi 42 foiz ortdi. Oliy taʼlim muassasalari soni ayni paytda 220 dan oshdi, 70 ga yaqin nodavlat oliy taʼlim muassasasi ochildi. QS “Fan sohalari reytingi”da 2 ta oliygoh “Top-500”, “QS Osiyo universitetlari reytingi – 2024”da 14 ta oliygoh “Top-1000”, “QS Sustainability Rankings – 2024”da 3 ta oliygoh “Top-1000” universitetlar roʻyxatiga kiritildi.
Ayniqsa, FarDUning yaqin 4-yillik faoliyatini kuzatib, xalqaro reytinglarda egallagan muvaffaqiyatlari yuqorilab borayotganiga, hatto ular sensatsion natijalar sifatida eʼtirof etilayotganiga guvoh boʻldik.
– Dunyoning eng nufuzli oliy taʼlim muassasalari va reyting tashkilotlari bilan aloqalarni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratyapmiz, – deydi FarDU rektori, pedagogika fanlari doktori, professor Bahodirjon Shermuhammadov. – Oʻtgan yillarda Avstraliyaning “UniRank” reyting platformasida mahalliy miqyosda 23-oʻrinni band etdik. Gruziyaning xalqaro universitetlar reyting tashkiloti – “Round University Ranking” reytingida oʻqitish indikatori boʻyicha 883-oʻrinda qayd etildik. Bunda oliygoh sifatli taʼlim mezoni boʻyicha alohida oʻrin tutadi.
Shuningdek, Kanadaning Xalqaro yutuqlar tadqiqot markazi – IARS reytingida universitet “Yil universiteti – 2023” xalqaro tanlovi gʻolibi boʻldi. Indoneziyaning “UI Green Metric World University Ranking” xalqaro reytingida barqaror rivojlanayotgan universitet sifatida dunyo oliygohlari ichida 738-oʻrinni, Turkiyaning HE – “Higher Education” xalqaro reytingida esa 3-oʻrinni egalladi.
Mazkur muvaffaqiyatlarni nafaqat Fargʻona davlat universiteti, balki butun Oʻzbekiston taʼlim tizimi tarixida muhim voqea deyish mumkin. Bu mamlakatimiz oliy taʼlim muassasalari jahon standartlariga javob bera olishining yaqqol isboti boʻlmoqda. Yaʼni milliy taʼlim tizimimiz dunyoda tan olinyapti, hamkorlik avvalgidek faqat xorij tomonning emas, oʻzaro manfaatga asoslangan teng asnoda kechyapti.
Shu maʼnoda universitetda xalqaro hamkorlik masalasi qanday yoʻlga qoʻyilgani mavzusiga ham qisqacha toʻxtalib oʻtsak. Har hafta taʼlim muassassasi bilan hamkorlikka peshvoz chiquvchilar bilan uchrashuvlar naqd. Masalan, biz bu yerda boʻlishimiz Loyang arxeologik tadqiqotlar instituti delegatsiyasining tashrifi onlariga toʻgʻri kelib qoldi.
FarDUning ishonchli hamkori hisoblangan Loyang arxeologik tadqiqotlar instituti delegatsiyasi 10 nafar arxeolog mutaxassisdan iborat ekan. Ular may-iyun oylarida Quva shahristoni yodgorligida FarDU olimlari va tadqiqotchi-talabalari ishtirokida xalqaro ilmiy qazuv ekspeditsiyasida ishtirok etadi.
Bu safargi tashrif doirasida Loyang arxeologik tadqiqotlar instituti tomonidan Oʻzbekiston – Xitoy arxeologiya qoʻshma kafedrasi huzuridagi ilmiy laboratoriya uchun olib kelingan texnik jihozlar tavsifi, xalqaro qazuv ekspedetsiyasini tashkil etish, FarDUning 15 talabasini oʻquv stajirovkasiga yuborish kabi muhim masalalar muhokama qilindi.
Loyanglik yirik tadbirkor, “CNNC Henan Energy Co., Ltd” kompaniyasi direktori Xue Haiyang bilan ham muzokaralar oʻtkazilib, investor tomonidan FarDUga Xitoyning ishlab chiqarish bilan bogʻlik investitsiyalarini kiritish masalalari muhokama qilindi.
