55 maktab tajribasi qaysi jihati bilan e’tiborni tortmoqda?

    Prezidentimiz vodiy viloyatlariga tashrifi chog‘ida Andijon tumanidagi 55-maktabda ham bo‘ldi. Maktabda o‘quvchilarni kasb-hunarga o‘rgatish borasida yo‘lga qo‘yilgan yangi tajriba bilan yaqindan tanishdi.

    Faoliyatni takomillashtirish bo‘yicha zarur tavsiya va topshiriqlar berdi. Bu masalaga davlatimiz rahbari darajasida e’tibor qaratilayotganining, albatta, asosli sabablari bor. Muayyan kasb-hunarni egallagan inson hayotda o‘rnini topishda qiynalmaydi, o‘zgalar ko‘magiga muhtoj bo‘lmaydi, demakki, davlatga boqimandalik bilan yashamaydi. Qolaversa, bugungi shiddatli davrda yoshlarning zamonaviy bilim olishi hamda mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarni puxta egallashi hayotiy zarurat sifatida namoyon bo‘lmoqda.

    Davlatimiz rahbari o‘tgan yilning 20 dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida shunday dedi: “Ta’lim sohasidagi navbatdagi muhim yo‘nalish, bu — yoshlarning zamonaviy kasb-hunar egallashi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratishdan iborat.

    Maktab bitiruvchilarining 50 foizi mehnat bozoriga hech qanday kasbga ega bo‘lmasdan kirib kelayotgani hammamizni o‘ylantirishi kerak. Shu bois, 700 dan ortiq kasb-hunar maktabi, kollej va texnikumlar imkoniyatidan samarali foydalanish zarur”.

    Ana shu vazifalarning ijrosiga yo‘naltirilgan yangi tajriba tashrif chog‘ida Prezidentimiz e’tiboriga havola etildi. Andijon tumanining chekka hududida — keng adirlik yoqasida joylashgan bu maktab 2019 yilda avvalgi kollej o‘rnida tashkil etilgan. Muassasada bolalarning zamonaviy bilim olishi va kasb-hunar egallashi uchun zarur barcha shart-sharoit yaratilgan. Ayni paytda bu ta’lim maskanida 36 nafar yuqori malakali pedagog 604 nafar o‘g‘il-qizga ta’lim bermoqda.

    Maktabning bo‘sh turgan 14 ta xonasi tadbirkorlarga nol qiymatda berildi va bu yerda kasbga o‘rgatish ustaxonalari tashkil etildi. Zarur jihoz, uskunalar bilan ta’minlangan xonalarda bitiruvchi sinf o‘quvchilari darsdan so‘ng guruhlarga ajratilgan holda 8 yo‘nalish bo‘yicha kasb-hunar o‘rganmoqda. Qandolatchilik, pazandalik, novvoylik, poyabzal tikuvchi va ta’mirlovchi, kasanachilik (ko‘rpa-to‘shak qavish), tikuvchilik, mebelsozlik, savat to‘qish kabi yo‘nalishlarda o‘quvchilarga hunar o‘rgatish yo‘lga qo‘yilgani bolalarning maktabni tamomlayotgan paytda “qaysi sohani egallasam ekan”, degan savol qarshisida ikkilanmasligi, muayyan kasb-hunarni puxta o‘rganishiga zamin tayyorlamoqda.

    — Qishlog‘imiz bolalari ziyrak, intiluvchan, — deydi maktab direktori Mavluda Rasulova. — Ularni kasbga qiziqtirish unchalik qiyin bo‘lmadi. Ayniqsa, hunar o‘rganish bilan birga daromadga ega bo‘lishi, oila a’zolariga ko‘mak berishi, topgan mablag‘ini ilm olish uchun sarflashi mumkinligini tushungan o‘g‘il-qizlar o‘z xohishi va qiziqishi bilan hunar o‘rganishga chog‘landi. Dastlabki bir haftaning o‘zida qizlarimiz 60 ta ko‘rpa-to‘shak qavib, sotuvga chiqargani ham bolalarning hunar o‘rganishga ishtiyoqidan darak beradi. Tadbirkorlar o‘quvchilarga ish haqi to‘laydi. Kuniga 50 ming so‘mgacha pul olayotgan o‘quvchining bir oylik daromadi 1-1,5 million so‘mni tashkil etyapti.

    Ustoz-shogird an’anasi asosida tashkil etilgan mashg‘ulotlarga ishlab chiqarish ta’limi ustalari soatbay asosida jalb etilgan. Ular o‘quvchilarga hunar o‘rgatish barobarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar hajmini oshirish, qo‘shimcha daromad topishga ham erishmoqda. Tayyor mahsulot — tadbirkorga, hunar o‘rganishi barobarida topayotgan mablag‘i esa o‘quvchiga foyda.

    — Qandolatchilik syexida ishlayman, — deydi ishlab chiqarish ta’limi ustasi Fotima Ro‘ziyeva. — Holva tayyorlash ortidan oyiga 4-5 million so‘m daromad topaman. Bugun maktab o‘quvchilariga holva tayyorlash sirlarini o‘rgatyapman. Ular juda uquvli, qiziquvchan. Shogirdlarim kelgusida bu ishni mukammal o‘rganishi va yaxshi hunarmand bo‘lishiga ishonaman.

