Bugun “Buxoro axbori” gazetasi yohud “Buxoronoma" gazetasi 100 yoshda

    Madaniyat 9 Sentabr 2020 9048

    BXSR hukumati boshlig'i Fayzulla Xo'jaev (1896-1938 yillar) yosh respublikaning matbuot organiga asos solish, bo'lajak gazetani haqiqiy xalq minbariga aylantirish uchun tegishli chora-tadbirlarni ko'rdi.

    Ma'lumki, Fayzulla Xo'jaev jadidchilik harakati namoyondalaridan biri sifatida 1920 yil sentyabrga kadar ham Buxoroda noshirchilik va matbaachilik faoliyatida ancha tajriba orttirgan edi. U 1920 yil iyul` oyida Toshkentda «Uchqun» gazetasi nashr qilib, muharrirlik vazifasini bevosita bajargandi. YAngi respublikaning iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy va madaniy sohalardagi faoliyatini ommaga etkazuvchi nashr organi «Buxoro axbori» gazetasi bo'ldi.

    «Buxoro axbori» gazetasining 1-soni 1920 yil 9 sentyabrda Said Ahroriy muharrirligida chop etilgan. Gazetaga materiallar tanlash, uni mablag' bilan ta'minlash masalalari o'sha davrdagi hukumat a'zolari Fayzullo Xo'jaev, Abdurauf Fitrat, Qori Yo'ldosh Po'latov kabilar tomonidan amalga oshirilgan. Gazeta eski o'zbek adabiy tilida, arab imlosida 1500-2000 nusxada 4 sahifa holatida chop etilgan.

    «Buxoro axbori» ning birinchi muxarriri Said Ahroriy (1895-1931yy.) Arabistonda tavallud topgan, Toshkentda Fayzulla Xo'jaevga «Uchqun» gazetasini chop qilish ishida yordam bergan, dunyoqarashi keng, matbaachilik tajribasiga ega, qalami o'tkir noshirlardan biri bo'lgan. SHuning uchun Fayzulla Xo'jaev uni gazeta ishini yo'lga qo'yish uchun Buxoroga taklif qilgan. Said Ahroriy gazeta uchun maqolalar tanlash, uni o'qimishli, xalq ruhiga yaqin bo'lishini ta'minlashda o'z qobiliyat va iqtidorini ayamadi. Gazeta Buxoro Respublikasi hayotining barcha jabhalarini yoritishga qaratilgan munozara va mushohadaga chorlovchi, tanqidiy tavsifdagi maqolalar e'lon qilgan. Birgina Said Ahroriynig o'zi 1920 yil 9 sentyabrdan 1921 yilning 30 iyuniga qadar «Buxoro axbori»ning turli sonlarida o'nlab maqolalar e'lon qilgan. Uning «YOshlarimizga», «Turmush yo'linda», «Harbiy ishlarimiz ham almashsun», «Inqilobimiz», «Do'stlik munosabati», «Do'stlik tiyrasida», «Vazifa boshinda», «Idoralarning tuzatilishi», «Hannotlarga (olib sotarlarga) mol berilmasun!», «Mustaqil Buxoro», «So'ngsiz qish», «Lug'at va imlo ustuni», «Dorilfununimiz qaldirg'ochlari» kabi turli janrlardagi maqolalari bosilgan. YUqoridagi maqolalarda Buxoro Respublikasi kundalik turmushining dolzarb muammolari muallif tomonidan qalamga olinadi.

    Gazetada yangi xukumatning maorif va madaniyat, san'at va adabiyot, iqtisodiyot va ijtimoiy hayot bilan bog'liq farmon. Buyruq va loyihalari, munozarali maqolalar (mubohasa ruknida) bosilgan. Ayniqsa, ilm va maorif respublikaning hayot-mamoti ekanligiga qayta-qayta murojaat qilinadi. Gazetada 1921 yil iyulidan 1922 yilning yanvarigacha (salkam olti oy) mashhur adib, istiqlol fidoiysi Abdulhamid Sulaymon o'g'li CHo'lpon muharrilik qiladi. CHo'lpon shaxsan Fitratning iltimosiga ko'ra «Buxoro axbori» gazetasining muharrirligiga taklif qilinadi. CHo'lpon Prezidentimiz yuqori minbarlardan turib, o'z nutqdarida tilga olgan «Xalq dengizdur, xalq to'lqindur, xalq kuchdur, xalq isyondur, xalq olovdur, xalq o'chdur» deb boshlanadigan mashhur she'rini ham ilk bor «Buxoro axbori» sahifalarida e'lon qilgan. Umuman, CHo'lponning sa'y-harakati bilan gazetada adabiy-publitsistik janrlarga e'tibor kuchayadi. Uning «Abdulhamid Sulaymon» tarzida ismi-sharifini yozib, 15 tacha sherlar va maqolari chop etilgan.