Yana shu kunning oʻzida universitet rahbariyati dunyoning eng nufuzli ARWU reyting tizimida TOR-300 dan joy olgan Shimoli-gʻarbiy universitet delegatsiyasini ham qabul qildi. Uchrashuvda Shimoli-gʻarbiy universitet investitsiyalari asosida paleontologiya va madaniy merosni muhofaza qilish oʻquv-ilmiy laboratoriyasi tashkil qilish boʻyicha kelishuvga erishildi. Unga koʻra, joriy yilda laboratoriya uchun xonalar ajratilib, jihozlanishi boʻyicha aniq vazifalar belgilandi.
Bundan tashqari, 2025/2026 oʻquv yilidan yetakchi olimlarini FarDUga asosiy va oʻrindoshlik asosida ishga qabul qilish, akademik almashinuv doirasida talabalarni Shimoli-gʻarbiy universitet semestriga yuborish, Fargʻona vodiysida hamkorlikda arxeologik qazuv-tadqiqot ishlari olib borish kabi qator muhim masalalar yuzasidan kelishib olindi.
Iqtidorli talaba – ustozlar faxri
Taʼlim dargohida ilm olayotgan koʻplab yoshlar qoʻlga kiritayotgan yutuqlar, fan olimpiadalaridagi muvaffaqiyatlar, turli nufuzli stipendiya sohibiga aylanishi ortida fidoyi ustozlar, pedagogik jamoa mehnati mujassam, albatta. Bu kabi natijalar, zamonaviy tilda aytganda, atrofdagilarga motivatsiya beradi. FarDU faxriga aylanayotgan ilgʻor talabalar soni koʻpayib, ularning ilmiy izlanishlari ahamiyati tobora ortib borayotgani esa kishini quvontiradi.
– Bugun IT parklar qatorida kreativ parklar, yoshlar sayilgohlari, ijod koʻchalari, oliy oʻquv yurtlarida sport ligalari, kovorking va teatr studiyalari bizning ixtiyorimizda, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi sohibi Fayzulla Sayramov. – Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga yoshlarning haq-huquqlarini muhofaza etish, jamiyat va davlat hayotidagi faol ishtirokini taʼminlash, sifatli taʼlim olishi, ijtimoiy va tibbiy xizmatlardan foydalanishi, uy-joyli, ishli boʻlishi uchun zarur shart-sharoit yaratishga doir normalar kiritilgani nihoyatda katta voqeadir. Davlat bu orqali oʻz zimmasiga muhim majburiyatlarni olmoqda. Ularning hayotimizda tasdigʻini topishi nafaqat biz yoshlar manfaati, balki butun jamiyatimiz va mamlakatimizning kelgusi taqdiri uchun gʻoyat muhim.
– Biz yoshlarning dunyoqarashimiz oʻzgaryapti, tafakkurimiz oʻsayapti, – deydi Ulugʻbek nomidagi davlat stipendiyasi sohibasi Anna Bogdan. – Shunday boʻlishi ham kerak-da. Axir dunyoning ertasi, taqdiri yoshlar qoʻlida. Davlatimiz rahbari “Yoshlar kelajagi bilan bogʻliq har qanday vazifa birlamchi ahamiyatga ega”, deb bejiz taʼkidlamaydi. Bu yondashuv “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida ham aksini topgan. Misol uchun, ushbu muhim hujjatning “Har bir insonga oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarishi uchun munosib sharoitlarni yaratish” deb nomlangan birinchi yoʻnalishi 44 banddan iborat boʻlsa, shuning 25 dan ortigʻi bevosita yoshlar manfaatlariga qaratilgan.
Darhaqiqat, koʻrsatilayotgan doimiy eʼtibor va gʻamxoʻrlik yosh avlod zimmasiga zalvorli masʼuliyat yuklaydi, yoshlarimizdan xalqimiz oldida turgan yuksak maqsadlarga erishishda yanada faollik koʻrsatishni talab etadi.
— 30-iyun mamlakatimizda Yoshlar kuni, deb eʼlon qilingani ham keyingi davrda yurtimizda yoshlarning hayotda oʻz oʻrnini topishi uchun munosib sharoit yaratish, har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, kasbga yoʻnaltirish va bandligini taʼminlash, tashabbuslarini ragʻbatlantirishga katta eʼtibor qaratilayotganini yaqqol tasdiqlaydi, – deydi FarDU rektori stipendiyasi sohibasi Durdona Moʻydinova. – Bugun biz ilm olayotgan taʼlim muassasasining ilmiy salohiyati uncha-buncha raqobatdan qoʻrqmaydigan darajaga chiqqani bilan faxrlanamiz. Bunga jonkuyar ustozlarimiz, bu yerda yaratib berilgan sharoitlar muhim omil boʻlyapti.
