O'zbekiston ilk bor 1994-yilda dunyodagi yirik iqtisodiy tuzilma — Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo'lish uchun ariza topshirgan edi. Oradan 30 yil o'tgan bo'lsa-da, hamon ushbu tashkilotga kirish haqida gapiryapmiz va bu jarayon keyingi yillarda jadallashdi. To'g'ri, orada tanaffuslar bo'ldi, bir necha yillar davomida tashkilotga kirish harakati muzlatildi. Ammo astoydil istasak, allaqachon xalqaro tashkilotga a'zo bo'lardik.
Bu ushbu jarayonni kuzatib borayotgan iqtisodchilarning fikri, tahlillari asosidagi qarashlari. Umuman, bu masalada qarashlar, tomonlar xilma-xil. Asosiysi, mutaxassislar o'z fikrlari bilan jarayonda faol ishtirok etmoqda. Ulardan biri taniqli va yosh iqtisodchi Behzod Hoshimovdir. Markaziy Osiyo ishlari bo'yicha Oksus jamiyati, Amerika Iqtisodchilar assotsiatsiyasi va AQSHdagi Strategik menejment jamiyati a'zosi B.Hoshimov O'zbekistonning JSTga a'zo bo'lish harakatining doimiy kuzatuvchilaridan. Uning bu masaladagi fikrlari, mulohazalari bilan qiziqdik.
— Bu boradagi sa'y-harakatlar yillar davomida sust bo'lganini ko'proq xohish yetarlicha bo'lmagani bilan izohlayman, — deydi iqtisodiy tahlilchi. — Chunki O'zbekistondek iqtisodiyotga ega mamlakatning JSTga kirishi tez kechadigan jarayon edi. Biroq bu masalaga unchalik ham jiddiy e'tibor berilmagani sababi tashkilotga kirish uchun qo'yiladigan talablar bilan bog'liq. Mazkur talablar mamlakat iqtisodiyotining bozor iqtisodiyoti tamoyillariga o'tishini taqazo etadi. Bu degani, davlatning iqtisodiyotga aralashuvi cheklanishi kerak. Maqsad esa iqtisodiyot siyosatidagi xatolarni kamaytirish va xalqaro standartlarga moslashishga qaratilgan.
Masalan, dunyo davlatlariga ochilish, iqtisodiyotda davlat ulushini sezilarli kamaytirish, monopoliyaga chek qo'yish va hokazo. Shularga tayyor bo'lgan davlatlargina JSTga kirish talablarini bajara oladi. Bundan tashkilotga a'zo bo'lgan mamlakat ko'proq manfaat ko'radi. Aytaylik, rossiyalik iqtisodchilar JSTga kirish uchun talab etiladigan islohotlarni bajarish orqali qisqa muddatda iqtisodiyot 3 foiz, o'rta muddatda esa 11 foiz o'sishini hisoblagan. Amalda esa bu ko'rsatkich bir necha barobar salmoqli bo'ldi. Buni boshqa davlatlar misolida ham ko'rish mumkin. Gap shundaki, yuqori o'sish ko'rsatkichi JSTga kirish tufayli emas, balki ungacha bo'lgan jarayondagi islohotlar natijasi, xolos.
O'zbekiston oxirgi yillarda JSTga kirish harakatini faollashtirganida ham shunday islohotlarga tayyorligini namoyon qildi. Namoyon qilibgina qolmay, ularni amaliyotga ko'chira boshladi. Garchi mamlakatimiz iqtisodiyoti u qadar yirik emasligi bois, tashkilotning bizga qo'yadigan talablari katta bo'lmasa-da, qilinishi kerak bo'lgan ishlar yetarlicha.
Aslida JST talablari — allaqachon qilinishi kerak bo'lgan islohotlar. Ular kechiktirilgani sari xalqaro maydonga moslashuv ortga surilaveradi. Vaholanki O'zbekiston keyingi 7 yilda har jihatdan dunyoga ochilgan davlat sifatida boshqa mamlakatlar bilan faol hamkorlik tarafdori.
JSTga qo'shilish bu hamkorlikni yanada kengaytirib, mutlaqo yangi bosqichga olib chiqadi. Buni tushunganimiz holda keyingi yillarda tashlanayotgan qadamlar jiddiylashdi. O'zbekiston 2026-yilgacha tashkilot a'zoligiga erishmoqchi. Bu borada xalqaro tashkilot tomonidan o'tkaziladigan ishchi guruh yig'ilishlari juda muhim. Mamlakatimizdagi so'nggi uchta ishchi guruh yig'ilishi 2022-yil iyun, 2023-yil mart hamda noyabr oyida o'tkazilganiga ko'ra, 2024-yil maydagi yig'ilish ancha tez amalga oshganini ko'rish mumkin. Bu hukumatning JSTga a'zo bo'lishni tezlatishga urinayotganidan dalolat.
Shu maqsadda mamlakatimiz iqtisodiy siyosatida xalqaro standartlarga moslashish jarayoni jadallab, huquqiy asoslar yaratila boshlaganini ham inkor etolmaymiz. Prezidentimizning joriy yil 3-iyundagi “Bozor islohotlarini yanada jadallashtirish va O'zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligini Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirish bo'yicha navbatdagi chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmoni ham JSTga a'zo bo'lish yo'lidagi jiddiy va salmoqli qadam bo'ldi.
Barchaga teng sharoit
Jahon savdo tashkiloti nufuzi va o'rni jihatidan jahon iqtisodiyotida katta ta'sirga ega. Tashkilotga a'zo bo'lish 166 davlat bilan keng savdo aloqalari o'rnatish imkoniyatini beradi. Dunyo savdosining 99 foizi ana shu tashkilot a'zolari hissasiga to'g'ri kelishini hisobga olsak, ko'lamni tasavvur qilish qiyin emas.
— O'zbekistonning bozordagi an'anaviy hamkorlari o'rnini yangi va yirik iqtisodiyotga ega mamlakatlar egallaydi, — davom etdi Behzod Hoshimov. — Hozir mamlakatimiz Rossiya, Moldova, Qozog'iston, Tojikiston kabi sanoqli davlat bilan erkin savdo shartnomasiga ega. Bu mamlakatlar dunyo iqtisodiyotining 3 foizini ham tashkil qilmaydi. Bundan tashqari, biz atigi 47 davlat bilan “eng maqbul savdo hamkor” (MFN) rejimini nazarda tutuvchi shartnomaga egamiz. Lekin bu JSTning xuddi shu rejimidan ancha farq qiladi.
Iqtisodiyotdagi yuqori tarif va narxlar, import va eksportdagi cheklovlar, erkin savdodagi chegaralar bunda yaqqol ko'zga tashlanadi. Masalan, import va eksportdagi yuqori boj to'lovi, notarif baryerlar, savdo soliqlari, eksportdagi cheklovlar — o'zimizga o'zimiz qo'llayotgan “sanktsiyalar”dir.
Jahon bozoriga keng ochilish uchun bulardan chiqib ketish kerak. Chunki JSTning eng asosiy talablaridan biri iqtisodiyotda barchaga teng sharoit yaratishdan iborat. Bu o'z-o'zidan xususiylashtirishni kengaytirish, monopoliyaga chek qo'yish, erkin va ochiq savdo muhiti yaratishni nazarda tutadi.
Biz jahondagi uzun va murakkab texnologik ishlab chiqarish zanjirining bir qismiga aylanishimiz zarur. Bunga esa yuqori tariflar bilan erisholmaymiz. Dunyo bozoriga ochilar ekanmiz, amaliy sa'y-harakatlarni ham shunga moslashtirishimiz kerak.
Masalan, importni cheklash oziq-ovqat xavfsizligi mantig'iga zid va aholi daromadini ham qisqartiradi. Savdodagi to'siqlarni to'liq olib tashlash esa farovonlikni oshirishga xizmat qiladi. Iqtisodiyotdagi islohotlarning asosi, eng avvalo, odamlar turmush tarziga bevosita ta'sir ko'rsatadi. SHu jihatdan ham JSTga a'zolik muhim jarayon.
