Shuni eʼtiborga olgan holda respublikada mavjud mahalliy anor navlarini genetik xususiyatlari bilan bogʻliq holda biotexnologik usulda (in vitro) koʻpaytirish va klonlashtirishning optimal sharoitini aniqlash hamda kasalliklardan holi “sogʻlom” koʻchatlarini olish texnologiyasini yoʻlga qoʻyish bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri, deyish mumkin.
Bugun sizga tanishtirmoqchi boʻlgan “Mahalliy anor (Punica granatum L.) navlarini in-vitro mikroklonal koʻpaytirish texnologiyasini yaratish” nomli ilmiy va amaliy tadqiqot loyihasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan moliyalashtirilgan boʻlib, 3 yilga moʻljallangan. Umumiy qiymati 900 mln soʻm boʻlgan, 10 nafardan ortiq insonni ish bilan taʼminlagan ushbu loyiha ishlari 2020-yil yanvar oyidan boshlangan.
— Oʻzbekistonda ilk marotaba anorning in-vitro mikroklonli koʻpaytirish texnologiyasi ishlab chiqilmoqda, — deydi Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Transgenomika va toʻqimalar laboratoriyasi mudiri, biologiya fanlari doktori Xurshida Ubaydullayeva. — Bu orqali boshlangʻich ekish materiallari yaʼni ona oʻsimlik bogʻlari tashkil etilib, yuqori seleksion koʻrsatkichlari saqlanadi. Mikroklonal koʻpaytirish texnologiyasidan foydalanish orqali oʻsimlikni 3-4 oy mobaynida tovar standarti darajasida yetishtirish vaqti kamaytirishga erishiladi. Bir yil davomida bir nechta yangi navlarni yaratish, 2-3 yil davomida esa millionlab sifatli koʻchat materiallarini olish mumkin.
Ilmiy tadqiqotlar doirada respublikada mavjud anor bogʻlari yangi biotexnologik “sogʻlom” anor navlari bilan qayta rekonstruksiya qilinadi xamda yangi anor bogʻlari tashkil etiladi. Bundan tashqari, mamlakatimiz chet el davlatlaridan koʻchat olishga extiyoji qolmaydi. Natijada valyuta sarfi tejaladi. Fargʻona viloyati Quva tumanida faoliyat yuritayotgan “Fargʻona anorchilik agrofirma” MCHJ dala maydonlariga in-vitro usuli yordamida yetishtirilgan “sogʻlom” anorning “Kozoki”, “Kayin anori”, “Tuyatish”, “Javdari”, “Koradon achchik” “Dashnabod” va “Koraboyev” kabi bir qancha navlari chatishtirilgan in-vitro onalik bogʻi tashkil etildi. Endilikda yaratilgan ushbu in-vitro onalik bogʻidan foydalanib, butun viloyatda mavjud eskirgan anorzorlar yoshartiriladi, qayta tiklanadi va navdorligi yuqori, sogʻlomlashtirilgan koʻchatlar uzluksizligi taʼminlanadi.
Natijada yiliga 1000-5000 koʻchat yetishtirish imkoniyati paydo boʻladi. Bu koʻrsatkich yildan-yilga ortib boradi. Birinchi yil 3 ta oila ish bilan taʼminlansa, koʻchatchilik yoʻlga qoʻyilishi bilan bu koʻrsatkich ham ortib boradi.
Anorning genetik pasporti ishlab chiqiladi
In-vitro usulidagi laboratoriya sifatida bogʻ yaratildi, bir necha kishi ish bilan taʼminlandi, ozmi-koʻpmi iqtisodiy samara koʻzga tashlanmoqda. Ammo tadqiqot va amaliy ish bu bilan tugamaydi. Sababi, oldinda turli maqsadlar va ularni amalga oshirish yoʻlidagi vazifalar turibdi. Bu haqda Xurshida Ubaydullayeva shunday deydi:
— Avvalo, mahalliy anor navlarining nav tozaligini taminlash maqsadida DNK nusxalarini olish va nav identifikatsiyasini amalga oshirishimiz hamda in-vitro sharoitida mikroklonli koʻpaytirish uchun anorning steril holdagi vegetativ tanasini olish usulini ishlab chiqishimiz (sirt yuza sterilizatsiya) kerak.
Anor eksplantlarini in-vitro sharoitida koʻpaytirish uchun sunʼiy ozuqa muhiti ham muhim sanaladi. Shu bois anor eksplantlari uchun fitogormonlarning miqdor nisbatlari optimallashtirish, olingan anor mikrooʻsimliklarini tuproq (nosteril) sharoitga moslashtirish (adaptatsiya) jarayonini ishlab chiqish muhim vazifalarimizdan biri hisoblanadi.
Asosiy, maxalliy anor navlarining virusli kasalliklardan holi “sogʻlom” koʻchatlarini yaratish boʻyicha ilmiy va texnik sharoit ishlab chiqish zarur. Bugungi kunda Genomika va bioinformatika markazi olimlari tomonidan butun Respublikada mavjud mahalliy anor navlarinig namunalari toʻplanib genetik jixatdan chuqur tadqiq qilinmoqda. Buning samarasi oʻlaroq, mahalliy anor navlarining genetik pasporti ishlab chiqiladi va global miqyosda muxofazalanadi...
Bir soʻz bilan aytganda, ilmiy tadqiqot natijalari qishloq xoʻjaligi, xususan meva-sabzavotchilik sohalarining bir qancha yoʻnalishlarida qoʻllaniladi. Bundan tashqari, mahalliy anor navlarini in-vitro sharoitida koʻpaytirish boʻyicha ilmiy va amaliy uslublar ishlab chiqiladi va amaliyotga tadbiq qilinadi. Bu esa soha vakillari, yaʼni biotexnologiya va toʻqimalar kulturasi mutaxassislari uchun ayni muddaodir.
Sohiba MULLAYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri