Amerika Qoʻshma Shtatlarining elchisi Toshkent shahar hokimligiga tashrif buyurdi

    Xalqaro hamkorlik 10 Fevral 2024 1559

    Kuni kecha poytaxt hokimligida hokim в.б. Shavkat Umurzakovning AQSHning Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Jonatan Xenik bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    Muloqot davomida Oʻzbekistonda, xususan, Toshkentda ham mahalliy ham xorijiy kompaniyalar uchun qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilganligi taʼkidlandi.

    Jonatan Xenik Toshkentning vaqtincha rezidenti sifatida shahar qiyofasidagi ijobiy oʻzgarishlarni koʻrib turganidan xursand ekanligini taʼkidladi. U AQSH ishbilarmon doiralarining Toshkent shahrida yoʻl-transport infratuzilmasini yaxshilash, zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish va eksport qilish, texnologik yechimlarni ishlab chiqish va shaharsozlikda qoʻllash sohalarida amalga oshirilayotgan istiqbolli investitsion loyihalarda ishtirok etishdan manfaatdorligi haqida soʻzladi. Bundan tashqari, grant dasturlari borasidagi hamkorlik doirasida ijtimoiy ahamiyatga ega qoʻshma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari haqida maʼlumot berdi.

    Sh. Umurzakov mehmonning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlab, minnatdorlik bildirdi, ayni paytda Toshkent shahrida yoʻl-transport infratuzilmasini rivojlantirish va optimallashtirish, mikromobillik uchun shart-sharoitlarni yaxshilash, qulay toʻxtash joylarini yaratish, yashil transport tarmogʻi qatnovini keng koʻlamda joriy etishga qaratilgan qator dasturlar ishlab chiqilayotganini haqida maʼlumot berdi.

    Bundan tashqari, AQSH ishbilarmonlari ishtirok etishi mumkin boʻlgan qator yirik loyihalar, mamlakatimizda investorlar uchun yaratilgan shart-sharoit va kafolatlar haqida soʻz yuritdi, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.