2023-yil uchun Davlat byudjetining taqsimlanishida qanday oʻzgarishlar bor?

    Moliya 30 Dekabr 2022 3622

    2022-yil 29-dekabrda Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi Moliya vazirligi bilan hamkorlikda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining mahalliy byudjet, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, investitsiya va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari boʻyicha doimiy komissiyalari uchun “2023-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Qonun mazmun-mohiyatini tushuntirish yuzasidan seminar oʻtkazdi.

    Taʼkidlanganidek, Qonunda keyingi yilda iqtisodiy oʻsish darajasi 5,3 foiz, inflyatsiya darajasi 9,5 foiz, konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foiz miqdorda, shuningdek, yangidan imzolanadigan davlat tashqi qarzi yuqori chegarasi 4,5 milliard dollar miqdorida prognoz qilinyapti.

    Shuningdek, Davlat byudjeti daromadlaridan kelib chiqib, kelgusi yil uchun Davlat byudjeti xarajatlari yalpi ichki mahsulotga nisbatan 24,1 foiz miqdorida belgilanyapti.

    Qonun bilan ijtimoiy soha xarajatlarining qariyb 45 foizi taʼlim sohasiga, xususan, qariyb 11 trillion soʻm maktabgacha taʼlim tashkilotlariga, 37 trillion soʻm xalq taʼlimiga, 10,4 trillion soʻm oʻrta maxsus va oliy taʼlimga ajratiladi.

    Bundan tashqari, 2022-yilda Davlat byudjetidan sogʻliqni saqlash sohasiga (markazlashgan investitsiya xarajatlari bilan birga) 28,4 trillion soʻm yoki 2022-yil uchun tasdiqlangan rejaga nisbatan 5,2 trillion soʻm yoki 22 foizga koʻp mablagʻ ajratilishi koʻzda tutilgan.

    Birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilar uchun respublika byudjetidan ajratiladigan mablagʻlardan foydalanish, yaʼni oʻzlarining joriy xarajatlarini 2023-yil 1-yanvardan boshlab mustaqil qayta taqsimlash boʻyicha qoʻshimcha vakolat beriladi.

    Jumladan, tegishli rivojlantirish dasturlari uchun rejalashtirilgan mablagʻlarni bir dasturdan boshqasiga qayta taqsimlashlari mumkin boʻladi. Bunda har bir dastur ijrosi uchun tasdiqlanadigan maqsadli koʻrsatkichlarga erishgan holda iqtisod qilingan mablagʻlar nazarda tutilgan.

    Byudjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanish ustidan parlament nazoratini kuchaytirish maqsadida birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarning respublika byudjetidan ajratiladigan mablagʻlardan foydalanish, shuningdek, rivojlantirish dasturi maqsadli indikatorlarining bajarilish holati toʻgʻrisidagi hisobotlarini eshitish amaliyoti joriy etilyapti.

    Davlat byudjeti taqchilligining prognoz koʻrsatkichlaridan oshib ketishining oldini olish va byudjet barqarorligini taʼminlash maqsadida 2023-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi nomidan chiqariladigan davlat qimmatli qogʻozlarining cheklangan sof hajmi 17 trillion soʻm miqdorida boʻlishi belgilanyapti. Bunda moliya yili davomida chiqariladigan hamda joriy yilda soʻndiriladigan Oʻzbekiston Respublikasi davlat qimmatli qogʻozlari cheklangan sof hajmga kiritilmasligi belgilanyapti.

    Daromadlar boʻyicha prognozning oshirib bajarilgan qismi respublika byudjeti ixtiyorida qolishi belgilanyapti.

    Seminarda 2023-yil uchun soliq-bojxona siyosatining asosiy yoʻnalishlariga toʻxtalib oʻtildi.

    Xususan, qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasi amaldagi 15 foizdan 12 foizgacha pasaytirilyapti, aylanmadan olinadigan soliqning amaldagi 14 ta faoliyat turi boʻyicha 4 foizdan 25 foizgacha belgilangan stavkalari unifikatsiya qilinib, yagona 4 foiz etib belgilanyapti.

    Tadbir yakunida seminarda koʻtarilgan masalalar yuzasidan xalq deputatlari mahalliy Kengashlarning mahalliy byudjet, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, investitsiya va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari boʻyicha doimiy komissiyalariga tegishli tavsiyalar berildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.