Universitetda muntazam faoliyat yuritib kelayotgan “Nilufar” talabalar teatr studiyasi, yosh talabalar mediaguruhi, “Zakovat” intellektual klubi, “Inspire-U Academy” xorijiy tillar oʻquv markazi, yosh suxandonlar, kitobxonlar, aktyorlar, dasturchilar, rassomlar, tarjimonlar markazlari, “FarDU ekovolontyorlari” koʻngilli guruhi, “Bolajon” innovatsion tajriba markazi, Gender tenglik tadqiqotlari markazi, sport majmuasi tarkibidagi professional futbol klubi, shaxmat, shashka, kurash, yengil atletika, suzish kabi toʻgaraklar yuzlab yigit-qizlarning oʻz salohiyat va iqtidorini namoyish etishi uchun xizmat qilmoqda.
Sport – muassasa hayotining ajralmas qismi
Darvoqe, sport va jismoniy tarbiya mavzusiga alohida toʻxtalib oʻtmasak boʻlmaydi. Negaki, mamlakatimizda yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb qilish, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish borasidagi saʼy-harakatlarga “labbay” deb javob berayotgan universitetning sportchilari va sport jamoalari erishayotgan natijalar bugun nafaqat muxlislar, balki sport mutaxassislarining ham eʼtirofiga sazovor boʻlmoqda. Ayniqsa, millionlar oʻyini boʻlgan futbol jamoasi erishayotgan yutuqlar kishini hayratlantiradi. Bu natijalar aksariyat jamoalar uchun orzu.
Universitet jamoasi misolida koʻrish mumkinki, mamlakatda har tomonlama yetuk hamda jismonan sogʻlom insonni shakllantirish, iqtidorli sportchilarni tanlab olish (seleksiya) jarayoniga innovatsion shakllar va usullarni joriy etish oʻz mevasini berishda davom etmoqda. Boshqacha aytganda, jahon tajribasida mavjud boʻlgan universitet sport jamoalarining yuksak nufuzi taʼminlanmoqda.
“FarDU” futbol jamoasi oʻzbek futbolining afsonasi, 5 karra Oʻzbekiston chempioni, 2 karra mamlakat kubogi sohibi, 1994-yilgi Osiyo oʻyinlari chempioni, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sportchi Sergey Lebedov murabbiyligida yangi-yangi marralarni zab etmoqda.
Qisqa muddat ichida “FarDU” katta maydonda oʻzini koʻrsatib, OʻzPFL tasnifida oʻtadigan professional futbol chempionatiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi. Bu natijadan Fargʻona davlat universiteti jamoasi va talaba-yoshlarining quvonchlarini tasavvur qilish qiyin emas. Chunki ikki yuzga yaqin oliy taʼlim muassasasi ichida “FarDU” futbol jamoasining Birinchi liga yoʻllanmasiga ega chiqishi muhim tarixiy voqelik edi.
Futbol universitet faxrlanishi mumkin boʻlgan yagona sport turi emas. Sportning boshqa turlari boʻyicha ham havas qilgulik natijalar juda koʻp. Bundan tashqari, xotin-qizlar sportini rivojlantirish, ularni sportga ommaviy jalb qilish masalasi ham doimiy eʼtiborda. Universitet sportchi qizlarining nomini bugun koʻpchilik muxlislar yaxshi bilishadi. Ular erishayotgan natijalar, qoʻlga kiritayotgan yutuqlar haqida bitta maqolada hikoya qilishning imkoni yoʻq.
– Sport bizning jonu dilimiz, – deydi belbogʻli kurash boʻyicha jahon birinchiligi sovrindori Diyorbek Polvonboyev. – Mamlakatimizda yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, imkoniyatlari cheklangan shaxslarning jismoniy reabilitatsiyasi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish borasida katta ishlar amalga oshirilyapti. Bu FarDU talabalarini sportga keng koʻlamda jalb etish, sportning ommaviyligini oshirish borasida yoʻlga qoʻyilgan istiqbolli loyihalarda ham aks etmoqda.
