Bilimlar mas’uliyati

    Tibbiyot — murakkab soha. Uning taraqqiyoti xalq farovonligi, insonlar salomatligini saqlash, turli yuqumli va yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olish hamda samarali davolashda muhim hisoblanadi.

    Ushbu soha mutaxassislarini bilimli qilib tarbiyalash esa oliy tibbiy ta’lim muassasasi rahbar va ustozlari zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Ayniqsa, bu borada xalqaro hamkorlik va tajriba almashishning o‘rni beqiyos.

    Bugungi kunda Andijon davlat tibbiyot instituti xorijning yetuk tibbiyot oliy ta’lim muassasalari bilan mustahkam hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Yildan yilga aloqalar doirasi kengayib bormoqda.

    Joriy yilning may oyida Andijon davlat tibbiyot instituti tomonidan “Profilaktik tibbiyotda yuqori innovatsion texnologiyalarni qo‘llash” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.

    Mazkur anjumanda Gretsiya, Shveysariya, Hindiston, Turkiya, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlatlaridan 50 dan ziyod olimlar hamda respublikamiz viloyatlaridan 200 dan ziyod shifokorlar ishtirok etdi. Bu, albatta, xorijlik mutaxassislarning institutimizga bo‘lgan qiziqishi va e’tiboridan darak, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.

    Institutimiz dunyoning qator rivojlangan davlatlaridagi o‘nlab oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Ayniqsa, Rossiya Federatsiyasidagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlari, tibbiyot ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorligimiz yangi bosqichga ko‘tarildi.

    Ayni kunda institut Rossiya Federatsiyasi Privoljskiy nomidagi tibbiy tadqiqot universiteti bilan stomatologiya klinik ordinatura (1+1) yo‘nalishi, Dog‘iston davlat tibbiyot universiteti bilan stomatologiya bakalavriat ta’lim (3+2) yo‘nalishida, shuningdek, Qozon federal universiteti, I.P.Pavlov nomidagi Birinchi Sankt-Peterburg davlat tibbiyot universiteti, Sankt-Peterburgdagi I.I.Mechnikov nomli Shimoliy-G‘arbiy davlat tibbiyot universiteti, V.A.Almazov nomidagi Milliy tibbiy tadqiqot markazi bilan yaqin hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan.

    2019-yilda Dog‘iston davlat tibbiyot universiteti bilan stomatologiya yo‘nalishi bo‘yicha bakalavriat ta’lim yo‘nalishida tashkil etilgan 3+2 qo‘shma ta’lim dasturi doirasida bugungi kunda 51 nafar talaba tahsil olmoqda.

    Birgina joriy yilning o‘zida institutda Rossiya Federatsiyasi oliy o‘quv yurtlari, tibbiyot markazlari, rossiyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda “Profilaktik tibbiyotda yuqori innovatsion texnologiyalarni qo‘llash”, “Urologik kasalliklarni davolashga innovatsion yondashuv”, “Bolalar jarrohligi xirurgiyasi muammolari” mavzularida xalqaro ilmiy anjumanlar o‘tkazildi.

    2023-2024-o‘quv yilida institutga rossiyalik 32 nafar olim va mutaxassis keldi. Katta tajriba va yuqori malakaga ega ana shu mutaxassislar tomonidan talaba hamda o‘qituvchilar uchun tibbiyotning dolzarb masalalari yuzasidan ma’ruzalar, amaliy mashg‘ulotlar, mahorat darslari o‘tkazildi. Institut professor-o‘qituvchilari, mutaxassislarining Rossiya Federatsiyasi oliy o‘quv yurtlari, tibbiyot markazlarida tajriba va malakasini oshirish borasida ham e’tiborga molik ishlar bajarilmoqda. Xususan, 2023-yil va joriy yilning o‘tgan davrida 45 nafar mutaxassisimiz Rossiyada malaka oshirib qaytdi.

    Germaniya davlatining qator nufuzli oliy ta’lim muassasalari hamda institutimiz o‘rtasida mustahkam hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Iyun oyi avvalida bir guruh delegatsiya a’zolari bilan birgalikda Germaniya Respublikasida xizmat safarida bo‘lib qaytdik. Unda Rostok universiteti rektori, professor Elizabet Prommer, Tibbiyot fakulteti dekani, professor Krauze va bo‘lim boshliqlari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Do‘stona ruhda o‘tgan uchrashuvda ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida ilm-fan va ta’lim sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, qo‘shma ilmiy faoliyat, ilmiy-tadqiqot ishlari, doktoranturani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

    Tibbiy yordam, diagnostika va davolashni rivojlantirishga innovatsion yondashuvlar, innovatsion radiologiyani, xususan, urologik onkologiya, klinik radiologiya sohalarida mutaxassislar tayyorlashni rivojlantirish, Rostok universiteti klinikalarida malaka oshirishni joriy etish yuzasidan kelishuvga erishildi.