Oddiy odamlar farovonligi va kambag'allik darajasi haqida ko'p fikrimni bildirganman. O'zbekistonda kambag'allik darajasi unchalik yuqori emas. Bilishimcha, bu taxminan 17 foiz atrofida (Statistika agentligi ma'lumotiga ko'ra, o'tgan yili bu ko'rsatkich 11 foizni tashkil etgan). Kambag'allikning mavjudligi asosi esa iqtisodiy o'sish bilan bog'liq. Bu ko'proq ish o'rni yaratilishi, iqtisodiy sohalarni rivojlantirish va boshqa ko'plab omillarga borib taqaladi.
Yurtimiz sharoitida aholi daromadi o'sishida birinchi zaruriy omil iqtisodiyotda samaradorlikni oshirishdir. O'zbekistonda boshqa rivojlanayotgan davlatlardagi kabi samaradorlik, mehnat unumdorligi nisbatan past. Buning sabablaridan biri esa iqtisodiyotda etarlicha raqobat yo'qligi hamda barcha muhim sektorda davlatning ulushi balandligidadir. Bu o'z-o'zidan raqobatni cheklaydi. Raqobat bo'lmagan bozorda esa samaradorlik ham oshmaydi. Buning yechimlaridan biri shuki, davlat o'z ulushini xususiy sektorga berishi kerak.
JST talablaridan biri ham aynan shunday. Xalqaro tashkilot iqtisodiy rivojlanishda davlat emas, xususiy tashkilotlar ulushi va manfaatdorligi yuqori bo'lishi tarafdori. Muayyan toifadagi korxonalarga beriladigan imtiyozlar, ya'ni monopoliyaga yo'l qo'yish jiddiy qoralanadi. Erkin bozor muhitida hamma teng raqobatga kirishishi, imtiyoz va sharoitlar barcha uchun bir xil bo'lishi talab qilinadi. Hatto oddiy odamlar ham o'sha imtiyozlardan erkin foydalana olishi kerak.
Masalan, importga qo'yiladigan yuqori boj va cheklovlar har doim va har erda iqtisodiyotni qisqartirib, katta zarar yetkazadi. Yanada dolzarbligi shundaki, bu zarar butun xalqqa teng taqsimlanadi. Boj va taqiqlardan manfaatdorlar esa chegaralangan guruh bo'lib, katta foyda ko'radi. SHu bois, ular ko'proq foyda olish maqsadida boj va taqiqlarni kuchaytirishga resurs ayamaydi. Bundan jabr ko'radigan xalq va iqtisodiyot esa unday siyosiy kuchga ega emas.
Ana endi masalaning asosiy qismiga o'tamiz: xo'sh, JSTga a'zo bo'lish oddiy odamlarga nima beradi? Bu borada shishirilgan raqamlarni keltirish niyatim yo'q. Tahlillarga ko'ra, JSTga kirganimiz foydasi darrov sezilmaydi. To'g'ri, qo'shimcha 1 foiz o'sish bo'lsa ham aholining yillik daromadi 20 dollarga oshadi, buni shunchaki sezmay qolish ham mumkin.
Biroq xalqaro tashkilotga kirishimizga qarshilik ko'rsatayotgan guruhlarning ayrimlariga ta'sir sezilarli bo'ladi. Chunki ular olayotgan imtiyoz kamayadi. Aynan shuning uchun ham, nazarimda, savdo erkinlashuvi masalasida oldinga siljish qiyinroq kechayotgandek. Savdodagi erkinlik esa JSTning asosiy talablaridan.
Umuman bu kabi talablarning bajarilishi oson va tezkor jarayon bo'lmasa-da, imkonsiz ham emas. Shu jihatdan 30 yildan buyon Jahon savdo tashkilotiga kirmayotganimiz ko'proq o'zimiz bilan bog'liq va bu taraqqiyotga xalal berayotgan g'ovlardan biri, deb bilaman. Ayni paytda jarayon jadallashgani yaxshi, ammo buni sustlashtirib bo'lmaydi. Maqsadni oxirigacha yetkazish kerak. Zero, bunga imkoniyatimiz ham, salohiyatimiz ham etarli.
“Yangi O'zbekiston” muxbiri
Iroda Toshmatova yozib oldi.
(Maqola “Yangi O'zbekiston” gazetasining 17.07.24-y, 142-sonida chop etilgan)