    «Buxoro axbori» Qori Yo'ldosh Po'latov (1890-1965 yillar) muharrirligi davrida yuqori saviyada hamda ko'proq tirajda chop etiladi. Qori Yo'ldosh Po'latov Buxoro xukumatining masu'l vazifalari: maorif noziri, mudofaa noziri, dohiliya (ichki ishlar) noziri, O'zbekiston SSR xukumatida esa moliya noziri vazifalarida ishlagan. U «Buxoro axbori»da muharrirlik qilgan davrda gazeta fotosuratlar bilan chiqa boshlagan. CHunki bevosita Q.Po'latovning tashabbusi tufayli Moskvadan sintografiya (aksilxona), Germaniyadan esa, musulmoncha harf terish mashinasi olib kelinib, zamonaviy tipografiyaga asos solingan. Q.Po'latov «Buxoro axbori»da boshqa muharrirlarga qaraganda uzoqroq faoliyat ko'rsatib, o'zi ham gazetaning bir qator sonlarida salmoqli maqolalar bilan chiqqan. Ayniqsa, uning Peterburg va Moskva (Rossiya) sayohati taasurotlari asosida yozilgan «Yo'l xotiralari» turkum maqolalari gazetaning beshta sonida to'liq bir sahifada e'lon qilingan. «Yo'l xotiralari» sovet davri tarixida XX asrning 1920 yillari haqida real xulosalar chiqarish uchun muhim manbalardan biri bo'la oladi. Insoniylik sifatida ham Q.Po'latov haqiqatgo'y va millatparvar bo'lib, O'zbekiston Respublikasi moliya vaziri lavozimida ishlagan davrida (1924-1929 yillar) o'zi uchun ajratilgan engil mashinani milliy kadrlar tayyorlash xarajatlariga sarflaganligi qabul qilingandi. Uning millatimiz madaniyati va maorifi uchun jonkuyar insonligini aynan «Buxoro axbori»ning 1922-1923 yillardagi sonlarida respublika yoshlarini xorijga (Germaniya, Turkiya, Ozarbayjon, Rossiya) o'qish uchun yuborish bilan bog'liq xabarlar va maqolalarni muttasil bosilib turilganidan ham bilsa bo'ladi. Buxoro Respublikasining xorijga o'qitish uchun talabalar yuborish bilan bog'liq ma'lumotlari gazetaning ko'pgina sonlaridan o'rin olgan. Bu maqolalardan Germaniya va Turkiyaga yuborilgan talabalar soni, ismi-sharifi, ular borib joylashgan o'quv yurtlari haqida boy ma'lumotlar olamiz. Qori Yo'ldosh Po'latov gazetaning 1922 yil 21 sentyabr` 100-sonidan 1923 yil 21 sentyabr` 204-sonigacha muharrirlik qilgan davrida uning haftalik soni va tiraji ko'payib, sifati ham oshadi. Avval oyida gazetxonlar 4-5 marta «Buxoro axbori»ni o'qisalar, 1922-1923 yillarda esa oyida 8-10 marta o'qish imkoniyatiga ega bo'ladilar. «Buxoro axbori»da Buxoro Respublikasining harbiy islohot bilan bog'liq tadbirlari, «vaqf masalasi» va u bilan bog'liq munozaralar, tashqi aloqalar, milliy havo flotini vujudga keltirish muammolari kabi yo'nalishlarda o'nlab maqolalar bosiladi.

    «Buxoro axbori» gazetasining bugungi zamonaviy ko'rinishi ya'ni «Buxoronoma» gazetasi 100 yoshga to'ldi. Bir asrni ortda qoldirgan gazetamiz ne-ne mashaqqatli va sinovli davrlarni va albatta jonkuyar, fidoyi, ma'rifatli kishilar hamda muharrirlarni ko'rdi. Bugun gazetamiz har qanday ma'lumotlarni aholimizga tez va sifatli darajada etkazib bera oladi. Bugungi gazetamizning bosma tirajidan tashqari elektron tiraji ham yo'lga qo'yilgan bo'lib, bugungi axborot asrida ham gazetamiz har qanday ma'lumotlarni va maqolarni o'z o'quvchilariga tez fursatda etkazib berishi aholimizga manzur bo'lmoqda.

    Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi Buxoro viloyat bo'limi, shahar va tuman bo'linmalari hamda «Ma'rifat» targ'ibotchilar jamiyati nomidan «Buxoronoma» gazetasi tahririyat jamoasini bugungi bayram bilan samimiy muborakbod etamiz. Ziyo tarqatishdan charchamang, doimo sog'-omon bo'ling, aziz ma'rifat fidoyilari!

    Aziz HAKIMOV,

    Ma'naviyat va ma'rifat markazi

    Buxoro shahar bo'linmasi rahbari,

    «Ma'rifat» targ'ibotchilar jamiyati a'zosi