Talaba-yoshlarning ommaviy sportga qiziqishini yanada oshirish yoʻlidagi ishlar natijasida universitetdan nayza uloqtirish boʻyicha Paralimpiada oltin medali sohibi Yorqinbek Odilov, Chernogoriyada boks boʻyicha oʻtkazilgan jahon chempionatida 3-oʻrinni egallagan Oisha Toirova, ctol tennisi boʻyicha universiada musobaqalarining respublika final bosqichi sovrindori Shoira Qodirova va boshqa koʻplab chempion talabalar yetishib chiqdi. Bugungi kunda viloyatdagi sport maktablari va oliygohning chempionlikni koʻzlagan koʻplab yoshlari ushbu talabalar mahoratini “ustoz-shogird” yoʻnalishida birga oʻzlashtirib bormoqda.
Mamlakatimizda ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish va aholining jismoniy faolligini oshirish borasidagi islohotlar natijasida shu oʻzgarishlardan bahramand boʻlib ulgʻayayotgan yoshlarimiz jahon arenalarida munosib oʻrin egallamoqda, yurtimiz bayrogʻini dunyo uzra baland koʻtarmoqda. Chunki yoshlarimizdagi sportga qiziqish doimo qoʻllab-quvvatlanmoqda va sport sohasini dunyo miqyosida rivojlantirish masalalariga birinchi galdagi vazifa sifatida eʼtibor qaratilmoqda.
Bir jamoada, bir safda
Fargʻona tumanining Oqbilol, Doʻstlik mavzelari hududida oliygohga ajratilgan dasht va toshloq yerlar oʻzlashtirilib, yoshlarning bilim va koʻnikmasini amalda mustahkamlashi uchun oʻquv-tajriba uchastkalari sifatida tashkil qilingan. Ayni vaqtda agrouchastkalarda chorvachilik, asalarichilik, gulchilik, anorchilik, bogʻdorchilik, uzumchilik, sabzavotchilik hamda biogumus tayyorlash yoʻlga qoʻyilgan. Bu tarmoqlarda ishlayotganlar safida ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalar ham bor.
Fargʻona davlat universitetida mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari va toʻliq davlat taʼminotida boʻlgan, chin yetim talabalar ham tahsil oladi. Ular har oyda moddiy ragʻbatlantirilib, zarur adabiyotlar, ehtiyoji uchun kerakli vositalar bilan taʼminlanmoqda. Shuningdek, nogironligi boʻlgan hamda “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning farzandlari boʻlmish talabalarga moddiy yordam koʻrsatib kelinadi.
Universitetda bakalavriatning kunduzgi taʼlim shaklida davlat granti yoki toʻlov-kontrakt asosida aʼlo baholarga oʻqiyotgan hamda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam taʼminlangan oila sifatida eʼtirof etilgan xonadonlarning talaba qizlariga umumiy shartlarda beriladigan stipendiya saqlab qolingan holda qoʻshimcha tarzda bazaviy stipendiyaning bir barobari miqdorida oyma-oy beriladigan maxsus stipendiya taʼsis etilgan.
Shuningdek, fan olimpiadalari, koʻrik-tanlov va turli sport musobaqalarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan talaba qizlar bazaviy stipendiyaning 5 barobari miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan ragʻbatlantiriladi. Bugungi talaba nafaqat mutaxassis, balki iqtidor, isteʼdod, kerakli hunar egasi hamdir. U oʻz qiziqishini namoyon qilishni, yuqori marralarni egallashni va erkin ijod bilan shugʻullanishni istashi tabiiy.
Yaqin istiqbolda bugungi yosh avlod davlat va jamiyat boshqaruvida hal qiluvchi kuchga ega boʻlishini tasavvur qilsak, yoshlar taʼlim-tarbiyasi bilan shugʻullanish, muammolarini vaqtida hal etib, shaxs sifatida rivojlanishi uchun barcha sharoitlarni yaratish, professional kasb mahoratini shakllantirish kabi vazifalar nihoyatda dolzarb ekani yanada oydinlashadi.
Nodir MAHMUDOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Maqola “Yangi Oʻzbekiston“ gazetasining 2025-yil 28-may, 107 sonida chop etilgan
Hamkorlik materiali