Mazkur tadbir xotin-qizlarning siyosiy faolligi, xususan, elektoral madaniyatini oshirish sohasida parlament, jamoat tashkilotlari, vakolatli davlat organlari, qonun ijodkorligi subyektlari hamda huquqni qoʻllash amaliyoti vakillarining xotin-qizlar siyosiy ongini yuksaltirish, jamiyatda ularning faolligini yanada kuchaytirish maqsadida oʻtkazildi.

Tadbirda parlament ikkala palata aʼzolari, siyosiy partiyalar faollari, vazirlik va idoralar vakillari, Yoshlar parlamenti aʼzolari, faol xotin-qizlar, OAV vakillari va blogerlar ishtirok etdi. Tadbirda Oliy Majlis Senati Raisi, Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashi raisi T.Narbayeva ishtirok etdi.

T.Narbayeva oʻz soʻzida hozirgi vaqtda xotin-qizlar mamlakat aholisining qariyb 50 foizini tashkil etishi, ularning barcha sohalarda samarali mehnat qilishlari, shu jumladan, siyosiy boshqaruv, ijtimoiy-iqtisodiy hayotda faoliyat koʻrsatishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgani, saylovlarda ayollarning oʻrni beqiyos ekani, bugungi globallashuv davrida xotin-qizlarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish, yanada mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etayotganini taʼkidladi. Ularning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy faolligini oshirish davr talabiga aylanganligiga eʼtibor qaratdi. Oʻzbekistonda ayollar saylov jarayonlarining barcha bosqichlarida faol qatnashishlari uchun erkaklar bilan teng sharoitlar yaratilganligini hisobga olib, ularni qoʻllab-quvvatlash hamda ragʻbatlantirish siyosatini kuchaytirish muhim masala ekanligiga urgʻu berdi.

Taʼkidlash oʻrinliki, Konstitutsiyada xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligi hamda fuqarolarning oʻz xohish-irodasini erkin bildirish, umumiy, teng va toʻgʻridan-toʻgʻri saylov huquqlari asosida yashirin ovoz berish kabi saylov huquqlarini amalga oshirishning asosiy prinsiplari mustahkamlab qoʻyilgan. Mazkur konstitutsiyaviy normalar esa, 2019-yilda qabul qilingan Saylov kodeksida toʻlaligicha oʻz ifodasini topgan.

Ayollarning siyosiy huquqlari toʻgʻrisidagi Konvensiyada ham ayollar barcha saylovlarda, hech qanday kamsitishlarsiz, erkaklar bilan teng sharoitlarda ovoz berish huquqi hamda milliy qonunchilikda belgilangan tartibda saylanish huquqiga ega ekanligi belgilab qoʻyilgan.

Qayd etib oʻtish kerak, Prezident saylovi jarayonida ayollarimiz ham saylovchi, ham prezidentlikka nomzod, ham saylov komissiyasining aʼzosi, ham kuzatuvchi, ham ishonchli vakil sifatida erkaklar bilan birga teng sharoitda va erkin ishtirok etyapti.

Xususan, bugungi kunda Prezident saylovini oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyalari aʼzolarining 104 nafari va uchastka saylov komissiyalari aʼzolarining 65 ming 974 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi.

2019-yil Qonunchilik palatasiga boʻlib oʻtgan saylovda uchastka saylov komissiyalarining tarkibida 54 ming 361 nafar ayol ishtirok etgan. Bu yilgi raqamlar bilan ushbu koʻrsatkich solishtirganda 21,3 foizga oshganligini koʻrish mumkin. Hozirgi vaqtda mamlakatimizda xotin-qiz saylovchilar soni qariyb 11 millionni tashkil etadi.

Boʻlajak siyosiy jarayonda xotin-qizlarning faolligini oshirish, ularning oʻz konstitutsiyaviy huquqidan erkin foydalanishi, oʻzlari tanlagan nomzodga ovoz berishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida mahallalarda bir qator targʻibot tadbirlari oʻtkazilayotganligi qayd etildi.

Vatan taqdiriga befarq boʻlmagan xotin-qizlarning joriy yilgi Prezident saylovida faol qatnashib, yangidan-yangi yutuqlar va muvaffaqiyatlarga erishishida har birining hissasi borligi, daxldor ekanligini yuzaga chiqarishda keng jamoatchilik birgalikda harakat qilishi, ayniqsa, xotin-qizlar jamoatchilik kengashlari tomonidan har bir mahallada, qishloq va ovullarda, shahar va tumanlarda xotin-qizlarning saylovlarda faol ishtiroklarini taʼminlashga qaratilgan tadbirlarni belgilangan muddat davomida kuchaytirish lozimligi taʼkidlandi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.