    Rostok universiteti klinikasi radiologiya bo‘limi rahbariyati bilan o‘tkazilgan uchrashuvda esa yangi innovatsion yo‘nalishlarni joriy etish bo‘yicha hamkorlikda ish olib borish masalasi muhokama qilindi. Unga ko‘ra, klinikaga onkologik kasalliklarni tashxislash va davolashning yangi zamonaviy usullarini joriy etish, ikki bosqichli jarayondan iborat bo‘lgan Andijon davlat tibbiyot instituti xodimlarining (rentgenologlarning) malakasini, diagnostika — MRT, MSKT sohasidagi kasbiy bilimlarini oshirish, PET diagnostikasini joriy etish va o‘zlashtirish bo‘yicha fikr almashildi. Shuningdek, onkourologiya sohasida zamonaviy davolash usullarini qo‘llash, Rostok universiteti kasalxonasining yutuqlari asosida saraton kasalliklarini davolashda zamonaviy innovatsion maqsadli terapiyani ishlab chiqish va joriy etish, saraton bilan kasallangan bemorlarni samarali davolash uchun zamonaviy farmatsevtik preparatlardan foydalanish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi va ushbu sohalarni rivojlantirishga kelishib olindi.

    Germaniyalik hamkasblar barcha turdagi professional yordam ko‘rsatish tashabbusini ma’qulladi.

    Mazkur safar doirasida Berlin shahridagi Xelios klinikasi va Andijon davlat tibbiyot instituti o‘rtasida mutaxassislarning Klinik onkologiya va radiologiya bo‘yicha malaka oshirishi, yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish yo‘nalishida hamkorlik qilish to‘g‘risida kelishib olindi.

    Berlin universiteti Tibbiyot fakultetining ichki kasalliklar, pulmonologiya va somnologiya kafedrasi mudiri, professor Ingo Fitse bilan ilmiy va akademik sohadagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Talabalar, magistrlar va klinik ordinatorlar uchun masofaviy ma’ruzalar o‘tkazish, akademik va talabalar almashinuvi mavzulari ko‘rib chiqildi. Klinik tadqiqotlar, malaka oshirish, murakkab operatsiyalarni o‘tkazish, o‘pka va prostata bezi onkologiyasining zamonaviy diagnostikasi va maqsadli davolash usullarini joriy etish uchun Andijon davlat tibbiyot instituti klinik bazasiga germaniyalik mutaxassislarni jalb etish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida shartnoma imzolashga kelishib olindi.

    Turkiya Respublikasining Karabuk universiteti bilan ham kelajakda o‘qituvchilar malaka oshirishi, talabalar almashinuvi, qo‘shma ta’lim loyihalari masalalarida muhokamalar o‘tkazildi.

    Biofizika sohasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Shu bilan birga Turkiyaning Hajettepe universiteti klinikasi bosh shifokori va kardiologiya sohasi mutaxassisi tomonidan institutimizda ma’ruza va mahorat darslari o‘tkazildi.

    Prezidentimizning Turkiya Respublikasiga oliy darajadagi tashrifi doirasida amalga oshirilgan qator hamkorlik yo‘nalishlari doirasida yosh tadqiqotchilar uchun Turkiya universitetlarining doktorantura bosqichida tahsil olishi uchun joriy yildan stipendiyalar ajratilishi yo‘lga qo‘yiladi. Bu esa mavjud hamkorliklarni yanada mustahkamlash uchun keng imkoniyatlar eshigini ochadi.

    Yaqin kunlarda 15 nafar mutaxassisimiz Turkiyaning qator nufuzli oliy ta’lim muassasalarida malaka oshirib qaytdi. Shuningdek, turkiyalik mutaxassislar institutimizga kelib, talabalarimizga mahorat darslarini o‘tmoqda.

    2023-yilning sentyabr oyida o‘tkazilgan O‘zbekiston — AQSH sog‘liqni saqlash haftaligi doirasida Uzbek American Medical Association (O‘zbek-Amerika tibbiyot assotsiatsiyasi), Amerikaning Pittsburg universiteti, CyberPatient rahbari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazilib, hamkorlik memorandumlari imzolandi. Shuningdek, ushbu kelishuvlar asosida bugungi kunda amaliy ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Institutimizning ko‘plab mutaxassislari AQSHda malaka oshirib, o‘z bilimlarini boyitib kelmoqda.

    Gospital pediatriya kafedrasi mudiri Ma’rifat G‘aniyeva AQSHning Rozalin Franklin tibbiyot va fan universitetida “Bolalardagi yuqumli kasalliklar va bolalar immunologiyasi” yo‘nalishlarida malaka oshirish dasturlarida ishtirok etib qaytdi.

    Institut magistranti Javohir Mahamatjonov AQSHdagi University Hospital of Brooklyn shifoxonasida magistrlik ilmiy ishi yuzasidan amaliyot o‘tab, bilimlarini yanada boyitib keldi.

    Xalqaro hamkorlik ko‘lami va geografiyasi yildan yilga kengayib bormoqda. Jumladan, Hindiston bilan ham aloqalar yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Hindistonlik yoshlarning institutimizda tahsil olishga qiziqishi yuqori. Shu bois, mazkur mamlakatda yashovchi abituriyentlarga qulaylik yaratish maqsadida u yerda institutimizning vakolatli ofislari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Institutning qo‘shma ta’lim va xorijiy talabalar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i G‘ayratbek Soliyev Hindistonda o‘tkazilgan “India's first MBBS Abroad Expo” xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etmoqda. Bu esa xorijlik abituriyentlarga institutimiz haqida batafsil ma’lumot berish uchun yetarli qulayliklarni yaratmoqda.

    Ushbu targ‘ibot tadbirlarini yana ko‘plab mamlakatlarda amalga oshirish rejalashtirilgan.


    Madaminjon MADAZIMOV,

    tibbiyot fanlari doktori, professor


    Maqola "Yangi O‘zbekiston" gazetasining 156-sonida (2024-yil 6-avgust) chop etilgan.


    Hamkorlik materiali