Har qanday nizolar kun kelib, oʻz yechimini topar, siyosiy evrilishlar qachondir yaxshi tomonga hal boʻlar, biroq insoniyatning keyingi kelajagini shunday vaziyatlarda ham yoʻldan ogʻishmay umummilliy ogohlik barobarida bolalarining ilm olishini ragʻbatlantirayotgan millatlar belgilaydi. Bunga tarix guvoh.
Endi esa savol tugʻiladi: biz qanday millatmiz? Shu oʻrinda bir davrada kitobxonlik haqida bahs ketarkan, ziyoli yurtdoshimizning biz tarixan kitobxon millat boʻlmaganmiz, ota-bobolarimiz qisman chorvador, qisman ziroatkor oʻtgan, kitobni sevish ulushi qonimizda anchayin past, deya tafakkur tegirmonidan oʻtkazmay aytgan gaplari yodga tushadi. Mazkur fikrni davra qatnashchilari, jumladan, men ham mutlaq notoʻgʻri yondashuv sifatida qabul qilgan edik. Axir qanday qilib odamzod tafakkuriga yuzlab daholarni yetkazib bergan millat kitobni sevmasligi mumkin?!
Balki oʻshanda bu insonga Imom Buxoriyning islom tamaddunida tutgan oʻrni, Ibn Sino-yu Fargʻoniylarning ilm-fanga qoʻshgan hissasi, boringki, Alisher Navoiyning Sharq adabiyotida qanchayin ahamiyat kasb etishi haqida savol berishimiz kerak edi. Biroq javobi aniq boʻlgan savolni berish “tuyaga yuk” dedikmi, sukut tanlandi.
Keyin oʻyladim: Ha, biz kitobxon, ilmparvar xalq edik. Biroq hozir-chi? Kimlarning qatoridamiz? Aql mahsulotlari bilan dunyoni taʼminlayotgan mamlakatlar qatoridami yoki shunchaki oʻsha davlatlarning xos isteʼmolchilari safidami? Javobni oʻzingizga qoldiramiz.
Xoʻsh, dunyoda eng kitobxon mamlakatlar qaysi? Growth from Knowledge xalqaro marketing tadqiqotlari instituti oʻtkazgan soʻrovnomaga asoslansak, dunyo boʻylab eng kitobxon mamlakatlar reytingida Xitoy va Hindiston peshqadamlik qiladi. Roʻyxatni sinchiklab qararkansiz, unda Oʻzbekiston nomini uchratmaysiz. Mayli, ularning aholisi koʻp, har bir shahrida bizning butun aholimiz soniga teng odam yashaydi, deb oʻzimizni ovutarmiz. Biroq yana bir statistika bor. Bu Buyuk Britaniyaning Independent nashri tomonidan oʻtkazilib, unda mamlakatlar aholisi haftada oʻrtacha necha soat vaqtini kitob mutolaasiga sarflashi tahlil qilingan. Bu roʻyxatda ham 10 soatu 42 daqiqa koʻrsatkich bilan Hindiston yetakchilik qiladi. Statistika haftada 3 soat vaqtini kitob oʻqishga sarflovchi mamlakat bilan yakunlanar ekan, bunda ham Oʻzbekiston nomi yoʻq. Demak, biz haftada oʻrtacha 3 soat ham kitob oʻqimaymiz...
Rostdan ham shundaymi? Vaqtimiz yoʻqmi yoki xohishimiz? Kattalar-ku vaqt yoʻqligini roʻkach qilar, biroq asosiy vazifasi maktabu oʻqish boʻlgan yoshlar va bolalar-chi? Ular nima bilan band? Buni butun mamlakat boʻylab soʻrab chiqa olmasak-da, bir maktab, bir sinf misolida tahlil qilib koʻrishning iloji bor.
