Mamlakatimiz moliya tizimida Markaziy bank asosiy stavkasi, degan tushuncha bor. Iqtisodiyot sohalarida belgilanadigan ayrim narx va foiz talablari shunga asoslanadi. Masalan, tijorat banklari tomonidan ajratiladigan kreditlar foiz stavkalarining aksariyati asosiy stavkaga bog'liq. YA'ni, uning tushishi yoki ko'tarilishi bevosita foizlarning pasayishi yoki oshishiga olib keladi.
Asosiy stavka 2017-yilning iyuni oxirida, valyuta liberalizatsiyasiga tayyorgarlik doirasida 9 foizdan 14 foizgacha ko'tarilgan va shundan keyin bugungi kungacha 14 foizdan pastga tushmagan edi. Kuni kecha ushbu stavka oxirgi 7 yildan buyon ilk bor pasaytirildi. Aniqrog'i, joriy yilning 25-iyul kuni Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani 0,5 foiz bandga pasaytirib, yillik 13,5 foiz darajasida belgilash to'g'risida qaror qabul qildi.
— Ushbu qarorning qabul qilinishi bir qancha omillar bilan bog'liq, — deydi Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov. — Bunga, avvalo, oxirgi oylarda bazaviy inflyatsiyaning barqaror pasayib borishi hamda energiya tariflari oshirilishining inflyatsiyaga ikkilamchi ta'sirlari kutilganidan past bo'layotgani va natijada yil yakuniga inflyatsiya prognozi pasayishi ta'sir ko'rsatdi. Xususan, iyun oyida umumiy inflyatsiya yillik 10,6 foiz darajasida shakllanib, inflyatsiyaning barqaror komponentlari va meva-sabzavotlar narxlarida sezilarli pasayish kuzatildi. Yanvar—iyun oylarida iste'mol savati tarkibidagi 73 foizdan ortiq tovar va xizmatlar narxlari oshishi avvalgi yilga nisbatan past bo'ldi. Ayniqsa, joriy yilda meva-sabzavotlar o'rtacha narxi o'zgarishining inflyatsiyaga ta'siri so'nggi 4 yillikdagi eng past ko'rsatkichni qayd etdi. Bazaviy oziq-ovqat inflyatsiyasining yillik 4,1 foizgacha pasayishi kuzatildi. energiya tariflari o'zgarishisiz hisoblangan umumiy inflyatsiya 7 foizgacha pasaydi. Ushbu omillar aholining inflyatsion kutilmalariga ham ijobiy ta'sir ko'rsatib, iyun` oyida bu 12,8 foizgacha va tadbirkorlarda esa 11,9 foizgacha pasaydi. Natijada, inflyatsiya kelgusi choraklarda ham pasayuvchi traektoriyada shakllanishi bo'yicha ishonchimiz oshib bormoqda. Yil yakunida umumiy inflyatsiyaning 9 foiz atrofida shakllanishi va 2025 yil oxirida 5 foizlik target darajasiga yaqinlashishi kutilmoqda.
Shuningdek, yangilangan prognozlar bo'yicha hozirgi kunda shakllangan 0,5-0,6 foizlik YAIM ijobiy tafovutining yil yakunigacha yopilishi kutilmoqda. Bunda iqtisodiy rivojlanishning ta'siri katta. Buni joriy yilning 1-yarim yillik yakuni bo'yicha mamlakatimiz iqtisodiyoti real hisobda 6,4 foizga o'sgani ham tasdiqlaydi. Yuqori investitsion faollik, xususan, to'g'ridan-to'g'ri xorijiy va xususiy kapital qo'yilmalari yalpi investitsion talabning oshishiga xizmat qilmoqda. Tadbirkorlar faoliyatida ham, aholi turmush darajasida ham ijobiy o'sish ortmoqda. Odatda, mehnat bozori dinamikasini o'rganish uchun muqobil ko'rsatkich sifatida bo'sh ish o'rinlari bo'yicha e'lonlarni kuzatib boramiz. Apreldagi yuqori ko'rsatkichlardan so'ng may-iyun` oylarida e'lonlarning kamayishi kuzatildi. Buni, bir tomondan, mavsumiy xarakterligi bilan, ya'ni yoz oylarida ayrim sohalarda ishchi kuchiga bo'lgan ehtiyojning qisqarishi va boshqa tomondan, mehnat bozorida ishchi kuchiga bo'lgan talabning ma'lum darajada muvozanatlashishi bilan izohlash mumkin.
Pul bozoridagi sharoitlar nisbatan qat'iy fazada shakllanib, aholining jamg'arish faolligi oshib borayotgani ham muhim jihatlardan biri. Xususan, 2-chorakda ham “nisbatan qat'iy” pul-kredit sharoitlari ta'sirida pul bozori foiz stavkalari asosiy stavkaga yaqin, inflyatsiyadan 3-4 foizlik ijobiy tafovut bilan shakllandi. Mazkur jihatning saqlanib qolishi va almashuv kursining barqarorligi so'mda jamg'arish jozibadorligini oshirib, aholi omonatlarida yuqori o'sish sur'atlarini ta'minlamoqda. Ayni paytda aholi omonatlarining qariyb 80 foizi so'mda shakllangan bo'lib, so'mdagi muddatli depozitlarida yillik 1,5 barobarlik yuqori o'sish sur'ati saqlanib qolmoqda.
