Olmaliq shahri oʻzining koʻp qirrali togʻ-kon ogʻir sanoat metallurgiyasi, zamonaviy metall ishlab chiqarish texnologiyalari bilan bugungi mustaqil Oʻzbekistonning iqtisodiy hayotida qanchalar katta ahamiyatga ega boʻlsa, uning yaqinida joylashgan qadimgi Tunkat shahri qora va rangli metall ishlab chiqarishda undan ham oʻn karra yuksak ahamiyatga molik boʻlgan.

U Qurama togʻ tizmalaridan Ohangaron daryosi tomon oqib tushgan Otchoparsoy bilan Sovuqbuloqsoy oraligʻida, baland jarlik ustida joylashgan. Bu hozirgi Obiz qishlogʻidan Qurama togʻ tomon pandussimon koʻtarilib boruvchi adirliklar hududiga toʻgʻri keladi. Qadimgi Tunkat 200 gektar maydonni egallagan qadimgi yirik metallurgiya shahri boʻlgan.

Arxeologik izlanishlar shuni koʻrsatadiki, uning hududida minglab ruda eritish va ixtisoslashgan metall ustaxonalari mavjud boʻlgan. Ularda ishlab chiqarilgan metall xomashyosi va undan tayyorlangan harbiy hamda mehnat qurollari yaqingacha jahon bozorining kamyob bozorgir mahsulotlari edi. Tunkatning toʻrtdan bir qismida metallurg-dehqonzodalarning turar-joy qasrlari, xunarmandlar kulbalari joylashgan boʻlsa, shaharning beshdan toʻrt qismida ruda eritish oʻchoqlari (pechlar), eritilgan metall xomashyosidan turli xil mehnat va harbiy qurollar, uy-roʻzgʻor buyumlari ishlab chiqarish ustaxonalari, shahar bozori, savdo doʻkonlari, karvon saroylar hamda mehmonxonalar joylashgan.

Tarixiy manbalarda Ohangaron vodiysining yirik metallurgiya shahri Tunkatda VIII asrda “Maʼdan ash-Shosh” zarbxonasi tashkil topgani, unda sof oltin va kumushdan zarb etilgan dinor va dirhamlar IX–XII asrlarda Oʻrta va Yaqin Sharq hamda Gʻarb mamlakatlariga tovar sifatida kirib borganligi haqida koʻplab maʼlumotlar uchraydi. Hatto u mamlakatlarda Iloq kumush tangalari xazinalari topilgan. X asrda Somoniylar davlatining zarbxonalari faqat Samarqand va Iloqning Tunkat shahrida faoliyat olib borgan.

XIII asr boshlarida shahar Oʻrta Osiyoning qator shaharlari qatorida Chingizxon bosqini tufayli vayronaga uchrab, Tunkat oʻz oʻrnida qayta tiklanmadi, faqat Ohangaron daryosi sohilida Obiz qishlogʻi Dashti qipchoq Shayboniy oʻzbeklari davrida tashkil topgan.

Tunkat milodiy IV–V asrlarda qishloq sifatida shakllanadi, milodiy VI asr boshlaridan metallurglar shahriga aylanadi. Bu ulkan shaharning shimoli-sharqida V–XIII asr boshlariga tegishli metall eritish pechlari, ular atrofida metall toshqollari uyum-uyum boʻlib hozirgacha saqlanib qolgan. Tunkat hududiy doirasida mingdan ortiq metallurg-dehqonzodalarning atrofi alohida mudofaa devorlari bilan oʻrab olingan mulki, rudadan metall eritib olish ustaxonalari, ayni vaqtda savdo karvonsaroylari boʻlganligi koʻzga tashlanadi.

Metall ishlab chiqarish suvsiz boʻlmasligini qadimgi metallurglar yaxshi bilishgan. Shu boisdan Sovuqbuloqsoydan Otchaporsoy tomon magistral kanal qazilgan. Shahar hududi yer relyefiga koʻra sektorlarga boʻlinib, ularning har biriga magistral qanaldan shahar maydoni oralab uzunasiga va koʻndalangiga yuzlab kanal qazilganligi haqida guvohlik beruvchi ariq izlari uchraydi. Kanal va ariqlar boʻylab hovuzlar qazilib, ularning hajmi aslzoda-metallurg mulkining ishlab chiqarish imkoniyatidan kelib chiqqan. Shuning uchun bir mulk oldida katta, boshqasi oldida kichikroq xovuz bor. Xovuzlar, ariq va kanallar yoqalari boʻylab ruda eritish pechlari joylashtirilgan. Ularning toshqol-chiqindilari har bir ruda eritish pechi tevarak-atrofida sochilib yotibdi. Mazkur holat Tunkatning barcha qismlarida yaqqol koʻzga tashlanadi va magistral kanal boʻylab gʻarbda to Sovuqbuloqsoygacha davom etgan.

Afsuski, bugun qadimda 200 gektarli Tunkat shahrining janubiy chegarasidan oʻtgan kanal va mustaqillik yillarida shaharning qoq oʻrtasidan oʻtkazilgan Olmaliq-Angren yoʻliga qadar boʻlgan hududlar, shuningdek Tunkat gʻarbiy maydonining katta qismi fermer xoʻjaliklariga berilib, zamonaviy texnikalar yordamida tekislanib, ekin maydonlariga hamda mevazor bogʻlarga aylantirib yuborilgan.

Hozirgi kunda qadimgi Tunkatning atigi toʻrtdan bir qismi saqlanib qolgan. Bu tuman mutasaddilarining tarixiy tafakkuri va milliy gʻururi xaminqadar ekanidan dalolat. Chunki qonuniy jihatdan mahalliy javobgar – masʼul shaxslar noyob madaniy meros obyektlarini avaylab asrash, saqlash oʻrniga ularni koʻr-koʻrona talan-taroj qilganini, tuzatib boʻlmas jinoyatga qoʻl urganini koʻrsatadi.

Yana bir bor afsuski, Ohangaron tuman hokimiyati ularni saqlash uchun birlamchi davlat masʼuli boʻlishiga qaramay, Obiz qishlogʻi aholisi tomonidan Tunkatning shimoliy chegara rayonlarini oʻzlashtirib olish harakatlariga hozirgacha koʻz yumib kelmoqda. Tunkatning sharqiy katta qismini noqonuniy egallab olgan bir shaxsga nisbatan Toshkent viloyati moddiy madaniyat inspeksiyasi tomonidan jinoiy ish qoʻzgʻatish uchun tegishli hujjatlar bilan murojaat qilinganiga bir yildan oshdi, ammo tuman va viloyat huquq-tartibot organlari hozirgacha oʻz xukmini chiqarmadi.

Bunday loqaydlarcha munosabatga qachon chek qoʻyiladi?

Mamlakatimizda turizmni rivojlantirish yoʻlida olib borilayotgan siyosat, qatiyatlik bilan amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar, chiqarayotgan umumbashariy farmon va qarorlar qogʻozda qolib ketaveradimi?

Ahmadali ASQAROV,

Oʻzbekiston FA haqiqiy aʼzosi,

Respublikada xizmat koʻrsatgan fan arbobi