    Shu kasb-hunar orqali kelgusida oila farovonligiga erishish, qishloqdoshlarini ish bilan ta’minlash, agar xorijiy tilni ham o‘rgansa, chet mamlakatlar bilan hamkorlikda ishlashi mumkinligini bolalar yaxshi tushunadi.

    — Bolaligimdan shirinlik, ayniqsa, holvaning tayyorlanishi men uchun qiziqarli bo‘lgan. Shu sababli bu hunarni o‘rganishga qaror qildim, — deydi shu maktabning 10-sinf o‘quvchisi Muhammadali Abdullayev. — Ayni paytda oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirishga tayyorgarlik ko‘ryapman. O‘qish bilan birga, qandolatchilikni ham davom ettirmoqchiman. Kelgusida bu yo‘nalishda tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yib, mahalladoshlarim, tengqur do‘stlarimni ish bilan ta’minlash niyatim bor.

    Yana bir yaxshi tashabbus yo‘lga qo‘yilmoqda. Viloyat hokimligi tomonidan maktabga yondosh hududda 7 ta kichik bino barpo etilmoqda. Ularda ayollar va erkaklar sartaroshligi, avtoelektrik, santexnik kabi bir necha faoliyat yo‘lga qo‘yiladi. Aholiga xizmat ko‘rsatiladi, maktab o‘quvchilariga kasb-hunar o‘rgatiladi.

    Yurtimizda xorijiy tillarni chuqur o‘rgatishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Davlatimiz rahbari Murojaatnomada ham bu haqida so‘z yuritib, jumladan, shunday dedi: “Hozirgi ochiqlik siyosati, chet el investisiyalari va yangi korxonalarning ortib borayotgani yoshlarimizni zamonaviy bilimlar va xorijiy tillarni o‘rganishga undamoqda. Shu bois, maktab larga yuqori malakali xorijiy o‘qituvchilarni olib kelishga majbur bo‘lyapmiz.

    Fursatdan foydalanib, yurtimizdagi barcha maktab jamoalariga murojaat qilmoqchiman.

    Jondan aziz bolalarimiz maktabdan chet tillarni, kasb-hunar va kompyuter savodxonligini puxta o‘rganib chiqsa, bilasizlarmi, jamiyatimiz qanday o‘zgaradi?

    Yangi O‘zbekistonda maktab jamoalari va muallimlarining mas’uliyati —

    aynan ana shu masalalarda yaqqol namoyon bo‘ladi”.

    Jahon hamjamiyatiga integrasiya jarayonida, dunyo bozoriga dadil va faol kirib borilayotgan ayni pallada xorijiy tilni o‘rganish zarurati har qachongidan ko‘ra oshmoqda.

    — Maktabimizda ingliz tili 1-sinfdan o‘qitiladi, — deya izohlaydi Mavluda Rasulova. — Prezidentimiz topshirig‘iga binoan joriy yildan boshlab fransuz tilini ham o‘qitish yo‘lga qo‘yilmoqda. Yaqin kunlarda integrasiyalashgan o‘quv rejasi asosida fransuz tilini dars jadvaliga kiritish ko‘zda tutilyapti. Hozircha bolalar ushbu tilni maktabimiz qoshidagi to‘garakda o‘rganmoqda. Fransuz tilini o‘qitish bo‘yicha eng malakali va kamida 1-toifali chet tili o‘qituvchilarini jalb etish rejalashtirilgan.

    Kelgusida xorijiy tillarni o‘zlashtirgan o‘quvchilar bandligini ta’minlash ham e’tiborda. Ular o‘quv va logistika markazlarida, xorijiy kompaniyalarda ishlashi uchun sharoit yaratiladi. Shuningdek, xorijiy til o‘qituvchilarining malakasini oshirish, birinchi chet tili boshqa til bo‘lgan mutaxassislar uchun bepul tayyorlov kurslari tashkil etish, o‘quvchilarning ikkinchi xorijiy tilni 7-11 sinf davomida A2 darajada o‘zlashtirishiga erishish nazarda tutilmoqda.

    — Prezidentimiz bilan ko‘rishganimda qattiq hayajonlandim. U kishining nigohidan “Men istagan ta’limni bolalarga bera olyapsizmi?” degan savolni uqdim, — deydi maktab direktori. — Bugun davlatimiz rahbari kutganidek ta’lim bera olyapmiz, deya olmayman. Biroq shu uchrashuvdan so‘ng juda katta mas’uliyat hissini tuydim va oldimga marra qo‘ydim. O‘qituvchilar bilan astoydil ishlaymiz. Vijdonan ishlashga, har bir bolaning bilimiga, taqdiriga befarq bo‘lmaslikka intilamiz. Prezidentimiz kutgan sifatli ta’limni berish uchun bor kuchimiz va imkoniyatimiz darajasida harakat qilamiz.

    Ha, bugungi harakat ertaga o‘zining ijobiy natijasini beradi. Yorug‘ orzular qanot yozib, oilalar farovonligi va to‘kisligi, el-yurt obodligiga xizmat qiladi. Osoyishta va obod manzillarni bugun ilm olish, kasb-hunar egallashga ishtiyoqi baland, uyg‘oq fikrli yoshlar barpo etadi.

    Risolat Madiyeva,

    “Yangi O‘zbekiston” muxbiri