Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarga nafaqa tayinlash va toʻlash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarga bir martalik nafaqa tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

Qarorga koʻra, nafaqa tayinlash uchun murojaat qilish, murojaatlarni koʻrib chiqish va nafaqa tayinlash “E-probatsiya” axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.

Nafaqa tuman (shahar) probatsiya boʻlinmalari tomonidan tayinlanadi hamda mahalliy byudjetdan ajratiladigan mablagʻlar hisobidan toʻlanadi.

Tayinlangan nafaqa “E-probatsiya” axborot tizimi orqali taqdim etilgan maʼlumotlar asosida toʻlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan har oyning 2-sanasiga qadar oʻtgan oyda toʻlangan nafaqalarning umumiy summasidan kam boʻlmagan miqdordagi mablagʻlar toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuzilgan tijorat banki yoki boshqa ixtisoslashgan tashkilot hisobvaragʻiga oʻtkazib beriladi.

Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarning murojaatiga asosan “Yagona reyestr” AT orqali elektron yuborilgan toʻlov qaydnomalariga muvofiq nafaqa tijorat banki tomonidan naqd pul shaklida toʻlanadi yoki ularda mavjud bank kartalariga oʻtkazib beriladi.

2025-yil 1-sentyabrga qadar “E-probatsiya” axborot tizimi “Yagona reyestr” ATga integratsiya qilinadi hamda “E-probatsiya” axborot tizimi orqali nafaqa tayinlash boʻyicha murojaatlarni qabul qilish, koʻrib chiqish va tayinlashning barcha texnik imkoniyatlari yaratiladi.

Mazkur Nizom jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarga bir martalik nafaqa tayinlash va toʻlash tartibini belgilaydi.

Nafaqa Oʻzbekiston Respublikasidagi jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga tayinlanadi.