Shu maqsadda poytaxtimizning Yangihayot tumanida joylashgan 285-umumtaʼlim maktabiga borib, oʻquvchilar orasida soʻrovnoma oʻtkazdik. Soʻrovnoma oʻtkazish uchun 7-sinf oʻquvchilari tanlandi. Sababi 14-15 yosh bolalarning qiziqishlari tobora aniqlashayotgan palla. Biz kirgan sinfda oʻttizdan ziyod oʻquvchi oʻqir ekan. Ularga dastlab “2023-yilda kim bir dona kitob oʻqib tugatdi?” deya savol berdik. 4 oʻquvchi qoʻl koʻtardi — 2 tasi ertak kitob, bittasi “Bolalar ensiklopediya”si, biri esa Tohir Malikning “Alvido, bolalik” asarini oʻqib tugatibdi. Foizga chaqsak, 30 dan ziyod bolaning nari-beri 10 foizi bir yilda bitta kitob oʻqigan. Ikki va undan ortiq kitob oʻqiganlar-chi, degan savolimizga esa qoʻl koʻtarganlar boʻlmadi.
Ikki oʻquvchi esa joriy yildan kitob oʻqishni boshlabdi. Ularning biri — Nozimaning aytishicha, Chingiz Aytmatovning “Jamila” qissasini oʻqiyotgan ekan. Lekin bir jihat eʼtiborimni tortdi — bu asar 7-sinf oʻquvchisi uchun mosmikan? Axir “Jamila” kattalar ham “bir yoqadan bosh chiqarishi” qiyin asar-ku. Nozimadan bu asarni oʻqishni unga kim tavsiya qilganini soʻradim. “Hech kim”, deya javob berdi qiz. Shunda oʻylab qoldim — balki maktablarimizda oʻquvchilarning kitob tanlashiga hamda kitobga muhabbatini oshirishga xizmat qiluvchi alohida mutolaa darslari tashkil etilishi kerakdir?!
Maktab boʻylab soʻrovnomani davom ettirar ekanmiz, bolalardan kimlarga havas qilishi haqida ham soʻradik. Aksar oʻquvchi taniqli blogerlar hamda sportchilar, degan javobni berdi. Umumiy koʻrsatkichlarning pastligi sababi bir oz oydinlashgandek boʻldi.
Bir kitobda oʻqigan edim: “Qaysiki jamiyatda kitobxonlik susayib ketsa, bilingki bu jamiyatning ideallarida oʻzgarish, bal[1]ki buzilish bor”. Topib aytilgan taʼrif. Xoʻsh, bizning ideallarimiz sogʻlommi?
Oʻzi idealimiz qanday odamlar? Shu savollar bilan “Akademnashr” nashriyoti rahbari Sanjar Nazar bilan bogʻlanib, qarashlari bilan qiziqdik.
— Mening fikrimcha, qachonki, jamiyatda kitob oʻqiydigan ilm egalari eng obroʻli insonlar hisoblansa, ana shunda kitobxonlik rivojlanadi, — deydi Sanjar Nazar. — Oʻqituvchilar, professorlar hamda ilmga oshno kishilar eng yaxshi sharoitlarda yurishi, eng yaxshi mashinalarni minishi lozim. Shunda ularga havas qiluvchilar koʻpayadi. Biroq jamiyatimizning asosiy qismi daromadining manbasini aniq bilmasa-da, qimmat modelli avtomobillarda yurgan insonlarni ideal hisoblaydi. Mana, muammo qayerda?!
Biz shunday bosqichni bosib oʻtdikki, hatto akademik degan unvon ham, atama ham butunlay yoʻq boʻlib ketish arafasiga bordi. Biroq davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ilm-fanga eʼtibor yangidan tus oldi. Oʻnlab olimlarning akademik etib saylangani bunga bir misol. Men ilm-fan ahliga boʻlgan eʼtibor bundan-da kattaroq qamrovda davom etishi tarafdoriman.
Sanjar Nazardan noshirlik sohasi vakili sifatida xalqimizning bugungi kitobxonlik darajasi haqida ham soʻradik.
