6 oyda prokuratura organlari tomonidan 236 ming fuqaroning buzilgan huquqlari tiklangan

    Shu yilning 19-iyul kuni 2024-yilning 6 oyida prokuratura organlari tomonidan aniqlangan qonun buzilishi holatlari yuzasidan yigʻilish boʻlib oʻtdi.

    Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

    Videoselektor tarzida oʻtkazilgan hayʼat majlisida prokuratura organlarining mamlakatda qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida 2024-yilning 1-yarmidagi faoliyati natijalari koʻrib chiqildi.

    Tanqidiy ruhda oʻtkazilgan hayʼat majlisida Bosh prokuror N.Yo‘ldoshev maʼruza qilib, joriy yil oʻtgan davrida prokuratura organlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar va yoʻl qoʻyilgan xato — kamchiliklarga birma — bir toʻxtalib oʻtdi.

    Qayd etilganidek, prokuratura organlarining bugungi faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlarni, jumladan yangi tahrirdagi Konstitutsiya talablarining toʻliq va soʻzsiz bajarilishini taʼminlash, barcha sohalarda qonuniylikni mustahkamlashga yoʻnaltirilgan.

    Umuman, fuqarolar va davlatning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, inson huquqlariga soʻzsiz rioya etilishini taʼminlash, Konstitutsiya va qonunlarni muhofaza qilish borasida prokuratura organlari zimmasiga yuklatilgan vazifalar ijrosi soʻzsiz bajarilishi zarurligi belgilandi.

    Taʼkidlanishicha, 2024-yilning 6 oyida prokuratura organlari tomonidan aniqlangan qonun buzilishi holatlari yuzasidan 102 mingga yaqin nazorat hujjatlari qoʻllanilib, 236 ming fuqaroning buzilgan huquqlari tiklangan.

    Nazorat tadbirlari va dastlabki tergov davomida aybdor shaxslardan fuqarolarga va davlat manfaatlariga yetkazilganligi aniqlangan 1,8 trln. soʻmlik zararning undirilishi taʼminlangan.

    Aholini ijtimoiy muhofaza qilish, bandligini taʼminlash, muhtoj oilalarni, yoshlar va xotin — qizlarni har tomonlama qoʻllab — quvvatlashga oid qonunchilik ijrosini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilgan.

    Madaniy meros obyektlarini asrash, turizm va sportni rivojlantirish, tabiatni muhofaza qilishga doir vazifalar ijrosi ustdan nazorat kuchaytirilgan.

    Birgina, “Yashil makon” umummilliy loyihasi ijrosi ustidan doimiy nazorat oʻrnatilib, bevosita prokurorlar tomonidan 420 ming tupdan ziyod daraxt ekildi hamda Respublikamizning barcha hududlarida “Prokuror bogʻlari” barpo etilmoqda.

    Tadbirkorlik subyektlarini har tomonlama qoʻllab — quvvatlash, qulay biznes muhitini yaratish masalasiga ham alohida toʻxtalib oʻtildi.

    Xususan, tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish, eksport hajmini oshirish kabi iqtisodiyot rivojidagi dolzarb yoʻnalishlarda tizimli tadbirlar amalga oshirilib, qariyb 8 ming nafar tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklangan, 15 ming nafardan ortigʻiga muammolarini bartaraf etishda koʻmaklashilgan.

    Byudjet daromadlari bashorati ijrosini soʻzsiz bajarish va qoʻshimcha manbalarni jalb qilish boʻyicha belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlashga ustuvor ahamiyat qaratilgan.

    Byudjet tushumlari prognozi ijrosi yuzasidan kundalik nazorat oʻrnatilib, 84,2 trln. soʻmlik reja 85,7 trln. soʻmga yoki 102 foizga bajarilishi hamda byudjetga qoʻshimcha 9,6 trln. soʻmlik tushumlar tushirilishi taʼminlangan.

    Hayʼat yigʻilishida prokurorlar tomonidan dolzarb yoʻnalishlarda, jumladan yoqilgʻi — energetika, qurilish, kuz — qish mavsumiga tayyorgarlik kabi sohalarda amalga oshirilgan ishlar va mavjud muammolar alohida oʻrin egalladi.

    Xususan, aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlarini energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash maqsadida prokuratura organlari aralashuvi natijasida koʻplab muammolar bartaraf etilishiga erishilgan.

    Yoqilgʻi — energetika sohasida qonuniylikni taʼminlash maqsadida oʻtkazilgan qariyb 50 mingta reyd tadbirlari davomida, 48 mingdan ortiq noqonuniy holatlar fosh etilib, 217 mlrd. soʻm zarar undirilgan.

    Qayd etilishicha, prokuror nazorati tadbirlari oʻlaroq, davlat dasturlariga kiritilgan 140 ta obyektning oʻz muddatida foydalanishga topshirilishi, 2,4 trln. soʻm mablagʻlar tejalishi taʼminlangan.

    Muhokama natijasiga koʻra, faoliyatida jiddiy xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻygan xodimlarga tegishli choralar koʻrildi.

    Hayʼatda koʻrilgan masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.