Oʻzbekiston va Xitoy munosabatlarining keng doirasi, xususan, siyosiy savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalar boʻyicha oʻzaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama etildi.
Mamlakatlar oʻrtasidagi aloqalar doʻstlik va har tomonlama strategik sheriklik asosida rivojlanib borayotgani, oliy darajadagi faol siyosiy muloqot tufayli 2023-yil Oʻzbekiston-Xitoy munosabatlari tarixida muhim ahamiyat kasb etgani alohida taʼkidlandi.
Soʻnggi 5-yilda mamlakatlarimiz oʻrtasida oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi ikki baravarga oʻsib, 9 milliard dollardan ziyodni tashkil etdi. Bu davrda Xitoy sarmoyasi hajmi ham 5 barobar, kompaniyalar soni esa 3 barobar oshdi.
Muloqot davomida birgalikda innovatsion va texnologik quvvatlarni yaratish, xususan, avtomobilsozlik, yashil energiya, aqlli qishloq xoʻjaligi, suvni tejaydigan texnologiyalarni ishlab chiqarish sohalarida loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.
Oʻzaro munosabatlarning yana bir muhim yoʻnalishi sifatida mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish masalalariga eʼtibor qaratildi. Joriy yilning oʻzida amalga oshirilgan tashriflar natijasida umumiy qiymati 3,5 milliard dollarlik 100 dan ortiq sarmoyaviy bitim va shartnomalar boʻyicha kelishuvga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Shuningdek, madaniy-gumanitar hamkorlik, birinchi navbatda, taʼlim, fan va texnologiya, madaniyat va turizm sohalarini yanada rivojlantirish lozimligi haqida yakdil fikr bildirildi.
Tomonlar chuqur va oʻzaro manfaatli sheriklik asosi sifatida ikki mamlakat parlamentlari oʻrtasidagi hamkorlik muhimligini taʼkidlab, mazkur yoʻnalishda keyingi yillarda faollik kuzatilayotgani, munosabatlarni amaliy loyihalar bilan yanada boyitish lozimligiga toʻxtaldilar.
Ikki mamlakat oʻrtasida erishilgan oliy darajadagi kelishuvlarning samarali amalga oshirilishini taʼminlash uchun muntazam muloqotni yoʻlga qoʻyish, bu jarayonda parlamentlararo doʻstlik guruhlarining muvofiqlashtiruvchi sifatidagi rolini yanada oshirishga eʼtibor qaratildi.
Parlament delegatsiyalarining tashriflarini faollashtirish, qoʻshma tadbirlar oʻtkazish, mahalliy byudjetlar ijrosi ustidan parlament nazoratini amalga oshirishda oʻzaro tajriba almashish, shuningdek, tadbirkorlikni rivojlantirish, kambagʻallikni qisqartirish, “yashil iqtisodiyotga” oʻtish, suv resurslarini muhofaza qilish kabi yoʻnalishlarda hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib olindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.
Butunxitoy xalq vakillari kengashining doimiy qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Chjan Sinvey Senatining faxriy mehmonlar kitobida dastxat yozib qoldirdi.