— Ming afsuski, aholining kitobxonlik daraja nihoyatda sust. Bundan 30-40-yil ilgari kitoblar ellik-yuz ming nusxada, eng kami 10 mingta chiqar edi, — deydi S.Nazar. — Vaholanki, 90-yillarning boshida aholi soni 20 million kishiga ham yetmagan. Lekin hozir-chi? Aholi soni 40 millionga yaqinlashdi, biroq bugungi kunda kitoblarning eng koʻp adadi 10 mingdan oshmaydi. Ommabopi esa — mingta. Sonimiz oshib, salmogʻimiz kamaygani emasmi bu? Abdulhamid Choʻlpondek ulugʻ jadid bobomizning ikki mingtagina nusxada chiqqan saylanmasini uch yil davomida sotdik. Mana, sizga bugungi kitobxonligimizning taqqosi!
Sanjar Nazar aytgan raqamlardan holat haqida yetarlicha xulosalar qilish mumkin. Biroq bizga yechimlar kerak. Axir koʻp sohalarda faqat xulosalar qilish bilan cheklanib qolganmiz.
Ulgʻayayotgan avlodning kitobga qiziqishida, kitobxon boʻlishida ota-onalarning hissasi katta. Chunki bugungi texnika taraqqiyoti asrida mutolaa bilan band ota-onani koʻrish, ulardan andaza olayotgan oʻgʻil-qizlarni kuzatish kishini juda quvontiradi. Biroq bu borada ham yetarlicha muammolar mavjudligi — bor gap!
— Bugungi davr bolalariga “Qishlogʻimizda eski kutubxona boʻlardi. Kitoblar koʻpmas, borlarini ham kamida ikki martadan oʻqib chiqqanman. Ota-onamizning kitob sotib olib berish uchun puli boʻlmagan”, degan gaplar ertakdek tuyuladi, — deydi Zahro Najodova. — Chunki ularda axborot olish va chalgʻish uchun sabablar koʻp. Moddiy hayot ham ilgarigidek haminqadar emas. Ikki farzandning onasiman. Toʻngʻichimiz koʻp kitob oʻqiydi, hatto maoshimizdan uning kitoblari uchun pul ajratamiz. U ham oʻzbek, ham rus tilida oʻqiydi. Biroq tan olishimiz kerak, kitoblar narxi qimmat. Shuning uchun onlayn kitob doʻkonlarining chegirmalarini kuzatib yuraman. Kichkina farzandimiz esa oʻqishni istamaydi. Har bir bola — alohida individ, uni ham ayblash ehtimol notoʻgʻridir... U tabiatan sabrsiz, kitobdan oladigan zavqni balki boshqa mashgʻulotdan olar?! Biroq telefon va gadjetlarga qullikdan bolalarimni kitob qutqarishiga ishonchim komil. Kichkina farzandimizni kitobga qiziqtirishning koʻp yoʻllarini izladik, qoʻllab koʻrdik, to oʻzim kitob oʻqib bermagunimcha, foydasi boʻlmadi. Gap shundaki, bir kuni Nodar Dumbadzening “Hellados” hikoyasini rolga kirib oʻqib berdim. Dastlab asar qahramoni — Yangulidan dargʻazab boʻlgan bolam hikoya oxirlab borgani sari uning tabiatidagi mardlikni koʻra oldi. Hayajonini yashirmadi. Uni eng kuldirgan, gʻamgin qilgan nuqtalarni soʻradim. Xulosasi bilan qiziqdim. Javobidan bildimki, hikoyani tushundi. U ertasiga yana biror hikoya oʻqib berishimni soʻradi. Bir oz oʻqigach, “Charchadim, bir oz sen oʻqi”, deb kitobni unga uzatdim. Demak, har bir bolani kitob oʻqishga qiziqtirish mumkin. Buning uchun oʻzimiz ham kitob oʻqishimiz, kundalik muammolarni chetga surib, farzandimizning qiziqishlari, taʼlimi biz uchun muhim ekanini aytib emas, xatti-harakatlarimiz va eʼtiborimiz orqali bildirishimiz shart.
