Qayd etilishicha, 2027-yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan Voyager stansiyasi sayohat haqidagi barcha tasavvurlarni oʻzgartirib yuborishi kutilmoqda, chunki yaqin kelajakda kosmosni oʻrganish faqat professional astronavtlar faoliyati boʻlib qolmaydi. Hatto oddiy reaktiv samolyot ishqibozlari ham endilikda Yer atmosferasidan tashqarida hashamatli taʼtil oʻtkazish imkoniyatiga ega boʻladi.

Bugungi kunda OAC Above Space nomi ostida faoliyat yuritmoqda. Kompaniyani Jeff Bezos va Richard Brenson kabi taniqli tadbirkorlar qoʻllab-quvvatlamoqda.

Voyager stansiyasi oddiy kosmik kemalardan farq qiladi. U Yer atrofida aylanuvchi ulkan aylana shaklida loyihalashtirilgan. Kema muhandis Verner fon Braun tomonidan loyihalashtirilgan.

Economic Times nashrining xabar berishicha, dastlab OAC mehmonxona ichida Oyning tortishish kuchiga teng (Yerning 1/6 qismiga mos) sunʼiy gravitatsiyani yaratishni rejalashtirgan. Keyinchalik bu koʻrsatkich Mars yoki Yer tortishish kuchiga yaqinlashtiriladi. Natijada mehmonlar yurish, uxlash, ovqatlanish kabi harakatlarni odatdagi tarzda amalga oshirish imkoniyatiga ega boʻladi va astronavtlardek muallaq qolmaydi.

Mehmonlar sayohatni maxsus kosmik kema orqali Yer orbitasiga chiqishdan boshlaydi. Raketa ularni gravitatsiyasiz maydongacha yetkazadi. Soʻng mehmonlar lift orqali aylanuvchi halqa atrofida joylashgan 24 ta turar joy modulidan iborat rezidensiyalarga olib chiqiladi.

Voyager stansiyasida tor kapsulalar boʻlmaydi. Mehmonxona umumiy 125 ming kvadrat fut maydonni egallaydi va bir vaqtning oʻzida 280 nafar mehmon hamda 112 nafar ekipaj aʼzosini qabul qila oladi. Unda hashamatli xonalar, restoran, bar, sport zali, SPA markazi, savdo doʻkonlari, kinoteatr va konsert maydonchasi ham boʻladi.