O'zgarish qanchalik seziladi?
Markaziy bank asosiy stavkasining yarim foizga bo'lsada pasayishi, aholi tomonidan qizg'in qarshi olindi. Odamlar endi bank kreditlari foizlari ham pasayishini taxmin qilmoqda. Iqtisodchilarning fikricha, 0,5 foiz bandiga tushgan asosiy stavkaning ochiq bozordagi depozitlar va kreditlar narxiga ta'siri yuqori bo'lmaydi.
Markaziy bank raisining ta'kidlashiga ko'ra, stavkaning pasayishi u bilan bog'liq o'zgaruvchan foizlarda ajratilgan kreditlarning ham xuddi shu darajada pasayishiga ta'sir ko'rsatadi. Masalan, endilikda, ta'lim kreditlari yillik 13,5 foiz, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasidagi kreditlar esa yillik 17,5 foiz stavkada hisoblanadi. Bu, hatto, bugungi kunga qadar olingan kreditlarga ham amal qiladi. Chunki, tijorat banki bilan tuzilgan shartnomada olingan kredit foiz stavkasi asosiy stavkaga bog'langan hollarda u o'zgarishi (oshishi yoki pasayishi) aniq ko'rsatilgan bo'ladi. Ammo mutaxassislar kredit foizlarini asosiy stavkaga bog'lab xulosa qilish birmuncha noto'g'ri ekanini ham ta'kidlamoqda. Boisi, qarz oluvchi bilan bank o'rtasidagi muloqot qarz oluvchining to'lov layoqatidan kelib chiqib belgilanadigan jarayondir.
Mutasaddilarning bildirishicha, mamlakatimizda yil boshidan buyon depozitlar va kreditlar foiz stavkalari dinamikasi turlicha ko'rinishga ega bo'ldi. Aholining milliy valyutadagi omonatlari foiz stavkalarida kichik o'sish kuzatilgan bo'lsa, kreditlar foizi sezilarli o'zgarishsiz qolib, o'rtacha 23,6 foizni tashkil etgan. Ma'lumotlarga ko'ra, shu yilning birinchi yarim yilligida banklar tomonidan jami 127 trillion so'mlik kreditlar ajratilgan bo'lib, uning 64 foizi yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar hissasiga to'g'ri keladi.
Umuman, foiz stavkalarini bozor talablari asosida doimiy kuzatib borish va o'zgarishlar kiritib turish samaraliroq, nazarimizda. Chunki hozirgi sharoitda bozor tendentsiyasi nihoyatda o'zgaruvchan va narx-navoni oldindan prognozlash ancha mushkul. Aholi daromadlari va yashash sharoitlari borasida ham shunday deyish mumkin. Bunday sharoitda belgilanadigan stavkalarning oshishi bilan birga, pasayishi ham odatiy holga aylanishi kerakdek.
— Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani 0,5 foizga pasaytirish qarorini iqtisodiyotda bazaviy inflyatsiyaning barqaror pasayuvchi trendi vujudga kelgani va yil yakuniga qadar inflyatsiyaning prognoz darajasigacha pasayishi uchun yetarli sharoitlar shakllanganini e'tirof etish deb, baholasak to'g'ri bo'ladi, — deydi Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov. — Bu qaror pul-kredit sharoitlarini qat'iylik darajasiga sezilarli ta'sir ko'rsatmaydi va uning “cheklovchi” xarakteri saqlanib qoladi. Noaniqliklar va xatarlar mavjud sharoitda esa shakllanayotgan iqtisodiy vaziyat, inflyatsiya dinamikasi va prognozi, inflyatsion kutilmalar hamda makroiqtisodiy ko'rsatkichlar bo'yicha eng so'nggi statistik ma'lumotlarga asoslanib, har bir boshqaruv yig'ilishida tegishli qarorlar qabul qilib boriladi. Asosiy maqsad joriy yil yakuniga qadar inflyatsiya darajasini 9 foizgacha pasaytirib, o'rta muddatli istiqbolda uning 5 foizlik targetiga erishishdan iborat.
Yana bir ma'lumot, Markaziy bank boshqaruvi “Davlat qimmatli qog'ozlari daromadlilik egri chizig'ini hisoblash va e'lon qilish Tartibi”ni ham tasdiqladi. Unda moliya bozori ishtirokchilarining foiz stavkalari va makroiqtisodiy kutilmalarini o'rganish, qarz majburiyatlari bo'yicha muddatlar va foiz stavkalari o'rtasidagi bog'liqlik to'g'risida ma'lumot taqdim etish hamda iqtisodiyot sub'ektlarining investitsion qaror qabul qilishiga ko'maklashish kabi vazifalar nazarda tutilgan. Mazkur Tartibga ko'ra, joriy yilning 1-sentyabridan boshlab davlat qimmatli qog'ozlari daromadlilik egri chizig'i har hafta Markaziy bankning rasmiy veb-saytida va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e'lon qilib boriladi.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri
(Maqola “Yangi O'zbekiston” gazetasining 27.07.24-y, 150-sonida e'lon qilingan)