Tahlillarimiz bizni takliflar berishga undaydi.
Birinchidan, kitobxonlikni yanada ommalashtirishimiz uchun, avvalo, kitoblar narxi ham ommabop, yaʼni arzonroq boʻlishi kerak. Bu borada eng maqbul yechim — davlat hamda xususiy nashriyotlarga birdek subsidiya ajratish. Biroq yengillik bor joyda “olibqocharlar” ham urchiydi. Demak, subsidiyalar ajratishning ham oʻz talablari hamda qatʼiy nazorat qiluvchi kengashi tashkil etilishi kerak.
Ikkinchidan, bugungi davrni internetsiz, ijtimoiy tarmoqlarsiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Koʻpchilik boʻsh vaqtini maroqli oʻtkazish manzili sifatida televideniyedan internetga koʻchgani bor gap. Televideniyeda-ku maʼrifiy koʻrsatuvlar baholi qudrat yetarli, biroq ijtimoiy tarmoqlarning oʻzbek segmenti bunday kontentlar borasida ancha “kambagʻal”. Demak, xuddi shu mazmundagi materiallar tayyorlovchi blogerlarni qoʻllab-quvvatlash hamda kontentlarini targʻib qilishda ragʻbatlantirishimiz kerak. Shu oʻrinda, Madaniyat vazirligi tizimida aynan shu soha bilan shugʻullanuvchi tuzilma tashkil etilishini taklif etgan boʻlardik.
Uchinchidan, bugungi kunda kitobxonlikni rivojlantirish maqsadida oʻnlab tanlovlar oʻtkaziladi. Biroq tizimiga koʻra, ularning yakunida faqat bir kishi gʻolib deb topilishi belgilanadi. Tanlov nuqtayi nazaridan bu adolatlidir, biroq bizning maqsadimiz bir necha kishining emas, butun millatning kitobxonligini ragʻbatlantirish boʻlishi kerak emasmi? Balki bu tanlovlarni oʻtkazish mexanizmlarini qayta koʻrib chiqarmiz...
Toʻrtinchidan, kutubxona hamda kitob doʻkonlari ochishni osonlashtirish lozim. Bozor iqtisodiyotidan kelib chiqsak, kitobdorlik ham tadbirkorlikning bir sohasi. Shu oʻrinda kutubxona hamda kitob doʻkoni ochmoqchi boʻlgan fuqarolarga foizsiz yoki kam foizli kreditlar ajratish tizimini ishlab chiqish lozim. Kutubxonalar asosan sergavjum joylarda boʻlishi hamda bu kabi hududlarda ijara narxlari ham qimmatligini hisobga olsak, mazkur masalada ham tadbirkor maʼlum subsidiyalar olish imkoniyatiga ega boʻlishi kerak.
Beshinchidan, davlat kutubxonalari sonini oshirishimiz hamda barcha turdagi zamonaviy kitoblarni bepul ijaraga olish imkoniyatini taʼminlashimiz kerak. Bugungi kunda bunday kutubxonalar bor, biroq bu kutubxonalar resursi zamonaviy kitoblarga boʻlgan talabning oʻndan bir qismini ham qoplay olmaydi.
Istagimiz — xalqimiz kitobni oʻzining asosiy doʻsti, deb bilsin, xalqaro reytinglarda eng kitobxon millatlar qatorida turaylik. Nashriyotlar esa kitobni qanday tezroq sotishni emas, yaxshi kitoblarni tezroq chop etishni oʻylaydigan boʻlsin. Zero, xalq kitobxon boʻlsa, mamlakat maʼnaviy yengilmas boʻladi.
Jonibek ALIJONOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
(“Yangi Oʻzbekiston” gazetasi
2024-yil 27-yanvar, № 20)