Holat yuzasidan Ekologiya vazirligi davlat nazorat inspeksiyasi xodimlari tomonidan tezkor oʻrganish ishlari olib borildi. Reyd davomida Toshkent shahrida yashovchi fuqaro yashash manzilida 1 dona Nil timsohini saqlayotganligi aniqlandi.
Maʼlumot uchun, Vazirlar Mahkamasining “Yovvoyi hayvonlarni saqlash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 736-son qaroriga asosan, 2025-yil 1-yanvardan jismoniy shaxslar tomonidan (roʻyxat asosida) yovvoyi hayvonlarni tutqunlikda saqlash hamda sirk tomoshalarida yovvoyi hayvonlardan foydalanish taqiqlandi.
Timsoh Toshkent hayvonot bogʻiga topshirildi. Huquqbuzarga Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksning 92prim 1-moddasi 1-qismi bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Ish yuzasidan toʻplangan hujjatlar holatga huquqiy baho berish va tegishli chora koʻrish maqsadida sud organlariga yuborildi.